
SPORTS.uz'da jahon chempionati kundaligi (19-son)
Qatarda jahon chempionati davom etmoqda. SPORTS.uz sayti ijodkorlari ushbu mundial kundaligini taqdim etadi.
Argentina vitse-chempion Xorvatiyani yirik hisobda mag‘lub etdi. E’tiborlisi, argentinaliklar yarim finallarda umuman yutqazmayapti. Modrich bosh egik, Messi esa rekordlar qayd etgan holda maydonni tark etdi.
Jahon chempionati yarim finalining ilk o‘yinida Argentina va Xorvatiya terma jamoalari maydonda saf tortdi. Qiziqarli kechgan to‘qnashuvda janubiy amerikaliklar yirik 3:0 hisobida zafar quchdi.
"Kumushrang o‘lka" vakillarining ilk goli 34-daqiqada Lionel Messi tomonidan urildi. U penaltidan unumli foydalanib, jamoasini hisobda oldinga olib chiqdi. Oradan 5 daqiqa o‘tib, endi Xulian Alvares o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ydi. Hujumchi jarima maydoniga yorib kirdi va birin-ketin himoyachilardan o‘tib, to‘pni to‘rga yo‘lladi.
Bahsdagi so‘nggi gol 69-daqiqada yana o‘sha Alvares tomonidan kiritildi. U jamoadoshi Messining ideal uzatmasidan so‘ng to‘pni darvozaga joylab qo‘ydi. Bu gol o‘yinga nuqta qo‘ydi, qolgan 20 daqiqada Xorvatiya kambek qilishga qurbi etmadi.
Ushbu muvaffaqiyat jahon chempionatlarining yarim finalidagi eng yirik "quruq" g‘alaba hisoblanadi. Bu faqatgina Argentinaning o‘zi uchun emas, balki barcha jamoalar orasida. Albatta, jahon chempionatining yarim finali ham nemislarning braziliyaliklar ustidan 7:1 hisobida g‘alaba qozonishi kabi aql bovar qilmaydigan natijalarni bergan, ammo ta’kidlaymizki, bu "quruq" g‘alaba emas.
Messi penaltidan kiritgan goli evaziga Argentina terma jamoasi tarixida mundiallardagi eng yaxshi to‘purarga aylanib oldi. Qolaversa, u mazkur turnirdagi beshinchi golini urish orqali PSJdagi jamoadoshi Kilian Mbappeni gol + pas tizimida quvib o‘tdi. Kilian Qatarda davom etayotgan jahon chempionatida 5 ta gol va 2 ta assist muallifiga aylangan. Lionel Messi hozircha gol + pas tizimida 8 ochko ishlagan (5 ta gol, 3 ta assist).
Alvares 2010 yilgi JChda ishtirok etgan Iguaindan keyin mundiallarda Argentina safida 3 tadan ortiq gol urgan birinchi futbolchi bo‘ldi. Faqatgina Messi ulardan ko‘proq to‘p kiritgan.
Messi JCh o‘yinlarining bittasida ham gol, ham assist qayd etgan ilk futbolchi hisoblanadi. U mazkur natijani naq 4 uchrashuvda amalga oshirdi.
Argentina terma jamoasi yarim finallarda umuman mag‘lubiyatga uchramagan. Terma o‘z tarixida 4 marta bu bosqichda qatnashgan va ularning barchasida zafar quchgan.
Xorvatiya XXI asrda 0:2 hisobida yutqaza turib, g‘alaba qozona olmagan. Mazkur noxush an’anaga bu safar ham chek qo‘yilmadi.
Mundiallar yarim finalida faqat 3 o‘yinchi dubl muallifiga aylangan. 2014 yilda Toni Kroos va Andre Shyurrle, joriy yilgi musobaqada esa Xulian Alvares shunday ko‘rsatkich egasi bo‘ldi.
Finalda Argentina jamoasi Frantsiya hamda Marokash terma jamoalari o‘rtasidagi g‘olib bilan kuch sinashadi. Hal qiluvchi o‘yin 18 dekabrga belgilangan. 3-o‘rin uchun bahs esa 17 dekabr kuni bo‘lib o‘tadi. Ikki bellashuv ham Toshkent vaqti bilan 20:00da boshlanadi. Bugungi Frantsiya - Marokash o‘rtasidagi ikkinchi yarim final esa 00:00da start oladi.
Fikrlar