Sanjar Qodirqulov: "Neftchi" bilan chempion bo‘lmoqchiman!"

  • 26 dekabr, 2023, 00:56
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Farg‘onaning “Neftchi” klubi selektsida yaxshi olib boryapti. Shu kungacha bir qator o‘yinchilar bilan shartnomalar imzolandi va bu jarayon davom etmoqda.

Tecno

Yaqinda “Neftchi” a’zosiga aylangan Sanjar Qodirqulov ham ishqibozlarga juda yaxshi tanish. Iqtidorli yarim himoyachi “Neftchi”ning o‘yinini kuchaytirishi kutilyapti. Futbolchi esa klub matbuot xizmatiga intervyu berdi.

- Avvalambor, Sanjar sizni jamoa a’zosiga aylanganingiz bilan tabriklayman!

- Tabrigingiz uchun rahmat. Men ham O‘zbekistonning besh karra chempioni bo‘lgan jamoa a’zosiga aylanganimdan juda ham xursandman!

- "Neftchi" klubiga o‘tishingiz haqida so‘zlab bersangiz?

- O‘tgan mavsumda O‘zbekiston Pro ligasi vakili "Lokomotiv" sharafini himoya qildim. Oldimizga esa Superligaga qaytish vazifasi qo‘yilgan edi. Bu rejani amalga oshirgach, yakunlangan mavsumdan so‘ng "Neftchi" jamoasi vakillari menga aloqaga chiqishdi va ular bilan ko‘rishdim. Aniq maqsad va rejalar haqida gaplashib olganimizdan so‘ng mening "Neftchi"ga o‘tishim oydinlashdi.

- Jamoaga moslashish jarayoni qanday kechmoqda?

- Jamoaga moslashish juda yaxshi o‘tdi. Chunki klub tarkibidagi ko‘plab futbolchilar bilan avval ham yo‘llarimiz kesishgan. Misol uchun, Anvar G‘ofurov va Sharof Muhitdinovlar bilan turli yoshdagi terma jamoalarimizda birga o‘ynaganmiz. Bundan tashqari, Diyor Turopov va G‘ulom-Haydar G‘ulomov bilan ham  ilgari birga to‘p surganmiz. Eng asosiysi, shuni tushunib etdimki, klubda hamma bir-birlari bilan juda ahil va bir oiladek ekan. Shu holat menga manzur bo‘ldi.

- Xabaringiz bor, "Neftchi" Superliganing o‘tgan mavsumida  ancha kuchli o‘yin ko‘rsatdi. Shu xususida nima deya olasiz?

- Albatta, imkoni boricha "Neftchi"ning o‘yinlarini kuzatib bordim. Aytib o‘tish joiz, ancha tartibli va tomoshabop o‘yinlarning guvohiga aylandim. Bundan tashqari, murabbiy falsafasi jamoa o‘yinlarida yaqqol sezildi. Futbolchilar maydonda murabbiy ko‘rsatmalarini aniq bajara olishga erishdilar. Ushbu omillar jamoani yuqori o‘rinlarda va uzoq vaqt mag‘lubiyatsiz yurishini ta’minladi. Shuningdek, O‘zPFL saytida yuqori o‘rinlarni egallagan besh jamoa ichida o‘zaro uchrashuvlardagi ko‘rsatkichi bejizga emasligi yaqqol ko‘rindi. Shu asnoda, Vitaliy Grigorevich bejizga o‘tgan mavsumning eng yaxshi uch murabbiyi qatorida ko‘rilgani yo‘q. O‘tgan mavsumda haqiqatan ham bosh murabbiy taktik jihatdan ancha kuchli ko‘rinish oldi. 

- Yig‘inlar davom etmoqda, mashg‘ulotlar haqida fikrlaringizni bilsak.

- Qishda mashg‘ulotlar qiyinroq o‘tishi tabiiy hol. Lekin ushbu mashg‘ulotlar orqali yangi mavsumga puxta tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz.

sanjar1_1

- Qachonlardir "Neftchi" jamoasi tarkibida o‘ynash haqida o‘ylaganmisiz?

- Azaldan Farg‘onada futbolni juda sevishadi. Adashmasam, "Istiqlol" stadionidagi o‘yinlarga bu yil har bir o‘yinda o‘rtacha 12000 dan oshiq muxlislar tashrif buyurishdi. Hozirgi kunda respublikamizda bu a’lo darajadagi ko‘rsatkich hisoblanadi. Men qachondir stadioni muxlislar bilan to‘lib-toshgan jamoada o‘ynash istagida edim va bu narsa Xudo xohlasa Farg‘onada ro‘yobga chiqishi mumkin. Holbuki, "Neftchi" juda katta tarixga ega bo‘lgan klub. Men ham ushbu jamoaning bir bo‘lagiga aylanganim albatta yoqimli holat. Shuni aniq ayta olamanki, "Neftchi"da chempionlik ruhiyati mavjud. 

- Tanlash imkoni berilganda qaysi raqamda harakat qilar edingiz?

- Imkoni bo‘lsa, o‘zimga qadrli 17-raqamda harakat qilgan bo‘lar edim.

- Jamoa tarkibida yangi mavsum uchun qanday maqsad qo‘ydingiz?

- Nasib qilsa, chempion bo‘lmoqchiman! Bu albatta yaxshi niyatlarimdan biridir. 

- Farg‘onalik muxlislar haqida fikrlaringiz va tilaklaringiz?

- Farg‘onalik muxlislar bilan hali tanishib ulgurganim yo‘q. Xabarim bor, o‘tgan mavsumda "Neftchi" muxlislari Farg‘onada ham, safar uchrashuvlarida ham  jamoani ajoyib tarzda qo‘llab-quvvatlab turishdi. Buni TV orqali kuzatganimda ularning  hayqiriqlari eshitilib turar edi. Shunday ashaddiy va jonkuyar muxlislarni kelasi mavsumda g‘alabalar orqali xushnud qilishga harakat qilamiz.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!