Shahzod Ubaydullaev: "Shaxtyor"da murabbiy negadir meni qabul qilgisi kelmadi. Yangi jamoada esa asosiy e’tibor bizga qaratilgan"

  • 15 iyul, 2021, 22:24
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Bugun “Shaxtyor”dagi hamyurtimiz Shahzod Ubaydullaevning rasman “Energetik-BGU” klubi a’zosiga aylangani tasdiqlandi. Bungacha ham futbolchi yangi jamoasi mashg‘ulotlarida ishtirok etib kelayotgandi va u bilan doimiy aloqada bo‘lgan holda shartnoma tuzishini kutayotgandik.

Tecno

Afsuski, Ubaydullaevga “Shaxtyor” jamoasida etarlicha e’tibor va imkoniyat taqdim etilmadi. Shuning uchun hamyurtimiz u erda o‘zini ko‘rsata olmadi. Lekin Shahzod sira tushkunlikka tushgani yo‘q. Endi u asosiy e’tiborini “Energetik-BGU”ga qaratgan.

Bu erda hujum chizig‘ida Bobur Abduxoliqov bilan ajoyib tandem bo‘lishi kutilmoqda. Ubaydullaev shartnomaga imzo chekkanidan keyin sports.uz saytiga intervyu berdi.  

- “Energetik-BGU” klubi a’zosiga aylanganingiz bilan tabriklaymiz. Mazkur klub safiga o‘tishingizda asosiy turtki bo‘lgan holat nima bo‘ldi?

- Bilasizmi, aslida qishdayoq “Energetik-BGU” jamoasiga ijaraga ketishim kerak edi. Ammo o‘shanda “Shaxtyor” rahbarlari meni qo‘yib yuborishmagan. Mana, bu safar ushbu klubga o‘tishim amalga oshdi.

ubaydullaev2_1

- “Shaxtyor”ga ko‘chib o‘tgan paytingizda siz bilan gaplashgandik. Ushbu jamoa orqali tezroq Evropaning kuchliroq chempionatlaridan biriga ketish niyatim bor, deb aytgandingiz. Keyin negadir siz bilan bog‘liq voqealar rivoji o‘zgarib ketdi. Xo‘sh, nima bo‘ldi? Vaholanki, qishki yig‘inda to‘purarlik salohiyatingizni ko‘rsatgandingiz...

- O‘zim ham bilmadim. U erda menga imkon berishmadi. To‘g‘ri aytyapsiz, qishki yig‘in paytida o‘rtoqlik uchrashuvlarida har doim maydonga tushirishganida gol urayotgandim. To‘g‘risini aytsam, murabbiy meni nimagadir chiqishtirmadi.

- “Shaxtyor”da sizga bo‘lgan e’tibor va munosabatdan keyin o‘zingiz ketishni o‘ylab qoldingizmi yoki klub siz bilan xayrlashishni xohladimi?

- Bilasizmi, rosti, qishdayoq ketishni xohlab qolgandim. Chunki o‘sha mahalda chempionat boshlanishi yaqinlashib qolgandi. Faqat mavsum boshlanayotgan paytda meni o‘ynatmasligini bilib qoldim. Shuning uchun “Shaxtyor”dan ketishim kerak edi. Yodingizda bo‘lsa, o‘sha mahalda ommaviy axborot vositalarida meni “Energetik-BGU” klubiga o‘tdi, degan xabarlar chiqqandi. Keyin esa jamoa rahbarlari meni u erga qo‘yib yuborishni xohlamadilar.

ubaydullaev4_1

- O‘zi “Shaxtyor”dagi muhitni tasvirlab bera olasizmi?

- Muhit yaxshi edi. Bilmadim, nimagadir murabbiy meni qabul qilgisi kelmadi.

- Oldingizda yana qayday takliflar bor edi? Belarusdan boshqa mamlakatga ham ketishingiz mumkinmidi?

- 2-3 ta davlatdan taklif kelib tushdi. Lekin u erlarga borgim kelmadi. Evropada o‘ynashni xohladim.

- “Energetik-BGU”da Jasur Yaxshiboev bilan Shahboz Umarov yaxshi taassurot qoldirgan. Sizlardan ham yaxshi natija kutishayotgani sir emas. Umuman aytganda, klubning vazifasi qanday?

- Jamoamizning o‘z oldiga qo‘ygan maqsadi kuchli uchlikka kirish. “Energetik-BGU”da jamoa zo‘r shakllangan. Aksariyati o‘zimiz tengi futbolchilar. Klub murabbiylari ham o‘zining ishini ustalari. Ular bizga katta ishonch bilan qaramoqdalar. Xudo xohlasa, bizga bildirilayotgan ishonchni oqlaymiz. Albatta, jamoada Yaxshiboev bilan Umarovni eslab turishadi. Bu futbolchilarni juda hurmat qilishlarini bildik.

ubaydullaev3

- Yangi klubingizda raqobat qanday? Bobur Abduxoliqov ikkalangizga asosiy hujumchi sifatida qaralyaptimi?

- Hozirgi paytda asosiy e’tibor bizga – men bilan Boburga qaratilgan. Yangi mavsum uchun ko‘rilayotgan mashg‘ulot jarayonlarida bizni yangi pozitsiyaga tayyorlashyapti. Ya’ni, qanot hujumida o‘ynatishmoqchi. Bir so‘z bilan aytsam, murabbiy Bobur ikkimizdan juda ko‘p narsa kutyapti.

- Tuzilgan shartnoma va qaysi raqamni tanlaganingiz haqida aytib o‘tsangiz...

- Biz bu klubga ijaraga keldik, “Shaxtyor”dan olti oy muddatga. Yangi klubda 9-raqamni tanladim. Bu dadamni yaxshi ko‘rgan raqami va dadam ham futbolchilik davrida 9-raqam ostida to‘p surgan.

- “Shaxtyor”ga qarshi o‘yinni sabrsizlik bilan kutyapsizmi? Ularga o‘zingizni isbotlamoqchimisiz va gol ursangiz maroq bilan nishonlasangiz kerak-a?

- Agar Xudo xohlasa, “Shaxtyor”ga qarshi o‘ynasam, g‘alabani va golni nishonlash niyatim bor. O‘zimni isbotlashim kerak va shunga harakat qilaman.  

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Эшалиев Шавкат
16/07/2021 09:03
Шаҳзод ва Бобурга омад ёр бўлсин, уларнини ўйинини қизиқиш билан кузатамиз