
SPORTS.uz talqiniga ko‘ra, top-5 chempionatlarda hafta ramziy terma jamoasi
Bosh murabbiy: Ralf Xazenxyutl (“Sautgempton”)
Nemis mutaxassisi bilan “Sautgempton” yanada katta marralarni zabt etishni maqsad qilgani aniq. Xazenxyutl tizimli ishlarni amalga oshirish uchun jamoaga olib kelingan. Undan birdaniga yuksak natijalar kutishmaydi. Unga o‘z o‘yinini qurish uchun etarlicha salohiyatli futbolchilarni olib berishmoqda. Jamoaning o‘zida ham APL grandlari e’tiborini o‘ziga qaratib kelayotgan bir qator futbolchilar mavjud. Ushbu klubning o‘ziga xos xususiyati va qaysidir ma’noda ustun tarafi o‘ta qari va yosh futbolchilardan iborat emasligida. Jamoada balans bor.
Balki, shu orqali ham ular turnir jadvali peshqadami “Everton”ni ishonchli hisobda taslim etishga erishgandir.
Darvozabon: Kasper Shmeyxel (“Lester”)
“Lester” joriy mavsumda ham evrokuboklar uchun kurasha olishiga ishonchimiz komil. Sababi, Brenden Rojers shogirdlari o‘rtamiyona raqiblarga qarshi bellashuvlarda ancha kam ochko yo‘qotishadi. “Arsenal”ga qarshi o‘yindagi kabi katta jamoalardan ochko tortib olish holatlari ham ancha ko‘p.
“Emireyts”da kechgan bahsda daniyalik kiper naqd 4 ta vaziyatda darvozasini muqarrar goldan qutqarib qoldi va “quruq o‘yin” qayd etdi.
Chap qanot himoyachisi: Ben Devis (“Tottenxem”)
“Tottenxem” APLda ochko qo‘lga kiritishga qiynalmoqda. Gollar soni ko‘p bo‘lgani bilan, ular ochkolar soniga u qadar ijobiy ko‘rinish bera olmayapti. Devisni himoyadagi harakatlari uchun emas, hujumlar uyushtirishdagi faolligi sabab ramziy terma jamoaga loyiq ko‘rdik. Ochig‘i, “Byornli” hujumga juda ko‘p o‘tmadi va uelslik himoyachiga mudofaada ko‘p muammo tug‘dirilmadi.
Markaziy himoyachi: Manuel Akanji (“Borussiya” Dortmund)
“Shalke”ning g‘alabasiz seriyasi haqidagi hikoyalar makonlarga bo‘ysunmayapti. Gilzenkirxenliklar Chempionlar Ligasi yarim finalida o‘ynaganiga ushbu yilda 10 yil to‘ladi, xolos. Yodingizdami, o‘sha jamoaning “Inter”ga qarshi ko‘rsatgan qahramonliklari?! Bu albatta, boshqa tarix.
Yakuniga etgan hafta so‘ngida dortmundliklar raqiblariga hech qanday imkon qoldirmadi. Kiritilgan 3 ta golning 2 tasi markaziy himoya vakillari tomonidan kiritildi va ulardan birini e’tirof etmaslik adolatdan bo‘lmasdi.
Markaziy himoyachi: Serxio Ramos (“Real”)
“El-klasiko”ga arang ulgurgan Ramos uning qahramoniga aylandi. Penaltidan uriladigan gollar allaqachon yangilik emas. Biroq, u va Kazemiro Messin tom ma’noda yopib qo‘ya oldi. “Real”da “el-kapitano”ning qaytishi barobarida yuzaga kelgan quvnoq kayfiyat yakunda ularga katta g‘alabani taqdim etdi.
O‘ng qanot himoyachisi: Danilo Dambrozio (“Inter”)
“Nerradzurilar” “Jenoa”ga qarshi bellashuvni o‘ta xotirjam o‘tkazishdi. Sababi, genuyaliklarda rosmana inqiroz davom etmoqda. Shomurodovning o‘yinga qo‘shilishi ancha kech amalga oshirildi, chamamda. Lukakuning goli orqali yanada xotirjam o‘yin ko‘rsata boshlagan milanliklar ko‘p o‘tmay ikkinchi golni urdi. Bu gal gol muallifi tinib-tinchimas Dambrozio bo‘lgan edi.
Markaziy yarim himoyachi: Yakup Yankto (“Sampdoriya”)
“Sampdoriya” Italiyaning katta nomga ega klublari qatorini doim bezab kelgan. So‘nggi yillarda jamoa o‘yinida pasayish yuzaga kelgani bilan, ularning o‘zlariga yarasha yuqori saviyali futbolchilari mavjud. Kvalyarella so‘nggi 2 yilda “Oltin butsa” uchun kurash olib bordi.
“Atalanta” ustidan qozonilgan g‘alaba mavsumdagi ilk hayratlanarli hisob emas. Bir tur avval “Latsio” ham yirik hisobda taslim etildi. Bir necha kun avval bergamoliklarni mag‘lub etishda chexiyalik xavbekning o‘rni beqiyos: gol+pas.
Markaziy yarim himoyachi: Gaetano Kastrovilli (“Fiorentina”)
O‘z o‘rnida amalga oshirilgan bir nechta xaridlarga qaramay, Kezaning jamoani tark etishi natijalarga ta’sir ko‘rsatyapti. “Udineze”ga o‘z uyida mag‘lubiyatga uchrashiga bir bahya qolgan florentsiyaliklarni mag‘lubiyatdan markaziy yarim himoya vakili Gaetano Kastrovillining goli qutqarib qoldi. Milenkovichga uzatgan golli uzatmasi esa jamoasiga juda muhim 3 ochkoni taqdim etdi.
Chap qanot vingeri: Karl Toko-Ekambi (“Lion”)
Toko-Ekambining asl pozitsiyasi markaziy hujumchi. Ammo bugungi “Lion”da u Memfis Depay soyasida qanotda harakat qilishga majbur. Har holda, Rudi Garsiya “sherlar” taktikasini tuzib chiqar ekan, kamerunlik forvardni chap qanot vingeri sifatida qayd etgan. 28 yoshli futbolchi “Monako”ga qarshi kechgan markaziy bellashuvda yirik g‘alaba qo‘lga kiritilishiga sababchi bo‘ldi: dubl orqali jamoasi muvaffaqiyatiga katta hissa qo‘shdi.
O‘ng qanot vingeri: Uilfrid Zaa (“Kritsal Pelas”)
Zaaning ham holatini yuqorida so‘z yuritganimiz Serxio Ramosnikiga o‘xshatishimiz mumkin. Chunki, o‘yin boshlanishiga 1 soat qolgan bir paytda ham futbol muxlislari uning maydonga tushishi haqida ma’lumotga ega emasdilar. Bir tur avval uning kichik jarohat orttirib olganligi haqidagi xabarlar OAVda tarqalgandi.
U esa maydonga tushdi va kichik London derbisida jamoasiga g‘alaba taqdim etdi.
Markaziy hujumchi: Patrik Bemford (“Lids”)
Chempionshipda g‘olib bo‘lib, APLga chiqib kelgan Belsa shogirdlari yuqori divizionda ham o‘z so‘zini ayta olyapti. Bir qator futbolchilari allaqachon muxlislar nazariga tushib ulgurdi.
Faoliyatining asosiy qismini “Chelsi” futbolchisi sifatida boshqa klublarda ijarada o‘tkazgan Bemford uchun joriy mavsum starti juda omadli keldi. Bu kabi jamoalarda dastavval mana shunday to‘purarlar chiqib turishi APLda odat tusiga kirgan: Ostin, Uloa, Pukki va hokazo. Umid qilamizki, faoliyatining katta qismini “Chelsi” futbolchisi sifatida boshqa klublarda ijarada o‘tkazgan ingliz forvardi barqaror o‘yin namoyish eta oladi.
E’tiborlisi, u yakuniga etgan haftada mag‘lubiyatsiz kelayotgan “Aston Villa” darvozasiga xet-trik qayd etdi.
Markaziy hujumchi: Robert Levandovski (“Bavariya”)
Myunxenliklar o‘z uyida Frankfurtdan kelgan raqiblariga “mehmondorchilik” uyushtirib berdi. Bosh oshpaz rolida Robert Levandovski. Uning navbatdagi xet-trigini kutib olishingiz mumkin. Ammo negadir polshalik hujumchi Chempionlar Ligasida gol urishga qiynalmoqda.
“Bavariya”ning chempionlik masalasi esa bu kabi jamoalarga qarshi o‘yinda emas, aynan “Borussiya” bilan kechadigan uchrashuvda hal bo‘ladiganga o‘xshaydi.
Abdulvosid Valixonov tayyorladi
Fikrlar