Samvel Babayan - Xitoydan nega ketgani, "Navbahor" hamda "Paxtakor" bilan bog‘liq gap-so‘zlar, yangi rejalar va boshqa mavzularda katta intervyu berdi

  • 15 yanvar, 2021, 18:21
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Anchadan beri Samvel Babayan bilan suhbatlashishni rejalashtirib yurgandik. Ayniqsa, Xitoyda tuppa-tuzuk ishlab turgan joyidan ketganidan so‘ng, u bilan mazkur masala yuzasidan suhbat uyushtirish ishtiyoqimiz yanada ortgandi.

Tecno

Bu borada o‘zi bilan aloqada bo‘lib, taklifimizni etkazganimizda, biroz vaqt o‘tgach, albatta intervyu berishga va’da bergan. Nihoyat, kuni kecha Samvel Babayan o‘z va’dasiga muvofiq suhbatlashish uchun sports.uz muxbiriga vaqt ajratdi.  

- Samvel Vyacheslavovich, Xitoydagi olib borgan faoliyatingiz u erdan ketishingizga sabab bo‘ladigan darajada yuz bermadi. Holbuki, natijalar yaxshi edi. Nima sababdan ketishga qaror qildingiz?

- Avvalambor barcha vatandoshlarimizni kirib kelgan yangi yil bilan tabriklamoqchiman. Kirib kelgan yilda hammaga baxt-saodat, sog‘lik va barcha o‘ylagan yaxshi niyatlariga erishish nasib qilsin! O‘tgan yili chempionatga tayyorgarlik 2019 yilning 1 dekabrdan boshlandi. Biz dekabr oyining ilk sanalaridan Xitoyga uchib borishimizga to‘g‘ri keldi. Shuning barobarida qisqa fursatlar oralig‘ida jamoaning o‘yinini yo‘lga qo‘yish ustida ish boshladik. “Chanchun Yatay”da ilgari amal qilib kelingan tamoyillarni ham bir chetga surmagan holda ish olib bordik. Klub falsafasiga tayangan holda katta ko‘lamdagi ishlarni amalga oshirdik, deb o‘ylayman. Bularning bari pandemiya sharoitida olib borilgani ham ishimizni bir muncha murakkablashtirib yubordi. Hammasi Xitoydan boshlanganini barcha biladi. Biz, qolaversa bu paytga kelib Xitoyda ish boshlaganimiz sababli koronavirusning naqadar xavfli kasallik ekanligidan bilvosita va bevosita xabardor bo‘lib turdik. Bu kasallik nafaqat butun mamlakat, balki butun insoniyat uchun xavfli ekanligini endi hamma biladi. Albatta, yuzaga kelgan sharoit ishimizga xalaqit bermasdan qolmadi. Buni quyidagi misol orqali ham bilib olish mumkinki, Antaliyaga katta qiyinchilik bilan etib bordik. U erda qator testlardan o‘tdik. Chunki barcha infektsiya Xitoydan tarqalgani bois ishonchsizlik yuqori edi. Ammo Xitoy qudratli davlat sanalishini yana bir bor isbotlab berdi. Xitoyda hokimiyat, iqtisodiyot, sog‘liqni saqlash – bu barcha ishlar juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Xitoyni dunyodagi boshqa davlatlar uchun bemalol namuna sifatida ko‘rsatish mumkin. Chunki Xitoy kasallikni tezda jilovlashga muvaffiq bo‘ldi. Kasallikning o‘chog‘i bir qancha mintaqalarda aniqlangan bo‘lsa ham ular hammasini nazorat ostiga ola bildilar. Shunday bo‘lsa-da, biz ko‘p narsadan cheklangandik. Ustiga-ustak yig‘in atigi 10 kun davom etdi xolos.

babayan12

Bizga chempionatning bir necha oydan keyin boshlanishini aytishgandi, o‘shanda. Ammo birinchilik faqat sentyabr oyiga borib (!) boshlandi. Shu sabab istasak-istamasak, jamoadagilarni ruhlantirish uchun sabablarni topishimiz kerak edi. Tayyorgarlik dasturini bir boshdan qayta ko‘rib chiqish, futbolchilarni ruhlantirish juda zarur vazifaga aylangandi. Vaqt bu qadar cho‘zilib ketgan mahalda jamoadagi ishchi muhitni bir maromda saqlash haddan tashqari murakkab ishdir. Bu barcha jabhada – funktsional va emotsional tarafdan ham og‘ir kechdi. Aytishim kerakki, shunday sharoitda ishlaganimizga qaramay, biz jangovor jamoani shakllantira oldik. Asosiysi, klub Superligaga chiqdi. Men Xitoydagi faoliyatim davomida akademiyada ham, jamoa skautlar bo‘limida olib borilayotgan ishlarga ham vaqt ajrata oldim. Biz selektsiya ishlari bilan ham shug‘ullanishni unutib qo‘ymadik. Bizga qadar klubda ishlaganlar o‘z falsafalaridan kelib chiqqan holda yo‘l tutgandilar. Jamoa amal qilib keladigan o‘yin tamoyillari asosiy va o‘rinbosarlardan tortib to akademiyadagi klublarga qadar yo‘lga qo‘yilgandi. Bizda vaqt ko‘p bo‘lgani uchun ham bolalar jamoalaridan tortib asosiy klubga qadar bo‘lgan ishlarga e’tibor qaratdim. Ayniqsa, akademiyaga ko‘proq vaqt ajratishimga to‘g‘ri keldi. Biz jamoaga xitoylik 5-6 nafar futbolchilarni jalb etdik. Shuningdek, uch nafar legioner taklif qilindi. Ular o‘z navbatida jamoani kuchaytirdilar. Bir so‘z bilan aytganda, klubda olib borgan ishimdan uyalishimga hojat yo‘q.

babayan9

Men O‘zbekiston sha’nini munosib himoya qilishga harakat qildim. Boz ustiga Xitoyga O‘zbekistondan kelgan dastlabki murabbiy bo‘lganim uchun bu menga ikki hissa mas’uliyat yukladi. Garchi men boshqargan jamoa birinchi liga ishtirokchisi sanalgan bo‘lsa-da, yurtim sha’niga dog‘ tushirmaslikni asosiy maqsad qilgandim. Jamoa juda kuchli infratuzilmaga ega. Buni quyidagi bir misol yordamida ham ko‘rish mumkin. Klub mashq o‘tkazishi uchun baza bir necha oy ichida qurib bitkazildi va buning uchun 100 million dollar sarflandi. Shuni alohida ta’kidlashim joizki, bu jahondagi eng yaxshi bazalardan biri sanaladi. Hatto Xitoyning o‘zida mana shunday bazani uchratmaysiz. “Shanxay SIPG”, “Beyjing Goan”, “Guanchjou Evergrand” singari etakchi klublar ham mana shunday bazaga egalik qilishlari mumkinligini aytib maqtana olmaydilar. Aktsioner klub rivoji uchun juda katta mablag‘ sarflaydi. Chunki u futbolni juda yaxshi ko‘radi. U erda hammasini zo‘r holatga keltira olgan. Men ish jarayonida asosiy aktsioner bilan ko‘p gaplashdim. Biz klubni rivojlantirish yo‘lida ko‘p suhbatlashdik. Chempionat ham boshlandi. Aytishim kerakki, bu paytga kelib jamoa ancha yaxshi darajaga etgandi. To‘g‘ri, biz dastlabki o‘yinda raqibdan ko‘p jabhada ustunlik qilgan bo‘lsak-da, vaziyat taqozosiga ko‘ra yutqazdik. Keyin ikki bor durang o‘ynadik. So‘ngra, juda muhim o‘yinda 4:1 hisobida g‘alaba qozonib, oxir-oqibat birinchi o‘ringa ko‘tarilib oldik.

babayan10

Biz birgalikda rahbariyat bilan qaror qabul qildik. Bu ikki tomonlama obdon muhokama qilingan qaror bo‘lganligini aytmog‘im darkor. Ya’ni, biz o‘rtadagi shartnomani bekor qildik. Albatta, nega degan o‘rinli savol tug‘ilmasdan qolmaydi. Axir biror-bir murabbiy ixtiyoridagi jamoa bilan musobaqa jadvalida birinchi o‘ringa ko‘tarilishga erishgan bo‘lsa bu erdan hech qayoqqa ketmagan bo‘lardi. Bunaqasi tarixda kuzatilmagan. Xitoyning o‘zida ham bu qarorim hayrat bilan qabul qilindi. Peshqadam sifatida har qanday chempionatda hech bir murabbiy bu tariqa shartnomani bekor qilmagan bo‘lardi. Vazifalar bajarilib, jamoa asta-sekinlik bilan ildamlab borishga tushgandi. Ta’bir joiz bo‘lsa, o‘yin paytida biz raqiblarni yo‘limizdan supurib tashlaydigan holatga ko‘tarilgandik. Bu erda asosiy gap natijada ham emas. Menda kasb va hayotdan kelib chiqqan holda o‘zim amal qiladigan tamoyillar bor. “Chanchun Yatay”da rejalarimni bundan keyin ham amalga oshirishga imkon bermaslikni boshlaganlari uchun ketishga qaror qildim. Bitimni bekor qilish taklifi mendan chiqdi. Nima sababdan ham u erdan ketganim turli savollarni tug‘dirishi tabiiy. Lekin hammasini birma-bir gapirib berishni istamasdim. Bunday qilsam etikaga to‘g‘ri kelmaydi. Faqat shuni aytmog‘im kerakki, meni Xitoyga taklif qilishdi va ishlash imkonini berdilar. Bildirilgan yuksak ishonchni oqlashga harakat qildim. Rahbariyat bilan o‘rtadagi kelishuvni bekor qilganimiz sababini oshkor etmaslik borasida ham kelishuv bor. Hayotiy va kasbiy tamoyillarimdan chekinmaslikka qaror qilganim uchun ham u erdan ketish to‘g‘ri yo‘l bo‘lishini tushunib etdim. Bu birinchi navbatda o‘zimga taalluqli bo‘lgan masaladir. Tabiiyki, klubdagilarning iste’fom borasida o‘ziga yarasha qarashlari bor. Biz stol atrofiga joylashib, hammasini bamaslahat hal qilganmiz. Shuni  aytishni istardimki, rahbarlar olib borgan ishimdan xursand edilar. Qolaversa, men taklif etgan legionerlar ham jamoani kuchaytirib yaxshi o‘ynay boshlagandilar. Umuman, men taklif qilgan futbolchilar jamoada o‘ynab keta oldilar. Ular men ketgandan keyin ham o‘ynab natijani ta’minlay oldilar. Tarkibga yosh o‘yinchilarni ham jalb etdim. “Tsinzyan” jamoasidan taklif qilingan uyg‘ur futbolchi ham “Chanchun Yatay”da o‘ynab keta oldi. U bilan o‘zbekcha gaplashish naqadar yoqimli bo‘lganini bilsangiz edi. U bilan doim gaplashib turdim. O‘yinchi boshqa klublardan o‘ziga takliflar borligiga qaramasdan shu jamoaga ko‘chib o‘tishni istaganini alohida ta’kidlagandi. Aytishiga qaraganda, otasi unga O‘zbekiston terma jamoasini boshqargan Babayan ishlayotgan klubda to‘p surishni maslahat bergan ekan. Umuman aytganda, u juda kuchli o‘yinchi. 1999 yilda tug‘ilgan bu yigitning kelajagi porloq bo‘lishiga ishonchim komil. Shu bilan klubga o‘rinbosarlar jamoasidan ham bir qancha futbolchilarni jalb etgandim. Ilgari mahalliy muxlislar ham tanimagan va bilmagan o‘sha o‘yinchilar endi bugungi kunda klubning asosiy tarkibidan mustahkam joy olishga ulgurgan ijrochilar darajasiga ko‘tarilishgan. O‘z shtabim bilan u erda amalga oshirgan ishlarimizga faqat yaxshi baho berishim mumkin. Paradoksni qarangki, rahbariyat mening ishimdan xursand edi. Biroq o‘zim aytishni istamagan bir qancha sabablar borligi uchun ketishga qaror qildim. Bularning asosiy qismi bevosita o‘zimga taalluqli bo‘lgan masaladir. Shuni bilib qo‘yishingiz kerak. Umuman, yarim soat davomida iloji boricha yuqoridagi savolingizga javob qaytarishga harakat qildim.

babayan11

- Siz baribir u erdan ketdingiz, “Chanchun Yatay” esa oxir-oqibat Superligaga ko‘tarildi. Bunday bo‘lishida albatta hissangiz katta. Ayting-chi, ba’zida xayolingizga jamoada bo‘lishim kerak edi, degan fikr keladimi?

- Har qanday holatda ham shuni ishonch bilan aytishim mumkinki, men va shtabimdagilar Superligaga chiqish vazifasini bajargan bo‘lardik. Biz bu masalani hamkasblarim bilan muhokama qilgan paytimizda ham vazifa bemalol bajarilgan bo‘lishiga ishonch hosil qilgandik. Chunki jamoa boshqaruvimizda o‘zimiz ko‘rishni istagan o‘yinni namoyish etishga tushib, maydonda raqiblaridan ustun ekanligini isbotlardi. Mendan keyin klubni kim boshqarishining qizig‘i yo‘q edi. Negaki, vazifa bajarilishiga ishonch yuqori edi. Mendan keyingi murabbiyning hammasini barbod qilmasligi qolgandi xolos. Chunki biz tanlagan va jalb etgan futbolchilar natijani ta’minlab berdilar. To‘g‘ri, bizdan keyin ishlagan murabbiy ayrim hollarda o‘z falsafasidan kelib chiqqan holda taktikani tanladi. Lekin natija ko‘ngildagidek bo‘lmagani bois oxir-oqibat biz shakllantirgan tarkibga ishonch bildirdi. Aynan ular natijani ta’minlab berdilar. Buni muhokama qilish yoqimli yoki yoqimsiz bo‘lishidan qat’iy nazar jamoa Superligaga chiqdi. Birinchidan, bu yo‘lda “Chanchun Yatay”ning elitaga ko‘tarilishini istagan rahbariyat hamma ishni qildi. Hozirga qadar klub rahbariyati bilan yaxshi munosabat saqlanib qolganini bemalol ayta olaman. Agar kishi san’atga yoki futbolga katta sarmoya sarflab natija bo‘lishi yo‘lida ishlar ekan, bu qolganlarga ham ijobiy ta’sir o‘tkazmasdan qolmaydi. Bunday ishni faqat futbolni sevgan odamgina bajara olishi mumkin. “Chanchun Yatay”ning erishgan muvaffaqiyatidan quvonaman. Bunda o‘zimizning ozmi-ko‘pmi hissamiz borligidan albatta xursandman. “Chanchun Yatay”ning bundan keyin ham rivojlanishi klubdagi menejerlarga bog‘liq. Chunki bundan keyin jamoalar legionerlarni cheklangan miqdordagina taklif qilishlari mumkin. Ish bajarilganidan so‘ng, yakuniy natija navbatdagi faoliyatning boshlang‘ich nuqtasi bo‘lib xizmat qiladi. Bunda endi mening va shtabimdagilarning ishtiroki bo‘lmaydi. Qolaversa, biz taklif etgan futbolchilardan “Chanchun Yatay”da keyinchalik qanday foydalanishlari o‘zlariga bog‘liq. Qisqacha aytadigan bo‘lsam, jamoa erishgan natijadan xursandman.

- Xitoydagi hayot va u erdagi futbolda sizga yoqmagan jihatlar bo‘ldimi?

- Shuni aytishni istardimki, bugungi kunda Xitoy mahalliy futbolni rivojlantirish uchun juda katta investitsiyalar kiritmoqda. Bu birinchi navbatda stadionlar infratuzilmasi bilan bog‘liq. Bu jihatga qanchalik e’tibor qaratilayotganini siz tasavvur ham qila olmaysiz. Hatto birinchi ligadagi jamoalar ham juda zo‘r infratuzilmaga ega bo‘lgan stadionlarda o‘yinlarini o‘tkazishyapti. Ta’bir joiz bo‘lsa, u erdagi jamoalar o‘zlarini xuddi futbol jannatiga tushib qolgandek his qilmoqdalar. Har kim o‘z imkoniyatini maksimal darajada namoyish etish uchun shart-sharoitlar muhayyo qilingan. Bolalar va o‘smirlar futbolida ham ulkan potentsial mavjud. Bir tomondan ular ispan va portugal lektorlaridan foydalanmoqdalar. Ammo xitoyliklar baribir o‘z uslublarini yo‘lga qo‘yishlari kerak. Chunki Xitoyda aholi juda ko‘p. Bir yarim milliard kishi! Bu birinchidan. Ikkinchidan, futbolni yanada takomillashtirish uchun ularda hamma shart-sharoitlar bor. Men o‘z qarashlarimdan kelib chiqqan holda akademiyada olib borilayotgan ishlarda nimalarga e’tibor qaratilishini ko‘rsatib berdim. U erda selektsion va o‘yinchilarni tanlash borasida ayrim kamchiliklar yo‘q emas. Boshqa tengqurlariga nisbatan ancha iqtidorli bo‘lgan bolalar uchun alohida e’tibor qaratilsa yaxshi bo‘lardi. Men akademiyada olib borilayotgan ishlar rejasiga shu jihatlarga alohida ahamiyat berilishini kiritdim. Akademiya direktori va qo‘l ostidagilar buni bajonidil qabul qildilar. Biz joriy etgan usullar bundan keyin ishlaydimi yoki yo‘qmi, birinchi navbatda o‘zlariga bog‘liq. Men vaqt etarli bo‘lgani uchun ham hammasini qog‘ozga tushirib, barchasini izohlab o‘tganman. Xitoyda chindan ham rivojlanish uchun katta imkoniyatlar yuzaga kelgan. Birgina bazani olish kerak bo‘lsa, u 200 ming kvadrat metrga teng bo‘lib, ishlash uchun ideal darajadagi sharoitlar yaratilgan. Akademiyada 300-400 nafar bola bemalol futbol sir-asrorlarini o‘zlashtira oladi. U erda 8 yoshdan boshlab bolalarni qabul qilishadi. Biroq qabul qilish chog‘ida eng iqtidorlilariga e’tibor qaratilsa yaxshi bo‘lardi. Tarkibni rotatsiya qilish uchun ham bu juda muhim. Shuningdek, yosh toifalardan kelib chiqqan holda murabbiylarni taklif etishni ham bilish kerak. Men bularning barini qog‘ozda aks ettirishga harakat qildim. Xitoy futboli rivojlanishi uchun barcha sharoitlar yuzaga kelgan bo‘lsa-da, baribir juda katta ko‘lamdagi ishlarni olib borish kerak bo‘ladi. Xitoy ulkan mamlakat bo‘lgani bois, futbolni rivojlantirish yo‘lida ham keng qamrovli ishlarni olib bormoqda. Agar ishlar to‘g‘ri olib borilsa, Xitoy yaqin yillar ichida qit’adagi etakchi futbol saltanatlaridan biriga aylana olishi mumkin. Shunday jarayonning ishtirokchilaridan biri bo‘lganimizdan xursandmiz.

babayan_4

- Xitoydan qaytganingizdan so‘ng, qaerda ishlashingiz mumkinligi yuzasidan har xil gap-so‘zlar ko‘payib ketdi. Jumladan, Namanganda ish boshlashingiz haqida matbuotda qaydlar ko‘zga tashlandi. Nima sababdan “Navbahor”da ish boshlashingiz amalga oshmasdan qoldi? Klub mutasaddilari bilan mablag‘ borasida kelisha olmadingizmi yoki...

- Avvalo shuni aytishim joizki, hozircha rejamda bosh murabbiy bo‘lib ishlash niyatim yo‘q. Negaki, bir qancha klublarda amaliyot o‘tashni maqsad qilganman. Shuningdek, oxirgi boshqargan klubim bilan shartnomani bekor qilgan chog‘imizda amal qilishim kerak bo‘lgan ayrim jihatlar yo‘q emasligini ta’kidlashim kerak. Chindan ham “Navbahor” rahbariyati bilan klubni boshqarish yuzasidan muzokaralar olib borilganini tasdiqlayman. Lekin yuqorida aytganimdek, hozirgi rejamda bosh murabbiy bo‘lib ishlash yo‘qligi bois buni rad etishga qaror qildim. Biroq kun kelib “Navbahor”ni boshqarishni albatta istagan bo‘lardim. Ammo hozir emas. Qolaversa, faoliyatim boshlangan klub oldida qarzim bor. Chunki u erdagi faoliyatim juda yorqin boshlangan. Biz o‘shanda chempionat bilan Kubokni yutishga muvaffaq bo‘lgandik. Ertami-kechmi, namanganlik muxlislar oldidagi qarzimni uzish niyatim yo‘q emas. Meni taklif qilishdi va klub rahbariyati bilan uchrashdim. O‘zaro fikr almashdik. Men klub yangi marraga ko‘tarilishi uchun qanday ishlar qilinishi borasida o‘z mulohazalarim bilan o‘rtoqlashdim. Yana takrorlashimga to‘g‘ri keladi, ayni paytda bosh murabbiy vazifasida ishlash rejamda yo‘q. Men buni ochiq-oydin holda rahbariyatga etkazdim. Ammo klubga maslahatchi sifatida ko‘maklashishga tayyorman. Meni hammasidan ko‘ra, viloyat rahbari mahalliy klubni rivojlantirish uchun e’tibor qaratayotgani xursand qildi. “Navbahor”da yangi marralarga ko‘tarilish uchun hamma narsa bor. Boya aytganimdek, klubni rivojlantirish yuqoridagilarning futbolni qay darajada yaxshi ko‘rishlariga bog‘liq. Men shuni ishonch bilan ayta olamanki, viloyat rahbari “Navbahor”ni juda yoqtiradi. Mahalliy futbol va klub rivojlanishi uchun u kishi katta ishlarni amalga oshirishga kirishgan. Rivojlanishning qaysi yo‘nalishidan borishni ham aynan viloyat hokimi tanlaydi. Rahbariyat bilan uchrashgan paytimda o‘z mulohazalarimdan kelib chiqqan holda buning uchun qanday ishlar qilish kerakligi borasidagi fikrlarimni bayon etdim. Shu bilan bizning uchrashuvimiz tugadi. Hozirda “Navbahor”ning o‘tgan mavsumdan beri boshqarayotgan murabbiyi bor. Eshitishimcha, Viktor Jalilov ham klubga qaytgan. U ko‘plab futbolchilarni kashf eta olgan etuk mutaxassis hisoblanadi. Rahbariyatga uni taklif etishni men aytgandim. O‘z navbatida viloyat hokimi buni qabul qilgandi. Chunki suhbatimiz boshida u mendan bir-ikki nafar nomzoddan kimni tanlashni maslahat berishimni so‘ragandi. Jalilovning “Navbahor”ga qaytganini eshitish men uchun yoqimli bo‘ldi. Chunki u jamoaga begona emas. Viktor Jalilov kashf etgan o‘yinchilar “Navbahor”ning muvaffaqiyatlariga barakali ulush qo‘sha olganlarini hamma bilsa kerak. Namanganda bo‘lganim muxlislar orasida turli gap-so‘zlarni chiqargani masalaning mohiyatidan kelib chiqmagan holda yuz berganini aytishim darkor. Men o‘z so‘zlarimni shunchaki havoga sovurishni istamayman. Bir kunmas-bir kun “Navbahor”da bosh murabbiy bo‘lib ishlayman. “Navbahor”da ishlashni va natija qayd etishni xohlayman. Ayniqsa, jamoaning jonkuyar muxlislari ko‘z o‘ngida ishlash har qanday murabbiyda adrenalinni jo‘shtirib yuboradi. Tribunalarni to‘ldirib o‘tirgan muxlislar qarshisida bunday paytda kutgan natijangga erisha olasan.

babayan3_1

- Samvel Vyacheslavovich, ayni paytda xizmatingizga ko‘z tikayotgan boshqa klublardan ham takliflar bormi? Murabbiylik ishingizni davom ettirasizmi? Umuman olganda, rejalaringiz qanday?

- Albatta, murabbiylik faoliyatimni davom ettirish rejam yo‘q emas. Ammo buning uchun avvalo o‘z bilim va malakamni yanada oshirish uchun amaliyot o‘tashni maqsad qilganman. Hozirgi maqsadim Evropa futbolini yaxshi biladigan murabbiy bilan hamkorlik qilgan holda undan o‘yinning bir qancha jihatlari borasidagi bilimlarimni yanada oshirishni maqsad qilganman. Tabiiyki, murabbiylik ishini davom ettirishni istayman. Endi takliflarga kelsak, “Navbahor”dan tashqari Respublikamizning yana bir qancha jamoalaridan takliflar bo‘lgandi. Biroq rahbarlarga va menejerlarga hozirgi rejamda biror-bir klubni boshqarish yo‘qligini aytib javob qaytardim. Bugungi kunda o‘zim o‘ylab yurgan boshqa bir qancha variantlar mavjud. Shartnomadagi muayyan shartlardan kelib chiqqan holda ham hozirda bosh murabbiy vazifasida ishlay olmasligimni qo‘shimcha qilishim darkor.

- Shuningdek, qulog‘imizga “Paxtakor”da ishlashingiz mumkinligi haqidagi gap-so‘zlar ham chalindi. Bu gaplar haqiqatga qanchalik yaqin?

- Atrofimda juda ko‘plab turli mish-mishlar yuribdi. Biroq hammasini birma-bir izohlab o‘tishni istamagan bo‘lardim. Meni klublardan qaysi biriga taklif qilishganini aytib berishim etik jihatdan ham to‘g‘ri bo‘lmasdi. Bevosita “Navbahor” masalasiga kelsak, haqiqatan ham meni bosh murabbiylikka tayinlamoqchi bo‘lishgandi. Lekin boshqa klublardan yuborilgan takliflar haqida gapirmoqchi emasman. Bu to‘g‘ri ish bo‘lmasdi. Chunki takliflar bitta emasdi. Lekin hozir bosh murabbiy sifatida ishlashga tayyor emasman. Yana qaytaraman: Xitoydagi klub bilan shartnomani bekor qilgan paytimdagi bajarishim kerak bo‘lgan ayrim majburiyatlar bor.

babayan4

- Aytaylik, “Paxtakor”da ishlashga taklif qilishsa, bunga rozilik berarmidingiz?:

- Men bunday virtual narsalar haqida o‘ylamayapman. Agar men chindan ham murabbiylik ishini davom ettirish borasida yuridik masalalarni hal qiladigan bo‘lsam, bundan birinchi xabar topadigan inson siz bo‘lasiz. Chunki sizga bo‘lgan munosabatim qandayligini o‘zingiz ham yaxshi bilasiz (kuladi). Virtual narsalarga va turli mish-mishlarga ishonish yaxshi emas.

- Shota Arveladzening ketishiga hamma o‘z munosabatini bildiryapti...

- Buni muhokama qilish men uchun mutlaqo yarashmasdi. Axir “Paxtakor”ga bo‘lgan munosabatim qandayligidan muxlislarning xabari bor. Qolaversa, bularni muhokama qilish klub tepasida turganlar va mutaxassislarning ishi. Men esa “Paxtakor” haqida ob’ektiv va sub’ektiv tomondan hech gap aytmoqchi emasman. Bu nohaqqoniy va noto‘g‘ri ish bo‘lardi.

- Terma jamoa haqida gap ketganda, ko‘pchilik oldingi termamizning tarkibini hozirgisidan kuchliroq bo‘lganini aytishmoqda. O‘zingiz ham termada ishlagansiz. Bu boradagi fikrlaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz?

- Bugungi terma jamoa haqida gapirishni istamayman. Bevosita o‘zimga kelsak, termada ishlagan chog‘imda bugungi darajadagi “Jenoa”da to‘p surayotgan Shomurodovni qo‘l ostimda ko‘rishni juda xohlagan bo‘lardim. Eldor avvalgiga karaganda jismoniy tarafdan va mahorat bobida ancha o‘sgan. To‘g‘ri, u 20 yoshida termada debyutini o‘tkazgan va buni gol bilan bezay olgan. Adashmasam, u Bahraynga qarshi o‘yinda o‘zini ko‘rsatgandi. O‘shanda jamoamizdagi yosh futbolchilarning imkoniyati yaxshi ekanligini aytgandim. Amalda ham bunday taxminlarim o‘zini oqlaganini vaqt ko‘rsatib berdi. Men taxminiy emas, balki termada ishlagan chog‘larimda qo‘l ostimda o‘ynagan yigitlar o‘sha davrning eng kuchli o‘yinchilari bo‘lishgan.

babayan5_1

- Sizningcha, bugungi terma jamoa 2022 yili Qatarda bo‘lib o‘tadigan mundialga bora oladimi?

- Buning uchun O‘FA kerakli bo‘lgan barcha choralarni ko‘rmoqda. Asosiysi, bugungi termada tajribali ijrochilar va yoshlardan iborat o‘ziga yarasha “qorishma” bor. Tarkibda o‘ta iqtidorli futbolchilar topiladi. 5-10 yildan so‘ng, bugungi termadagi ijrochilar haqida xulosa chiqarish mumkin bo‘ladi. Ahmedov, Shomurodov, Masharipov, Iskanderov, Yaxshiboev, O‘runov, Krimets, Sergeev, Shukurov, Hamrobekov...Muhimi, bizda vazifani bemalol bajara olishga qurbi etadigan futbolchilar bor. O‘FA prezidenti boshchiligida terma jamoa o‘zi uchun armon bo‘lib kelayotgan JCh yo‘llanmasini qo‘lga kiritish sari odimlamoqda.

- Murabbiylik faoliyatingiz davomida o‘zingiz yo‘l qo‘ygan qaysi xatoni eng afsuslanarlisi deb hisoblaysiz?

- Futbolning o‘zi xatolar ustiga qurilgan. Har qanday murabbiyda xatolar bo‘lgan. Jumladan, men ham bundan mustasno emasman. Futbolchilar kabi murabbiylar ham xatolarga yo‘l qo‘yishadi. Xatosiz futbol – bu kompyuterdagi futboldir. Futbolda o‘yinchilar, murabbiylar va hakamlar ham xatodan holi emaslar.

- Bugungi kunda O‘zbekiston futbolini ko‘tarishga katta hissa qo‘shayotgan inson deb kimni ayta olasiz?

- Avvalambor yurtimiz Prezidenti. Men o‘ylaymanki, O‘zbekistonda futbolni o‘zgacha sevishadi. Bunga misol tariqasida Yurtboshimizning O‘zbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida chiqargan farmonlarini aytsa bo‘ladi. Bu farmon bilan yurtimiz futboli davlat siyosati darajasiga ko‘tarilganini anglatadi. Ushbu farmon natijasida mamlakatimizda ommaviy futbol va yoshlarni ushbu sport turiga jalb qilishni ta’minlaydi deb hisoblayman va shuning natijasida xalqaro maydonlarda yurtimiz futboli yuksak darajaga etishadi. Bugungi kunda O‘FAni futbolni juda yaxshi tushunadigan inson boshqarib kelmoqda. U odam futbolni nafaqat sport tomonidan, balki futbolimizni moddiy-texnik bazasini kuchaytirishga ham hissa qo‘shyaptilar.

babayan7_1

- Agar murabbiylik faoliyatingizni 5-10 yil orqaga qaytarib o‘zgartirishning iloji bo‘lganida, nimani o‘zgartirgan bo‘lardingiz?

- Hech narsani o‘zgartirmagan bo‘lardim. Chunki faoliyatimdan afsuslanmayman. Sutkasiga 24 soat ishlashdan ham ko‘proq mehnat qilishning iloji bo‘lganida bunga ham rozi edim. “Paxtakor”, milliy va olimpiya terma jamoalari, Latviya hamda Xitoydagi faoliyatim davomida miyam faqat futbol haqida o‘ylagan xolos. Qaerda ishlagan bo‘lsam, o‘sha jamoaning sha’nini munosib himoya qilish payida bo‘lganman. Ayniqsa, milliy terma jamoa murabbiy zimmasiga ikki barobar ko‘proq mas’uliyat yuklaydi. Shu paytgacha maksimum darajada kuch sarflab ishlaganim bois ham hammasini ortga qaytarishning iloji bo‘lganida ham hech narsani o‘zgartirmasdim. Bu barcha jabhalarga taalluqli: futbolchiga bo‘lgan munosabat, murabbiy sifatida qabul qilgan qarorlarim, bu mening o‘zimga bo‘lgan talabchanligimdan kelib chiqqan holda aytayotgan fikrlarimdir. Bu mening hayotda va murabbiylik faoliyatimda amal qilib keladigan eng asosiy tamoyilim bo‘lib qolaveradi. Avvalo o‘zimga nisbatan talabchan bo‘lganim uchun ham qo‘l ostimdagilarga shunday munosabatda bo‘lib kelaman.

- Matbuotda o‘zingiz haqingizda chiqqan ma’lumot yoki maqolalarni ham kuzatib kelasizmi?

- Futbolimizda yuz berayotgan ishlarning tahlili haqida o‘qish menga yoqadi. Shuningdek, o‘zi sport jurnalistikasidan chiqqan va hozirda rahbar lavozimida ishlayotgan Diyor Imomxo‘jaevning bergan intervyusini o‘qish menga yoqdi. Uning futbol haqidagi tahliliy qarashlari jo‘yali bo‘lib, u masalaga ob’ektiv yondashgan holda zamon bilan qadam-baqadam odimlayotganini ko‘rsatib berdi. Ehtimol, unga biroz tajriba etishmayotgan bo‘lishi mumkin. Lekin uning futbol haqidagi fikr-mulohazalari menga yoqdi.

- Oxirgi savol, muxlislarga aytar gaplaringiz?

- Gapim bitta: muxlislar sevgan klublariga ishqibozlik qilishdan to‘xtashmasin, ayniqsa, hozirgi pandemiya sharoitida birortasi og‘rimasin. Hozir ko‘pchilik pandemiya tufayli zamon o‘zgarib ketganini aytyapti. Istardimki, hammasi pandemiyaga qadar bo‘lgan oldingi holatga qaytsin. Uchrashuvlarning muxlislar bilan to‘lib-toshgan tribunalar qarshisida o‘tishini istab qolardim. Ular qaysi klubga muxlislik qilishmasin o‘yinni kuzatishdan ruhan va ma’nan rohat olishsin. Yurtimizdagi ishqibozlarning terma jamoamiz qayd etadigan natijalaridan xursand bo‘lishlarini istayman.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!