
Shukurov "Kayserispor"da zaxiraga "mixlandi"mi?
Qishki transferlar oynasida "Fotih Karagyumruk" bilan xayrlashib, "Kayserispor"ga ko‘chib o‘tgan Otabek Shukurov Turkiya chempionatining 29-turidan o‘rin olgan "Hatayspor"ga qarshi bahsda zaxirada qoldirilib, 76-daqiqada maydonga tushirildi. Yarim himoyachi ushbu o‘yinda 7 martagina to‘pga tegindi. Shu bilan birga, 3 ta aniq pas bergan.
Shukurov ketma-ket to‘rtinchi marta uchrashuvni zaxiradan boshlamoqda. Bundan oldin futbolchi "Istanbul Beshekshehir", "Ankaraguchu" jamoalari bilan bo‘lib o‘tgan bahslarda boshlang‘ich tarkibdan joy ololmadi. Bu statistikani ko‘rgan odamda Otabekning asosiy tarkib uchun kurashda mag‘lub bo‘ldi, degan taxmin paydo bo‘lishi mumkin. Ammo holat boshqacharoq.
Ma’lum bo‘lishicha, Shukurov 2-3 hafta oldin kichik jarohat olgan. Shu sababli, murabbiylar shtabi uni kamroq maydonga tushiryapti, ya’ni terma jamoamizning muhim futbolchilaridan birini safdan chiqishining oldi olinmoqda.
Shuni ham ta’kidlash kerak, "Kayserispor" tarkibida Otabekning pozitsiyasida harakat qilayotgan yaxshi nomlar mavjud. Shulardan bir Kartal Yilmaz. Turkiyalik yarim himoyachi "Beshiktosh"dan ijaraga olingan bo‘lib, o‘yin amaliyoti ko‘proq berilishi uchun kayseriliklar safiga o‘tgandi. Jamoani Burak Yilmaz qabul qilib olganidan beri Kartal bironta uchrashuvda zaxirada qolgani yo‘q.
Shukurovning keyingi asosiy raqobatchisi Mehdi Burabiyadir. 32 yoshli marokashlik qishki transferlar oynasida klub tarkibiga qo‘shildi va barcha o‘yinni asosiy tarkibda boshladi. Shuningdek, so‘nggi tur "Hatayspor"ga qarshi bahsda muhim golni ham urdi.
Bu ikki futbolchidan tashqari hamyurtimiz Eron a’zosi Ali Karimi bilan ham boshlang‘ich tarkib uchun kurash olib borishi kerak. "Kayserispor" esa turnir jadvalida 13-o‘rinda bormoqda. Jamoa Evrokuboklarga yo‘llanma olishdan ko‘ra ko‘proq ligada qolish uchun kurashayotgandek. Oldinda esa kayseriliklarni "Alanyaspor"ga qarshi bahs kutmoqda. Balki mazkur to‘qnashuvda Shukurovga imkon berilar.
Fikrlar