
Shuhrat Maqsudov "Bunyodkor"ning yozgi yig‘ini qanday o‘tayotgani, tarkibdagi o‘zgarishlar va qaysi pozitsiyani kuchaytirayotgani haqida
Toshkentning “Bunyodkor” klubi ham ayni chog‘da yozgi yig‘inini olib boryapti. Har doim o‘z oldiga yuksak maqsadlarni qo‘yib keladigan ushbu jamoaning ikkinchi davradan umidi katta. Chunki birinchi davrada yo‘qotilgan ochkolar o‘rnini qoplash zarur.
“Bunyodkor” klubi musobaqa jadvalida 12 ta uchrashuvda 5 ta g‘alaba, 3 ta durang va 4 ta mag‘lubiyat qayd etib, 18 ochko jamg‘arib, 6-o‘rinni egallab turibdi. Shu sababli ikkinchi davraga yanada jiddiyroq tayyorgarlik olib borilyapti. Bu borada jamoa bosh murabbiyi Shuhrat Maqsudov sports.uz muxbiriga fikr va mulohazalarini bildirdi.
Yozgi yig‘in xususida
- Avvalambor, Qurbon hayit bayrami munosabati bilan barcha yurtdoshlarimizni chin ko‘nglimdan tabriklayman. Shu qatori ommaviy axborot vositalari xodimlarini ham mazkur bayram bilan muborakbod etaman. Pandemiya tezroq yurtimizdan daf bo‘lsin va yana osuda hayot kechirish nasib qilsin. Endi asosiy masalaga kelsak, biz “Surxon”ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvdan keyin jamoamiz a’zolarini qisqa muddatli ta’tilga chiqargandik. Ta’tildan qaytganimizdan so‘ng, tog‘li hududlardan birida shug‘ullanish istagimiz bor edi. Lekin oxirgi paytlarda pandemiya kuchayib ketayotganini hisobga olgan holda vaziyatni har tomonlama taroziga solib ko‘rdik. Biz yig‘inga ozchilik bilan emas, balki 35 kishilik katta delegatsiya bilan chiqishimizga to‘g‘ri kelardi. Baribir hammani oilasi, bola-chaqasi bor. Yakunda barchasini o‘ylab ko‘rgan holda “Bunyodkor” qarorgohida tayyorgarlik ko‘rishga qaror qildik. “Bunyodkor”dagi sharoitlar baribir hamma joyda ham mavjud emas. Natijada boriga shukr qilib, o‘zimizda tayyorgarlikni boshlab yuborganmiz. Aytishim mumkinki, mashg‘ulotlarimizni ko‘tarinki ruhda o‘tkazishga harakat qilyapmiz. Futbolchilarimizning kayfiyati ham yaxshi. Bunday deyayotganimning sababi shuki, jamoamiz yana “O‘zbekneftgaz” aktsiyadorlik jamiyatiga qaytadigan bo‘lyapti. Xabaringiz bo‘lsa, orada “Bunyodkor” hokimiyatga o‘tadi, degan gap-co‘zlar bo‘ldi va biroz tushunmovchilik bo‘lib qolgandi. Bungacha homiyimiz Mehriddin Razzoqovich Abdullaev o‘zlari jamoamizga bosh-qosh bo‘lib, futbolchilarimizning kayfiyatini ko‘tarib kelayotgandi. Eshitishimizga qaraganda, jamoamiz yana “O‘zbekneftgaz”ga qaytdi. Albatta, bundan xursandmiz. Bundan keyin ham muxlislarimizni o‘zimizning ajoyib o‘yinlarimiz bilan xursand qilishga harakat qilamiz. “Bunyodkor” doim xalq uchun chiroyli o‘yin ko‘rsatishga intiladi.
Mashg‘ulotlarda e’tibor nimaga qaratilyapti?
- Yozgi yig‘inimizni boshlashimizdan avval birinchi navbatda barchamiz tibbiy ko‘rikdan o‘tdik. “Covid-19” uchun ham test topshirdik. Xudoga shukr, testning natijasiga ko‘ra, hamma sog‘-salomat o‘tdi. Shundan keyin kuniga ikki mahaldan mashg‘ulotlarni boshlab yubordik. Endilikda mashg‘ulotlarni bir mahaldan o‘tkazyapmiz. Xabaringiz bor, 31 iyul kuni chempionat doirasida “Paxtakor”ga qarshi maydonga tushamiz. Tayyorgarlik yaxshi ketyapti. Ertalabki mashg‘ulotimizda jismoniy yuklamalarga e’tibor qaratdik. Kechki mashg‘ulotimizda esa asosan to‘p bilan ishlashga yondashyapmiz.
Nazorat uchrashuvlari haqida
- Yig‘inimiz boshlangach, kuniga ikki mahaldan mashg‘ulotlarni o‘tkazgach, kecha yoshlar jamoamiz bilan o‘yin o‘tkazishga qaror qildik. Bu biz uchun yaxshi o‘yin bo‘ldi. Qolaversa, nima uchun yoshlar jamoamiz bilan o‘ynaganimizning sababi shuki, shu bahonada o‘zimizdagi iqtidorli yoshlarimizning imkoniyatlarini ham yana bir bor ko‘rib oldim. Ushbu uchrashuv har tomonlama foydali bo‘ldi, deb o‘ylayman. Bunga qadar yoshlar tarkibimizda o‘zim uchun 50x50 bilib yurgan yoshlarimizni endi to‘liq imkoniyatlarini bilib oldim. Endi navbatdagi uchrashuvlarimiz 21 hamda 24 iyul kunlariga mo‘ljallangan. Avvaliga pro-liga vakili –“Xorazm” bilan o‘ynaymiz. Keyin Qirg‘izistonning “Alay” klubiga qarshi maydonga tushamiz.
Tarkibda qanday o‘zgarishlar bor?
- Asosiy e’tiborimiz baribir birinchi davradagi yigitlarimizga qaratilyapti. Yuqorida aytib o‘tganimizdek, jamoamiz homiysi aniq bo‘lyapti. Yig‘inimiz boshidan kimnidir chaqirishga imkoniyatimiz yo‘q edi. Chunki kimnidir taklif qilsak, uni nimaga asoslanib chaqirishimizni bilishimiz va o‘zi bilan albatta suhbatlashishimiz kerak bo‘ladi. Shu bois biz deyarli chetdan hech kimni chaqirganimiz yo‘q. Asosan o‘zimizni yoshlarimizga tayanyapmiz. Birinchi davrada himoyamizda ayrim muammolar ko‘zga tashlanib qolgandi. Shuning uchun “Navbahor”dan Farhod Mirahmatovni taklif qildik. Bundan tashqari, pro-ligada to‘p surgan yana bir iqtidoli futbolchini ham ko‘rikdan o‘tkazyapmiz. Imkon qadar himoyani kuchaytirishga harakat qilyapmiz. Hozircha Sunnat Abdullajonovga javob berdik. Sababi uning pozitsiyasida o‘ynayotgan o‘yinchilar etarli bo‘lgani uchun bu futbolchini himoyada sinab ko‘rayotgandik. Abdullajonov bilan ikki tomonlama kelishgan holda do‘stona xayrlashdik.
Ikkinchi davra borasida
- Har bir murabbiy o‘z jamoasini avvalambor yaxshi o‘yinlarini va g‘alabalarini kutadi, xuddi muxlislar singari. Men murabbiy sifatida va o‘zim ham futbolchi bo‘lganim uchun bu sport turini yaxshi tushunaman. Futbolda hamma vaqt jamoangiz yutavermaydi. Unda albatta g‘alaba bilan mag‘lubiyat yonma-yon yuradi. Buni to‘g‘ri tushunaman. Albatta, jamoamdan har bir uchrashuvda chiroyli o‘yin bilan birga g‘alaba kutaman. Asosiy niyatimiz, ishqibozlarimiz, rahbarlarimiz va homiylarimizni xursand qilish.
Fikrlar