"So‘g‘diyona" u erda xursandchilik qila olmayapti...

  • 30 sentabr, 2023, 11:46
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Superliganing 20-turi Navoiydagi o‘yin bilan yakuniga etadi. U erda maydon egalari “Qizilqum” Jizzaxning “So‘g‘diyona”sini qabul qiladi. Ushbu uchrashuvga jamoalar turnir jadvalida qaysi o‘rinda etib kelganligini bilsangiz kerak-a? Mezbon jamoa - “Qizilqum” 14 ochko bilan 13-pog‘onada, “So‘g‘diyona” 23 ochko bilan 10-pog‘onani band etib turibdi. Ligada jon saqlab qolish uchun jon-jahdi bilan kurashayotgan navoiyliklar bu turda uch ochkoni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ysa, jadvalda bir pog‘ona yuqorilaydi.

Tecno

O‘tgan turda navoiyliklar Superligada nihoyat yangi bosh murabbiy Jamshid Saidov boshchiligidagi ilk g‘alabasini qo‘lga kiritishdi. Toshkentda “Surxon”ga qarshi bahsda 2:1 hisobidagi qimmatli g‘alabani nishonladilar. “So‘g‘diyona” ham o‘tgan turni g‘alaba bilan tamomlashga yaqin kelgandi. O‘z maydonida “Paxtakor” bilan bo‘lib o‘tgan o‘yinda maydon egalari 1:0 hisobida oldinda borayotgandilar. Oxirgi daqiqalarda penalti orqali jizzaxliklar gol o‘tkazishdi va durang bilan kifoyalandilar.

“So‘g‘diyona” bosh murabbiylikka Ivan Boshkovichni olib kelganidan keyin yaxshi tomonga o‘zgardi. Bu jamoa o‘yinida ham, natijalarida ham bilinyapti. Shuning uchun yaqinda jizzaxliklar Boshkovich bilan amaldagi shartnomani uzaytirdilar. “Qizilqum”ni boshqarayotgan Jamshid Saidov oldiga esa klubni Superligada saqlab qolish vazifasi qo‘yilgan. Bu yo‘lda Saidov va uning jamoasi uchun har bir uchrashuv finalga teng.

Joriy chempionatning birinchi davrasidagi bahsda “So‘g‘diyona” 1:0 hisobida raqibidan ustun kelgan. O‘zaro o‘yinlar tarixi bo‘yicha jamoalar chempionat doirasida 41 bor ro‘baro kelganlar. “Qizilqum”ning hisobida 18 ta g‘alaba bor. Bu borada “So‘g‘diyona” 10 o‘yinda muvaffaqiyat qozonganini aytishimiz mumkin. 13 ta uchrashuvda jamoalarning kuchlari teng kelib qolgan. To‘plar nisbati 55\39 “Qizilqum”ning foydasiga.

Bilasizmi, “So‘g‘diyona” Navoiydagi o‘yinlarning 8 tasida durang natija bilan qaytgan. Lekin shu paytgacha jizzaxliklar “Qizilqum” maydonida g‘alaba qozonishning uddasidan chiqa olmay kelmoqda. Demakki, Navoiyda “Qizilqum”ga qarshi o‘ynash “So‘g‘diyona” uchun noqulay hisoblanadi.

G‘alabadan boshqasi o‘ylamayotgan “Qizilqum” qanday bo‘lmasin “So‘g‘diyona”ning qarshiligini engishi shart. Bunday qiziqarli to‘qnashuvda hamma narsani kutsa bo‘ladi.

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Olim
30/09/2023 13:06
Sõğdiyonaga OMAD!