
Shomurodovga kutilmagan xaridor chiqdi, lekin...
Eldor Shomurodovning joriy mavsumda ham “Roma”dagi ishlari yurishmayapti. Qadrdon ustozi Klaudio Raneri hujumchimizga imkon bermay qo‘ydi.
Rim klubi hujum chizig‘ida o‘yinchi etishmasligiga qaramay, mana ketma-ket ikkinchi uchrashuvda ham 29 yoshli forvard zaxirada qoldirildi. Raneri boshqa o‘yinchilarga imkon berishni ma’qul ko‘rmoqda.
“Roma” mutasaddilari boshqa markaziy hujumchi olishni maqsad qilgan. Bu transfer katta ehtimol bilan yanvarda amalga oshiriladi. O‘z o‘rnida, klub Eldor Shomurodovni boshqa jamoaga o‘tkazib yuborishga harakat qilmoqda.
Daniele De Rossi bosh murabbiylik qilgan davrda amaldagi kelishuvi 2026 yilning 30 iyunida tugaydigan Eldor Shomurodovga yangi shartnoma taklif qilinishi borasidagi tashabbuslar klub rahbariyati tomonidan qo‘llab-quvvatlanmadi va bu mavzu o‘z-o‘zidan yopilib ketdi.
Legionerimiz “Roma”ga o‘tganidan beri har transfer oynasi davrida unga turli jamoalardan chorlov bo‘ladi. Bu gal ham yanvarda Eldorga og‘iz soladigan klublar topilishiga shubha yo‘q. Zotan, hozirning o‘zida dastlabki da’vogar paydo bo‘ldi.
O‘tgan mavsum yakunlariga ko‘ra Italiya chempionatining yuqori divizionini tark etgan “Salernitana” bu yil B seriyada kurash olib bormoqda. Salernoliklarning quyi divizionda ham ishlari yurishayotgani yo‘q.
Jamoa 16-turdan keyin 17 ochko bilan musobaqa jadvalining 16-pog‘onasiga tushib qolgan va bu xavfli hudud hisoblanadi. “Salernita”ning hozirgi holatida jamoa uchun A Seriyaga qaytish emas, yanada quyilab ketmaslik uchun V Seriyadagi joyini saqlab qolish muhim ahamiyat kasb etadi.
Italiya futbolini yoritib kelayotgan manbalardan biri – tuttocagliari.net nashrining yozishicha, “Salernitana” rahbariyati tarkibni kuchaytirish maqsadida taqdiri “Kalyari” bilan kesishgan uch nafar tajribali hujumchidan birini o‘z safiga qo‘shib olmoqchi.
Manbaga ko‘ra, salernoliklar o‘tgan mavsum ijara asosida “Kalyari”da o‘ynab, jamoaning yuqori divizionda qolishiga hissa qo‘shgan Eldor Shomurodovni yanvarda o‘z safiga qo‘shib olishga harakat qilmoqda.
Bundan tashqari, TuttoSalernitana nashri “Salernitana” o‘tgan mavsum Eldor bilan birga o‘ynagan Janluka Lapadula va Leonardo Pavolettini ham nishonga olgan. Bu ikki forvardning “Kalyari”da ishlari kutilganidek ketmayapti. Bu mavsum ular to‘qqiztadan uchrashuvda ishtirok etgan bo‘lsa-da, hali gollar hisobini ochgani yo‘q va ichki raqobatda Zitu Luvumbu hamda Roberto Pikkoliga imkoniyatni boy beryapti.
Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, Eldor Shomurodov “Roma”da zaxirada qolib ketayotgan bo‘lsa-da, katta ehtimol bilan B Seriyada qolish uchun kurashayotgan jamoaga o‘tmaydi. Avvallari kuzatilganidek, Shomurodovga A Seriyaning o‘zidan xaridor chiqishi haqiqatga yaqin. Zero, yaqinda yuqori divizion debyutanti “Komo” o‘zbek futbolchisini olishga qiziqish bildirgan edi.
Demak, qishki transferlar vaqtida Eldor Shomurodov faoliyatida o‘zgarish bo‘lishi mumkin. Legionerimiz atrofidagi vaziyatni kuzatishda davom etamiz.
Fayzullaev haqida yana bir yaxshi xabar!
Husanov “Tottenxem”ga o‘tib ketmasin! Superklub Abduqodirga taklif beradigan bo‘ldi
Kim tezkor: Shomurodov yoki Dibala? (foto)
Fikrlar