
Sports.uzda navbatdagi eksklyuziv suhbat! Ispaniyalik mutaxassis: "Shomurodov Evropaning kuchli hujumchilaridan biriga aylana oladi, O‘zbekistonga dunyoning etakchi ligalarida tajriba to‘plagan murabbiy munosib"
Xorijlik tajribali mutaxassislar bilan eksklyuziv suhbatlarimizni davom ettiramiz. Bu safar ispaniyalik mutaxassis Xerard Nus Sports.uz uchun qimmatli vaqtini ajrata oldi.
Uning murabbiylik faoliyati bir muncha qiziqarli va serqirra kechayotganini ko‘rish mumkin. U endi 36 yoshda bo‘lishiga qaramay, o‘zini yoshligidan faol murabbiylik faoliyatiga bag‘ishlagan. Nus Angliya premer-ligasi orqali murabbiylik hayotini boshlagan. Ayniqsa, “Liverpul” hamda “Brayton” klublarida olib borgan faoliyati e’tiborga molik. Shuningdek, Ispaniya La Ligasida “Rayo Valekano” bilan “Elche”da ham murabbiylik qilgan. 2014 va 2017 yillar davomida esa u Gana milliy terma jamoasida ham faoliyat ko‘rsatdi. Shuningdek, Janubiy Koreyaning “Chonnam Dragons”, Avstraliyaning “Melburn”, Qozog‘istonning “Irtish”, Shveytsiyaning “Eskilstuna” va oxirgi ish joyi Hindistonning “Nort-Ist Yunayted” jamoasi bo‘ldi.
Xerard Nus hozirgi zamonaviy murabbiylar toifasiga kiradi. Uning shaxsiy veb-sayti ham borligini aytmoqchimiz. U dunyo futbolidagi barcha o‘zgarish va yangiliklarga e’tiborlidir. Xorijda Xerard Nusga “professor” degan nom berishgan.
Unga o‘zimizni tanishtirgach, Sports.uz uchun suhbatlashish niyatimiz borligini aytganimizda ispaniyalik mutaxassis taklifimizga ijobiy javob qaytardi. Chunki evropalik mutaxassislarning futbolimiz haqida qanday tushunchaga ega ekanligi va ularning maslahatlari biz uchun doimo qiziq.
- Janob Nus, birinchi navbatda sizga sihat-salomatlik tilayman. Shu o‘rinda bizning Sports.uz sayti o‘quvchilari uchun muloqot qilishga rozi bo‘lganingizdan minnatdormiz. Biz sizning faoliyatingiz bilan yaxshi tanishmiz. Shunday bo‘lsa-da, o‘zbek muxlislariga o‘zingiz haqingizda gapirib bersangiz...
- Men hujumkor futbolni va jamoalarni eng yuqori darajada o‘ynashga undaydigan ispaniyalik murabbiyman. Mening murabbiylik tajribam doim shuni ta’kidlaydiki, hamma vaqt futbolchilardan o‘zlarining eng kuchli o‘yinlarini maydonda ko‘rsatib berishlarini talab qilaman. Men ishlagan barcha klublar o‘zlarining ko‘zga yaqin va muxlislarga yoqib tushadigan alohida o‘yin uslublari bilan ajralib turadilar. Bunday o‘yinni kuzatish esa tomoshabinga zavq bag‘ishlaydi. O‘ylaymanki, shu narsa futbolchilardagi g‘oliblik ruhiyatini va mentalitetini shakllantirishda juda muhim rol o‘ynaydi. Chunki futbolchi o‘zi qilayotgan ishdan va o‘yindan qoniqish hosil qilishi hamda rivojlanayotganini his qilishi kerak. Buni muhim jihat deb hisoblayman. Xerard Nus – bu muxlislar bilishi kerakki, Evropa miqyosidagi bir qator nomdor jamoalarda ishlagan mutaxassis. Angliya premer-ligasida “Brayton” va “Liverpul”da ishlaganman. Ispaniya La Ligasining ikkita klubi – “Rayo-Valekano” hamda “Elche”da ham faoliyat olib borganman. Shuningdek, Hindiston, Gana, Qozog‘iston, Janubiy Koreya, Shvetsiya, Avstraliya va AQShda mehnat qilganman. Mening xalqaro miqyosidagi tajribam bugungi kundagi natijalarga erishishimga katta sabab bo‘lgan.
- Ha, biz ham sizni dunyo ko‘rgan murabbiy deyishimiz mumkin. Bundan chiqdi, sizga turli qit’alarda ishlash va sarguzashtlarga boy faoliyat yoqadimi?
- Qachonki, murabbiylik faoliyatimni boshlaganimda bu qadar ko‘p davlatlarda yashashga va ishlashga muvaffaq bo‘laman, deb o‘ylamagandim. Lekin sizga rostini aytadigan bo‘lsam, hayotimda hech qachon yangi chaqiruvlardan qo‘rqmayman. Men bu sportni juda yaxshi ko‘raman. Shunday ekan, murabbiy sifatida har doim o‘sishni xohlayman. Uzoq yillik ijobiy faoliyatim, ko‘plab mamlakatlarga borganim, ularning urf-odatlari, madaniyati va hayot tarzi bilan yaqindan tanishganim uchun shunchaki hayotdan minnatdorman. Futbol odamlarni birlashtiradigan va sizga dunyoni tanitadigan hayotimizdagi ajoyib bir jihat. Mening murabbiy sifatidagi dunyo bo‘ylab sayohatim ham shunga mos ravishda qoyilmaqom bo‘lyapti. Shu bois hayotim bundan boshqacha usulda davom etishini xohlamagan bo‘lardim. Chunki hozirgi hayotim meni to‘liq qoniqtiradi.
- Qozog‘iston chempionatida ishlaganingizni hisobga olsak, menimcha, ehtimol o‘zbek futboli haqida oz bo‘lsa ham, ma’lumotlarga ega bo‘lsangiz kerak?!
- Qozog‘istondagi faoliyatim va tajriba orttirishim juda ajoyib bo‘lgandi. Biz yaxshi jamoa shakllantira olgandik. Raqobatbardosh hamda shiddatli futbol ko‘rsatadigan klubni tuzishga erishganimizni aytishim mumkin. Biz hamisha to‘pni o‘zimizda saqlashni va o‘yinni nazorat qilishni yaxshi ko‘rardik, qaysi kuchli jamoaga qarshi o‘ynashimizdan qat’iy nazar. Endi o‘zbek futboliga kelsam, bu futboli rivojlanayotganlardan biri. O‘zbek futbolining yanada yuqoriroq o‘sishi uchun imkoniyati va shart-sharoiti bor. Muxlislaringiz esa juda ajoyib. Sizlar sportga juda yaxshi e’tibor berasizlar va qayg‘urasizlar. O‘ylaymanki, bu sportdagi eng muhim jihat. Siz to‘g‘ri yo‘ldan ketayotganingizni muxlislar fikri va mulohazalaridan bilib olishingiz mumkin bo‘ladi.
- O‘zbekiston terma jamoasi yoki klublari ishtirokidagi o‘yinlarni kuzatganmisiz?
- Ha, men ko‘plab davlatlar futbolini tomosha qilishni yaxshi ko‘raman. Chunki keyingi manzilim qaer bo‘lishini va menga qanday imkoniyatlar taqdim etilishini oldindan bilmayman. O‘zbekiston esa juda katta potentsialga ega bo‘lgan va iqtidorli futbolchilarga boy davlat.
- Yaqinda yakuniga etgan "EVRO-2020" musobaqasi qanday taassurot qoldirdi?
- Shubha yo‘qki, Evropada ajoyib milliy jamoalar yig‘ilgan. Har birining o‘ziga xos tarixi mavjud. Yaqinda "Evro-2020"ni tomosha qildik. Ko‘rdikki, har bir jamoa murabbiyning to‘g‘ri ko‘rsatmalarini amalga oshirsa hamda muxlislarning qo‘llab-quvvatlashi bilan katta o‘zgarishlar hosil qila oladi.
- O‘zingiz aytganingizdek, “Liverpul”da ishlagansiz. Adashmasam, fitnes-murabbiy sifatida faoliyat ko‘rsatgansiz. Bu klub siz uchun dunyoning eng yaxshi jamoasimi?
- “Liverpul” doim mening yuragimda boshqacha o‘rin tutadi. Unga bergan mehrimni boshqalari bilan taqqoslay olmayman. Dunyodagi katta klublardan biri. Bu klubda ishlaganimdan xursand bo‘lganman va o‘shanda o‘z ishimdan rohatlanganman. Biz o‘ziga xos esda qoladigan tarix yarata olgandik. “Liverpul”ning muxlislari esa ajoyib. Ular doim menga va oilamga g‘amxo‘rlik qilishgan. Shu bois, bizni hamisha qadrlab kelganlar.
- Faoliyatingiz davomida qaysi taniqli murabbiy va futbolchilar bilan ishlagansiz? Ularning orasida do‘stlaringiz kimlar?
- To‘g‘risini aytadigan bo‘lsam, faoliyatim davomida uchratgan har bir inson menga katta yordam bergan, ularni yaxshi jihatdan eslab qolganman, deb o‘ylayman. Eng mashhurlar haqida gapiradigan bo‘lsam, Rafael Benites, Avraam Grant, Gustavo Poyet singari mutaxassislar bilan ishlaganman va ular bilan hamkorlik qilish menga katta zavq bergan. Yana bir qator mashhur futbolchilar bilan ham ishlashga muvaffaq bo‘lganman. Bular – Stiven Jerrard, Fernando Torres, Xabi Alonso, Andre Ayyu, Xarri Kyuel yoki Asamoa Gyan kabi futbolchilar bilan ishlaganimni hamon yaxshi eslayman. Ularni yaqindan kuzatish, faoliyatida ma’lum bir kichik rolni o‘ynaganim men uchun juda katta baxt. Bu xotiralarimni ardoqlayman.
- O‘zbekistonga sayohat qilishni rejalashtirganmisiz?
- Sayohat qilishni va yangi madaniyatlar bilan tanishishni yoqtiraman. Agar yaxshi taklif va imkoniyat bo‘lib qolsa, albatta nima uchun O‘zbekistonga bormasligim kerak? O‘zbekistonga albatta borgan va uning turli joylarini tomosha qilgan bo‘lardim.
- Eshitgan bo‘lsangiz, hamyurtimiz Eldor Shomurodov “Roma” klubiga o‘tish arafasida. Uni Joze Mourino qo‘li ostida nima kutyapti, deb o‘ylaysiz?
- Shomurodov “Jenoa”da yaxshi mavsumni o‘tkazdi. U kuchli hujumchi. To‘pni o‘zida yaxshi ushlab tura oladi va shunga yarasha gollar ham uradi. O‘ylaymanki, Shomurodovda Evropadagi eng kuchli hujumchilardan biriga aylanish uchun potentsial bor.
- Shuningdek, yana bir masalada fikringizni bilmoqchiman. Ayni paytda O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiysiz qolgan. Sizningcha, biz o‘z maqsadimizga erishish uchun nomi chiqqan, narxi baland murabbiyni olib kelganimiz ma’qulmi yoki kamtarona ishtiyoqmand mutaxassisni tavsiya qilasizmi?
- Mening fikrimcha, eng yaxshi nomzod – bu haqiqatan qayg‘urib ishlaydigan hamda o‘z kasbini jonidan ham ortiq yaxshi ko‘radigan inson bo‘lishi kerak. Maqsad, g‘oya, energiya, ya’ni, kuch-quvvat, qattiq mehnat – mana shunday xususiyatlarga ega bo‘lgan murabbiy O‘zbekiston roliga mos keladi. Bunday go‘zal mamlakatga hamma narsani bera oladigan murabbiy zarur. O‘zbek muxlislariga eng yaxshisi kerak. Bunga faqat ko‘p mehnat qilishga tayyor hamda bor kuchi bilan ishlaydigan murabbiy munosib. Menimcha, futbolchilarga dunyoning eng yaxshi ligalaridagi (La Liga, premer-liga) tajribaga ega bo‘lgan va shu bilan birga ishtiyoqi kuchli murabbiy bo‘lsa yanada yaxshi. Bu mamlakatning salohiyati juda katta. Yangi keladigan murabbiy esa albatta bundan to‘g‘ri foydalana olishi muhim.
Fikrlar