
Shahram G‘iyosov, Hasanboy Do‘smatov va boshqa bokschilarimiz ishtirok etadigan jahon chempionatida sovrindorlar qanchadan pul ishlab olishi ma’lum (Foto)
Joriy yilning 24 oktyabr – 6 noyabr kunlari Serbiyaning Belgrad shahrida boks bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib o‘tadi. Ushbu jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi to‘liq tarkib bilan ishtirok etadi.
Har ikki yilda bir marotaba tashkil etiladigan musobaqaga hamyurtlarimiz astoydil tayyorgarlik ko‘rishmoqda. E’tiborlisi, terma jamoamizning bu tarkibiga Rio olimpiadasi vitse-chempioni, 2017 yil Germaniyada o‘tkazilgan jahon chempionati g‘olibi Shahram G‘iyosov (-71 kg) va Olimpiya chempioni Hasanboy Do‘smatov (-51 kg) ham kiritilgan.
Shuningdek, terma jamoaning asosiy tarkibidan Nodirjon Mirzahmedov (-48 kg), Shahobiddin Zoirov (-54 kg), Mirazizbek Mirzaxalilov (-57 kg), Abdumalik Xalokov (-60 kg), Mujibullo Tursunov (-63,5 kg), Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jaev (-67 kg), Saidjamshid Jafarov (-75 kg), Odiljon Aslonov (-80 kg), Shohjahon Abdullaev (-86 kg), Madiyor Saidrahimov (-92 kg), Lazizbek Mullajonov (+91 kg) joy oldi.
Bokschilarimiz bosh murabbiy Marat Qurbonov rahbarligida mashg‘ulotlar olib bormoqda.
AIBA rasmiy saytida ma’lumotlar chop etildi. Unga ko‘ra dunyo birinchiligida 105 davlatdan 650 bokschi 13 vazn toifasida ishtirok etadi. Oltin medalni qo‘lga kiritgan bokschi 100 ming AQSh dollarini qo‘lga kiritadi. Kumush medali sohibi 50 ming AQSh dollarini va bronza medal egasi 25 ming AQSh dollari bilan mukofotlanadi.
Eslatib o‘tamiz, 2019 yilda tashkil etilgan so‘nggi jahon chempionatida hamyurtlarimiz 3 ta oltin, bitta kumush va bitta bronza medallarini qo‘lga kiritgan holda umumjamoa hisobida 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan edi.
Fikrlar