
Superligada davom etayotgan sarguzashtlar
Superliganing 20-turi bizga joriy mavsumdagi mamlakat chempioni nomini rasman aniqlab berdi. Bunga ko‘ra kutilganidek «Paxtakor» klubi «mavsum-2019» g‘olibi sifatida tarixdan joy oldi. Umuman aytganda, ushbu turda ham yana bir qator qiziqarli va e’tiborga molik voqealar ham kuzatildi. Quyida shular haqida to‘xtalamiz.
«Paxtakor» - 12 karra chempion!
Aslida ham voqealar rivoji shunga qarab ketayotgandi. «Lokomotiv» bilan o‘rtadagi ochkolar farqi turdan-turga kattalashib borayotgandi. Futbolni unchalik tushunmagan inson ham turnir jadvaliga qarab «Paxtakor»ni chempion deb hisoblayotgandi ham. Shunchaki, hammasini rasmiylashtirish qolgandi xolos. Aksiga olib, «Lokomotiv» bu turda ham durang o‘ynab qo‘ydi. Natijada «Paxtakor» g‘alaba qozonsa, 1-o‘rinni muddatidan oldin o‘ziniki qilib olishi aniq bo‘lib ulgurgandi. Ustiga-ustak, «Sherlar» ushbu turda o‘zining bir qator futbolchilarini bergan «Metallurg»ga qarshi to‘p surishdi. Ochig‘i, mazkur o‘yinda «Paxtakor»ning g‘alabasiga hech kimda shubha qolmagandi. Kutilganidek, yakuniy natija «Sherlar»ning foydasiga – 1:2. O‘yindan keyin esa chempionlikni nishonlashdi va aytish kerakki, bu Shota Arveladzening murabbiylik faoliyatidagi dastlabki chempionligi hisoblanadi. Bundan tashqari, «Paxtakor» nihoyat, «Lokomotiv»ning uch yil gegemonligiga ham chek qo‘ya oldi. Oxirgi marta 2015 yili oltin medalga ega chiqqach, 2016, 2017 va 2018 yilgi mavsumlarda «Lokomotiv» chempionlikni nishonlagandi. Bunga qadar esa «Paxtakor» 1992, 1998, 2002, 2003, 2004, 2005, 2006, 2007, 2012, 2014 hamda 2015 yilgi mavsumlarda muvaffaqiyat qozongandi. Bu safargisini qo‘shib hisoblaganda esa 12-chempionlikni rasmiylashtirishdi. Bu hali hammasi emas. «Paxtakor» bunga qadar O‘zbekiston Kubogi va Liga Kubogining yarim finaliga etib kelgan va O‘zbekiston Kubogida finalga yo‘l oldi. Endi ular o‘tgan yilgidek, hal qiluvchi bahsda yana AGMK bilan kuch sinashishadi. Umuman aytganda, «Paxtakor»da mavsumni xet-trik ko‘rinishidagi muvaffaqiyatlar bilan yakunlash imkoniyati mavjud.
«Dinamo»ning «yashin tezligi»da sho‘ng‘iyotgani…
Birinchi davraning qahramonlaridan biriga aylangan «Dinamo», ikkinchi davra antiqahramonga aylanmoqda. 20-tur doirasida samarqandliklar o‘z uyida Superligada jon saqlab qolish uchun kurashayotgan «Andijon»ni qabul qildi. Birinchi davrada Andijondagi bahsda 2:2 hisobida durang o‘ynab, mag‘lubiyatsiz seriyasini davom ettirgan «Dinamo», bu safar o‘sha raqibiga o‘z maydonida yutqazib mag‘lubiyatli seriyasini davom ettirmoqda. Ikki tur oldin jamoaning muvaffaqiyatsiz o‘yinlari tufayli Samarqand viloyati hokimi «Dinamo» klubining murabbiylari va futbolchilari bilan uchrashib, ularni ruhlantirgandi va bosh murabbiy Davron Fayzievga ishonishini ta’kidlagandi. Lekin shundan keyin ham jamoa yana yutqazishda davom etyapti. Natijada Fayziev baribir iste’foga chiqdi va o‘rniga Tachmurod Agamurodov tayinlandi. Shu tariqa, samarqandliklar 8 ta o‘yindan beri faqat mag‘lubiyatga uchrab kelishmoqda. «Yashin tezligi» kabi pastga sho‘g‘nishda davom etayotgan «Dinamo» bu ketishda antirekord o‘rnatmoqchi shekilli. Ya’ni, birinchi davradagi ajoyib o‘yinlar va natijalardan keyin 18 ochko bilan 7-o‘rinni egallagandi. O‘sha paytlarda samarqandliklarning «ishtahasi karnay» edi. Ayniqsa, 13 ta o‘yinning faqat 3 tasidagina mag‘lubiyatga uchrashgandi xolos. Hozir esa vaziyat qanday? Mag‘lubiyatlari soni 10 taga etdi! Qo‘rqinchlisi shundaki, «Dinamo»ni qolgan oltita o‘yinda kimlar kutib turibdi? Safarda «Navbahor», uyda «Paxtakor», safarda «So‘g‘diyona» bilan «Metallurg», uyda «Surxon» va yana safarda «Nasaf» bilan o‘ynaydi. «Andijon» ustozi Aleksandr Xomyakov aytganidek, ligada qolish uchun kurashayotgan jamoalar orasida chindan ham «Dinamo»ning taqvimi murakkabroq ko‘rinmoqda. Xo‘sh, endi Agamurodov vaziyatni qanchalik o‘zgartira olarkin?
«Buxoro» Qarshidagi qora an’anasiga barham berdi
«Buxoro» jamoasiga ham tushunib bo‘lmaydi. Bir qarasang, o‘z uyida istalgan raqibga yutqazayotgan bo‘ladi, yana bir qarasang, mehmonda asosiy raqobatchisiga uchtalab gol urayotgan yoki «Nasaf»dek raqib maydonidan g‘alaba bilan qaytayotgan bo‘ladi. 20-turda Qarshida kechgan uchrashuvda ko‘pchilik «Buxoro»ning mag‘lubiyatini kutayotgandi. Biroq hammasi aksincha tus oldi va «Nasaf» autsayder jamoaga yutqazib qo‘ydi. Bu o‘yinning ahamiyatli jihati shunda bo‘ldiki, buxoroliklar chempionat doirasida hali biror marta Qarshida g‘alaba qozonishmagandi. To‘g‘ri, qaysidir yillarda «Nasaf» maydonida durang o‘ynashgan. Ammo g‘alabaga kelganda sira «Buxoro»ning omadi chopmasdi. Shuni hisobga olganda, bu safargi natijani balki kutilmagan holat deb baholasak ham arziydi. Bundan avvalgi safar uchrashuvida esa Samarqandda «Dinamo»ni 3:0 hisobida «yanchib» tashlagandi. Tojikistonlik bosh murabbiy Muhsin Muhammadievning oldiga «Buxoro»ni Superligada saqlab qolish vazifasi qo‘yilgan. Uning boshchiligida esa hozirga qadar 10 ta uchrashuvda ishtirok etishdi va shundan uchtasida g‘alaba qozonishdi. Lekin fakt shuki, «Buxoro» Muhammadiev qo‘l ostida Qarshidagi qora an’anasiga barham bera oldi.
«Qo‘qon-1912»ning mag‘lubiyatsiz seriyasi davom etadi
«Dinamo»dan farqli o‘laroq qo‘qonliklar ikkinchi davraga kelib «jonlanishdi». Yodingizda bo‘lsa, mavsumning dastlabki qismida ketma-ket mag‘lubiyatlar girdobiga tushib qolishgandi. Bunga esa aksariyat o‘yinlarning mehmonda o‘tkazilgani ham katta ta’sir ko‘rsatgandi, albatta. Ikkinchi davraga kelib esa kutilganidek «Qo‘qon-1912» o‘ziga keldi. Natijada beshinchi o‘yindirki, mag‘lubiyatsiz seriyasini davom ettirib kelmoqda. Ya’ni, to‘rtta g‘alaba va bitta durang qayd etdi. Shuningdek, Kubokdagi g‘alabani ham qo‘shadigan bo‘lsak, qo‘qonliklar oltita uchrashuvdan beri mag‘lubiyatsiz seriyasini davom ettirmoqdalar. Natijada yaqqol autsayderlikdan qutulib, turnir jadvalida 9-o‘ringa ko‘tarilib olishdi. Katta ehtimol bilan bu jamoa qiyin davrni engib o‘tdi va endi bemalol yuqori o‘rinlarni ko‘zlasa ham bo‘laveradi.
«Lokomotiv» safarda beshta o‘yindan beri g‘alaba qozona olmayapti
Samvel Babayan boshqaruvidagi «Lokomotiv» klubi ushbu mavsumga kelib chempionlik kamarini «Paxtakor»ga topshirdi. Endi ular egallab turgan 2-o‘rnini mustahkamlash haqida o‘ylashmoqda. Hozircha Babayan «Lokomotiv» boshqaruvida barqarorlikka erisha olayotgani yo‘q. Aynan shuning uchun ham barqaror bo‘lgan «Paxtakor» mavsum tugashiga oltita tur qolganida chempionlikni nishonladi. Shu bois «Loko» bundan buyog‘iga faqat ikkinchi o‘rnini saqlab qolish uchun kurashadi. 20-turda esa temiryo‘lchilar Qo‘qonda 1:1 hisobida durang qayd etishdi. E’tiborlisi shundaki, bu jamoa mehmondagi oxirgi beshta uchrashuvdan buyon g‘alaba qozona olmayapti. Hammasi 12-tur doirasida Samarqandda «Dinamo»ga qarshi o‘yin bilan boshlandi. O‘shanda «Loko» 1:2 hisobida yutqazdi va bosh murabbiy Andrey Fyodorov iste’foga chiqarildi. So‘ng ikkinchi davraning dastlabki turida Jizzaxda oxirgi daqiqada urilgan gol evaziga «Lokomotiv» engildi va bu Babayanning chempionat doirasida ushbu jamoa bosh murabbiyi sifatidagi dastlabki mag‘lubiyati bo‘ldi. 16-turda esa Termizda «Surxon» bilan arang 1:1 hisobida durang qayd etishdi. Shu zaylda «Bunyodkor» hamda «Qo‘qon-1912» maydonida ham o‘sha hisob kuzatildi. Qizig‘i, o‘tgan turda «Loko» o‘z uyida «Metallurg» bilan ham xuddi shu hisobda durang o‘ynaganini hisobga olsak, ular ketma-ket uchta bellashuvdan beri faqat 1:1 o‘ynashayotganiga guvoh bo‘lish mumkin.
Qoyil qoldirishda davom etayotgan «So‘g‘diyona»
«Paxtakor» singari «So‘g‘diyona» jamoasi ham hali hamon ikkinchi davrani mag‘lubiyatsiz o‘tkazib kelmoqda. Bu turda ular o‘z uyida «Navbahor»ni qabul qilishdi. Aslida maydon egalari g‘alaba qozonishlari ham mumkin edi. Ammo Nikola Milinkovich penaltidan gol ura olmadi. O‘yin esa 0:0 hisobida tugadi. Bundan oldin «Andijon»ga qarshi uchrashuvda ham «So‘g‘diyona» golsiz durang o‘ynagandi. Qizig‘i shundaki, namanganliklar Jizzaxda oxirgi bor 2006 yilgi mavsumda g‘alaba qozonishgandi. O‘shanda 0:2 hisobida muvaffaqiyatga erishishgan. Umuman olganda, jizzaxliklar ikkinchi davra boshlanganidan beri to‘rtta g‘alaba va uchta durang qayd etishdi. Jamoani boshqarayotgan Ulug‘bek Baqoev esa «So‘g‘diyona»ni Osiyo Chempionlar ligasi uchun tayyorligini aytdi. Yana bir gap: «So‘g‘diyona»ning ko‘rsatayotgan o‘yini va qayd etayotgan natijalari-yu, to‘plar nisbatidan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, ular nihoyatda ehtiyotkorlik bilan imkoni qadar barchasini aniq hisob-kitoblar yordamida amalga oshirishga harakat qilishmoqda. Buning ustiga aynan natija ular uchun eng ustivor vazifaga aylanganini o‘yinlari va hisoblardan bilib olish qiyin emas. Ayniqsa, raqibga qarab qanday o‘ynash kerakligini ular juda yaxshi bilishadi. Shuning uchun «So‘g‘diyona» ishtirokidagi uchrashuvlarda gollar shousi yoki katta hisoblar kuzatilmayapti. Masalan, ikkinchi davradan buyon ular oltita gol urishdi. Bir o‘yinda eng ko‘pi bilan ikkita to‘p kiritishmoqda. Tushunib turganingizdek, raqiblarni asosan kichik hisoblarda engishmoqda. Shu bilan birga o‘z darvozasi daxlsizligini ham munosib darajada himoya qila olishyapti. Hozircha ikkita to‘p olib chiqishdi xolos. Qolaversa, boya ta’kidlaganimizdek, chempionat boshidan beri «So‘g‘diyona» raqiblar darvozasiga ikkitadan ortiq gol urgani yo‘q. O‘z darvozasidan esa ko‘pi bilan uchta to‘p o‘tkazdi. Shuningdek, jizzaxliklar ishtirokidagi uchrashuvda yirik hisoblar ham kuzatilayotgani yo‘q. Oxirgi ikkita o‘yinning 0:0 hisoblarida tugayotgani va undan avvvalgi uchta bellashuvda bittadan gol urgani ham fikrimizga isbot bo‘la oladi. Natija uchun o‘ynayotgan Baqoev esa hozircha buning uddasidan chiqmoqda. Hozirda ularning to‘plar nisbati teng – 22 ta gol urib, 22 ta gol o‘tkazishgan. Muhimi, «So‘g‘diyona» mag‘lubiyatsiz yurishini davom ettiryapti. Oldinlari asosan ligada jon saqlab qolish uchun kurashayotgan «So‘g‘diyona»ni mana shunday darajaga olib chiqa olgani uchun Ulug‘bek Istamovichga jizzaxliklar minnatdorchilik bildirishlari kerak. Uning jamoasi kam gol uradimi yoki ko‘p gol o‘tkazadimi, muhimi u natija qilyapti. Axir qachon mavsum davomida «So‘g‘diyona»ning kuchli uchlik uchun kurashganini ko‘rgansiz?
Bilasizmi, Mirjalol Qosimovda eng ko‘p mag‘lubiyat!
Mavsum avvalida o‘z oldiga katta maqsadlarni qo‘ygan AGMK jamoasi bugungi kunga kelib 19 ochko bilan 11-o‘rinda boryapti. Uning ortida esa «Dinamo», «Buxoro» va «Qizilqum» klublari bor. AGMK esa ulardan bor-yo‘g‘i bir ochko ko‘p to‘plgan xolos. Shuni hisobga olganda, borgan sari Mirjalol Qosimov jamoasi xavfli hududga yaqinlashgan holda Superligada jon saqlab qolish uchun kurashayotgan ishtirokchilar qatoriga qo‘shilib qolmoqda. Yanada e’tiborlisi shundaki, hozirga qadar AGMK Mirjalol Qosimov boshchiligida eng ko‘p mag‘lubiyatga uchragan jamoa bo‘lib turibdi. 20 ta o‘yinning 5 tasida g‘alaba, 4 tasida durang o‘ynagan holda qolgan 11 ta bellashuvda raqiblariga yutqazgan. Hatto, undan pastki o‘rinlarda bo‘lgan – «Dinamo», «Buxoro» va «Qizilqum»da ham 11 ta mag‘lubiyat mavjud emas. Negadir AGMK jamoasi ushbu mavsumda beqaror o‘yinlari bilan ko‘proq yodimizda qolmoqda. Bu ketishda bir mavsumda ko‘p mag‘lubiyatga uchrash bo‘yicha Qosimov antirekord o‘rnatishi ham hech gap emas. Boisi, odatda uning boshqaruvida bunchalik ko‘p mag‘lubiyat qayd etilishini kuzatmasdik. Lekin bu safar vaziyat boshqacha. Ammo shunga qaramay, olmaliqliklar bu yil ham O‘zbekiston Kubogi finaliga chiqishdi. Shuning uchun Qosimovda mavsumni sovrin bilan yakunlash imkoniyati mavjud.
Cheranning bir o‘zi «Buxoro», «Dinamo», «Qizilqum» va «Andijon»dan ko‘p gol urgan
«Paxtakor»ning serbiyalik hujumchisi Dragan Cheran uchun mavsum ajoyib ruhda o‘tmoqda. Ayni paytda u 22 ta gol bilan eng yaxshi to‘purar bo‘lib turibdi. Yaqin ta’qibchilari – Humoyun Murtazoev bilan Zafar Polvonovda esa 11 ta gol bor. Shuning uchun Cheran katta ehtimol bilan joriy mavsumda to‘purarlik maqomini o‘zida saqlab qoladi. Qizig‘i, ayrim jamoalarning shu kungacha kiritgan umumiy gollari birgina Cheranning kiritgan 22 ta goliga ham teng kelmaydi. Masalan, hozirgacha eng oz gol urgan jamoa – «Buxoro» bo‘lib turibdi. Ular 20 ta uchrashuvda raqiblar darvozasiga faqatgina 14 ta to‘p kirita olishgan xolos. «Andijon» bilan «Qizilqum» esa 18 ta gol urgan. «Dinamo» klubining hisobida esa 20 ta gol bor. Cheranning birgina o‘zi esa mazkur to‘rttala klubdan ko‘ra ko‘p gol urgani e’tiborga molik. Shuningdek, «Navbahor», «Metallurg», «So‘g‘diyona» hamda «Surxon» klublari Cheran bilan teng ravishda – 22 ta gol urishgan. Hali mavsum tugashiga yana oltita tur qolganini hisobga olsak, Draganda yana gollari sonini oshirish imkoniyati katta.
Fikrlar
Бу йилги чемпионатимиз менимча энг мазмунсиз, интригасиз, ракобатсиз чемпионат булиб, Пахтакор гегемонлигида утган нурсиз чемпионат булиб тарихда колади.
Халкаро майдондаги курсатган шармандали натижаларга шу чемпионатимиздаги кузатилаётган нурсиз (улик) томошабинсиз, хеч кимга кизиги йук учрашувларни кундан-кунга сони ортиб бориши сабаб эмасмикан ??
Агар хакикатга тик боксак хатто Ахмаджонов даврида хам сал булса хам интрига, ракобат хозиргидан анча яхши эди, хакамлар хам хато килишдан(айникса очикдан-очик) чучиб туришарди. УФА эшиклари хам хамма учун доимо очик ва шаффофрок эди.
Хозир назаримда УФА ва мухлислар уртасидаги масофа тобора узоклашаётгандек, ШАФОФФЛИК ни
хам буй-басти анча кичкиналашдек гуё.