
"Shu yoshga kirib bunday holatni birinchi marta ko‘rishim, "Bunyodkor"ni hurmat qilmasa ham PFLni hurmat qilish kerak" - Shuhrat Maqsudov ishtirokida matbuot anjumani
Superliganing 16-tur doirasida “Andijon” – “Bunyodkor” (1:4) o‘rtasidagi o‘yindan keyin mehmonlar bosh murabbiyi Shuhrat Maqsudov matbuot anjumanida qatnashdi.
- Avvalambor, o‘z nomimdan va “Bunyodkor” klubi nomidan mustaqilligimizning 30 yillik bayrami bilan O‘zbekiston xalqini chin qalbimdan tabriklayman. O‘yin haqida gapirishdan avval bizni iliq kutib olgani uchun “Andijon” klubi rahbari Jur’atbekka minnatdorchilik bildiraman.
Kechagi mashg‘ulotda tushunmovchilik bo‘ldi. Shu yoshga kirib bunday holatni birinchi marta ko‘rishim, boshqa joyda bo‘lmagan bo‘lsa kerak. Mashg‘ulotimiz boshlanishi bilan stadionga “Andijon” jamoasi ham kirib keldi. Maydonda ikkita jamoa shug‘ullandi. Bundan juda ham hayratda qoldim. Mashg‘ulotimizni oxirigacha etkazmasdan to‘xtatdim. Odatda, mehmonni hurmat qilish kerak, bu erda nimaga bunday bo‘ldi, bilmayman. Har xolda PFLni qonun-qoidalari bor. “Bunyodkor”ni hurmat qilmasa ham hech bo‘lmasa PFLni hurmat qilish kerak, deb o‘ylayman. Xullas, kecha mashg‘ulotimizni oxirigacha etkazmasdan chiqib ketdik.
“Andijon” jamoasi o‘yinga tayyorgarlik jarayonida barcha sharoitlarni yaratibdi. Albatta, doimgidek futbolchilarimga katta rahmat. Maydonda mehnat qilishdi va ko‘rsatmalarimizni to‘liq bajarishdi.
- Jamoada yoshlar ko‘p. Ular bilan tarbiyaviy ishlar olib boriladimi?
- Menimcha, eng tarbiyali ishlar “Bunyodkor”da olib boriladi.
- Farruh Ikromov gol urgach, yaxshi ish qilmadi, tribunaga qarab...
- Farruhni yoshligidan bilaman. “Bunyodkor” xalq uchun o‘ynaydigan jamoa. Kechirasizu, o‘sha vaziyatda yomon holatni ko‘rmadim. Muxlislar noto‘g‘ri tushunishgan bo‘lsa, Farruh nomidan uzr so‘rayman. Yomon ish qilgani yo‘q.
- “Andijon”ni Superligada qolish imkoniyatini qanday baholaysiz?
- Qiyin savol berdingiz. Bu – futbol, bu – o‘yin. “Andijon” chiroyli javob golini urdi. Ularning safidagi oltita o‘yinchi bizning tarbiyalanuvchilarimiz. Ijaraga berganmiz. Jamoa bemalol qolishi mumkin. Hamma jamoada imkon bor. Keyingi o‘yinlarda “Andijon”ga omad tilayman.
Fikrlar