Superligada shunday o‘yin borki, bu xuddi finalning boshlanishi

  • 3 avgust, 2024, 02:15
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Metallurg” va “Lokomotiv” uchun imtihon kabi o‘yin kutmoqda. Chunki ikkala klub birinchi davrani qanday o‘tkazganini hamma yaxshi biladi. “Metallurg” birinchi davrada g‘alaba qozonmagan yagona klub bo‘lib qoldi. “Lokomotiv” ham mavsumning birinchi qismini o‘z imkoniyati darajasida o‘tkaza olmadi. Hisobida faqat 2 ta g‘alaba bor. Shu sababli bu jamoalar uchun ikkinchi davrani g‘alaba bilan boshlash nihoyatda muhim. Superligada bu finalning boshlanishi, "Metallurg" uchun. Chunki bekobodliklar uchun endi ikkinchi davradagi har bir uchrashuv finaldek o‘tadi va buni o‘zlari ham yaxshi tushunib turibdilar.

Tecno

Birinchi davradan keyin “Metallurg”da kutilganidek jiddiy o‘zgarishlar kuzatildi. Grigoriy Kolosovskiy bosh murabbiy etib tayinlandi. Tarkib ham sezilarli darajada o‘zgartirildi, balki kuchaytirildi, desak ham bo‘ladi. Bir qator legionerlar olib kelindi. “Navbahor”dan Asad Sobirjonovning qo‘shilgani ham “Metallurg”ning o‘yinini kuchaytirishiga xizmati qilishi katta ehtimol. Qolaversa, “Buxoro”dan Davron Hoshimov “Metallurg”ga o‘tdi. Bilsangiz kerak, u ilgari “Lokomotiv”da to‘p surgan. Hoshimovning yangi jamoasidagi debyuti sobiq klubiga qarshi bo‘lib o‘tishi mumkin. Yangi kelgan legionerlarning qanday darajadaligini vaqt ko‘rsatadi.

“Lokomotiv”ga birinchi davra oxirlarida Aleksandr Krestinin bosh murabbiy etib tayinlanganini yaxshi bilasiz. Uning uchun ham ikkinchi davra juda muhim. “Temiryo‘lchilar” yozgi selektsiyada bir qator yangi o‘yinchilarni jalb qilishdi va Turkiyada shug‘ullanishdi. Xullas, ikkala klub rahbariyati jamoani kuchaytirish va yaxshi tayyorgarlik ko‘rish uchun barcha sharoit hamda imkoniyatlarni yaratib berdilar.

“Metallurg” va “Lokomotiv” jamoalari shu paytgacha chempionatda 39 ta o‘yinda bellashishdi. Katta ustunlik “Loko” tarafida. Chunki bu jamoaning hisobida 20 ta g‘alaba bor. “Metallurg” esa 6 marta raqibini yutgan. 13 ta bahsda durang kuzatilgan. To‘plar nisbati 38\66 tabiiyki “Lokomotiv” foydasiga.

Bekobodliklar mezbon sifatida “Loko”ni oxirgi bor 2018 yili mag‘lubiyatga uchratgan. O‘shanda 2:0 hisobi qayd etilgan. Bu yil birinchi davrada Toshkentdagi bellashuvda 2:2 natijasi kuzatilgandi. “Metallurg” noxush seriyaga barham bera oladimi? “Lokomotiv”ga qarshi bahs – bu Toshkent derbisi deb ham nomlanadi. Ushbu uchrashuv ancha shiddatli va sarguzashtlarga boy o‘tishi kutilmoqda.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!