
Superligadan "badarg‘a" bo‘ladigan omadsiz klub qaysi bo‘ladi? Mutaxassis munosabat bildirdi
Ushbu mavsumning eng omadsiz klubi kim bo‘ladi? Bu savolga hali aniq javobni topa olmadik. Yana ikkita turdan so‘ng, kimligini bilib olamiz. Ungacha turli farazlar, taxminlar bildirilishi mumkin. Pro-liga peshqadami esa Superligada 14-o‘rin egasining o‘rnini to‘ldiradi.
Aniqki, hech bir jamoa kuchlilar orasini tark etishni sira istamaydi. Elita yo‘llanmasi uchun yaxshi imkoniyatga ega bo‘lib turgan “Turon” klubining maslahatchi murabbiyi Murod Ismoilov ham o‘z klubining taqdiri va Superligani tark etadigan jamoa borasida sports.uz saytiga o‘zining fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- “Buxoro”ning imkoniyati 50x50. “Mash’al” bilan uchrashuvni Qarshida o‘tkazadi, - deya gap boshladi murabbiy. - “Andijon” jamoasida ham imkoniyat bor. Ular esa “Qo‘qon-1912”ni qabul qiladi. Lekin qo‘qonliklarni ham o‘ziga yarasha vazifalari bor ekan. O‘yin esa judda shiddatli o‘tishi aniq. O‘sha uchrashuv kuni qaysi klub ruhiy, jismoniy va taktik tomondan yaxshi tayyorlangan bo‘lsa, o‘sha yutib ketadi. Omadni ham unutmaslik kerak. Muhimi, Andijonda oddiy o‘yin bo‘lmasligi ma’lum. Superligada qolish ilinjidagi klublar oxirigacha kurashadi. Qaysidir jamoani hozirdan pro-ligaga tushib ketadi deya olmayman.
“Andijon”ga yangi murabbiy keldi. To‘g‘ri, AGMKga qarshi bahsda jamoa omadsiz o‘yinni o‘tkazdi. Undan avval esa uyida “Mash’al”ni mag‘lub etdi. To‘g‘risi, “Andijon” – “Qo‘qon-1912” o‘rtasidagi uchrashuvga qiziqish katta. Qolaversa, bu vodiy derbisi nomiga ega. Shu bilan birga “Buxoro” – “Mash’al” bahsi ham hujumkor o‘tsa kerak. Muborakliklar o‘tgan turda “Navbahor”ni yirik hisobda mag‘lub etgani sababli futbolchilarida ruhiy jihatdan ko‘tarinkilik bo‘lishi mumkin. “Buxoro” bo‘lsa, “Surxon” bilan uchrashuvda mag‘lubiyatdan qutulib qoldi. O‘ylaymanki, mazkur klublar ishtirokida o‘tkinchi o‘yinlar bo‘lmaydi.
To‘g‘ri, “Surxon” biroz oldinda. Navbatdagi turda Bekobodda “Metallurg”ga qarshi maydonga tushadi. O‘tgan turdagi mag‘lubiyat “Metallurg” jamoasiga saboq bo‘lishi mumkin. O‘ylashimcha, holatdan kelib chiqadigan bo‘lsak, “Buxoro”, “Andijon” va “Surxon”ning imkoniyatlari teng. Ammo vaziyatga real qarasak, “Andijon” bilan “Buxoro” elitada qolish uchun qolgan ikkita turda yanada yaxshiroq harakat qilishlari shart. 100 foiz emas, 200 foiz faollik ko‘rsatishi talab etiladi. Fikrimcha, ulardagi vaziyat biroz og‘irroq.
“Turon”da yaxshi imkoniyat bor. Agar “Neftchi”ni yutadigan bo‘lsak, 1-o‘rin bilan Superligaga chiqamiz. 2-o‘rin egasi Superliganing 13-jamoasi bilan pley-offda kuch sinashadi. Baribir elitada 13-o‘rinni kim egallasa ham pro-liga klubiga qaraganda kuchliroq bo‘ladi. Mabodo, “Turon” pley-offda kurashadigan bo‘lsa ham bu biz uchun juda qiziqarli uchrashuvga aylanadi. Raqib kim bo‘lishi ahamiyatsiz, baribir barchasi Superliganing havosini olgan jamoalar. Pro-ligada “Turon” yosh jamoa bo‘lishiga qaramay, etakchi klublarga qarshilik ko‘rsata oldik.
“Neftchi”ning mag‘lubiyati yoqimli syurprizmi? Har holda ularning “Dinamo”ga mag‘lub bo‘lishini kutmagandik. “Turon”ning vazifasi Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritish va bunga harakat qilamiz. Yana bir narsani aytmoqchiman, biz Superligaga chiqib o‘rtamiyona yoki tushib ketmasak bo‘ldi, qabilidagi jamoa bo‘lib qolish niyatida emasmiz. Asl maqsadimiz faqat yuqoriga intilish va bunga bosqichma-bosqich erishmoqchimiz, - dedi Ismoilov.
Fikrlar