"Rubin"da bir o‘zi qolib ketgani, murabbiyidan ko‘rgan yaxshiliklari...yoxud karantin paytida 20 foizga maoshidan voz kechgan legionerimiz haqida

  • 8 may, 2020, 20:44
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Rossiyada faoliyat ko‘rsatayotgan hamyurtlarimiz biri Bobir Davlatov haqida yaqinda karantinn o‘z uyida o‘tkazayotgani haqida xabar bergandik. Boisi u “Nefteximik” safida jarohat olgani sababli ancha vaqtdan beri futbol o‘ynay olmayotgandi. Asosiy vaqtini esa jarohatini davolash bilan o‘tkazib kelayotgandi. Kuni kecha ushbu o‘yinchimiz bilan bog‘landik va bir qancha savollarga javoblar oldik.

Tecno

- Aslida qachon jarohatga yo‘liqdingiz va hozirda holatingiz qanday?

- O‘tgan yilning sentyabr oyida jamoamiz bilan mashg‘ulotda shug‘ullanayotgan paytimda yuz berdi. Keyin esa oktyabr oyida Moskvada oyog‘imni operatsiya qildirdim. So‘ngra tiklanishga harakat qildim va bu orada hamma joyda karantin e’lon qilindi. Ikki oydan beri, uyim – Yangierdaman. Bilasiz, Rossiyada ham futbol o‘yinlari to‘xtatib qo‘yilgan. Xudoga shukr, ayni paytga kelib o‘zimni yaxshi his qilyapman. Maydonda o‘zim yakka tartibda to‘plar bilan ishlayapman. Buning ustiga “Nefteximik” murabbiylari tomonidan bizga qanday mashqlarni bajarishimiz yuzasidan ko‘rsatmalar berib borilmoqda va shular ustida ishlayapmiz.

- Siz haqingizdagi ma’lumotlarni qidirish maqsadida “Nefteximik” klubining rasmiy saytini ko‘zdan kechirdim. Ajablanarlisi, klubning yangi mavsum uchun ro‘yxatdan o‘tgan futbolchilari orasida sizni uchrmatdik...

- Ha, to‘g‘ri. Bu borada bosh murabbiyimiz tavakkal qilgisi kelmadi. Reja bo‘yicha jarohatimdan may yoki iyun oylarida to‘liq qutulishim kerak edi. Chempionatimiz esa aynan mayda nihoyasiga etishi kerak edi. Murabbiy esa seni tarkibga qaytarish uchun shoshilmaymiz, bu yil bo‘lmasa, kelasi yili o‘ynaysan. Muhimi, to‘liq sog‘ayib olgin, tavakkal qilmay turamiz dedi va biz o‘zaro kelishib oldik. Natijada ro‘yxatga meni kirgizishmadi. Shunga qaramay, klub bilan amalda shartnomam bor va menga ham oylik maoshlarini to‘lab turishibdi. Garchi klub “zayavka”sida bo‘lmasam ham hozirda onlayn mashg‘ulotlar o‘tkazib kelyapmiz. O‘zimda u qadar tushkunlikni his qilayotganim yo‘q. Oilam davrasidaman va umid qilamanki, hammasi yaxshi tomonga o‘zgaradi.

davlatov2_1

- “Nefteximik” jamoasiga ketishingiz bosh murabbiy Yuriy Utkulbaev bilan bog‘liq. Bilamizki, siz ushbu murabbiy bilan ilgari “Rubin”da ham va Qozog‘iston klublarida ham birga ishlagansiz. Siz uchun uning boshqa murabbiylardan ajralib turadigan xususiyati nimada?

- “Rubin”ga borib faoliyatimni boshlaganimdan so‘ng oradan vaqt o‘tgach, bosh murabbiy Qurbon Berdiev ketgandi. O‘rinbosarlar jamoasini esa ispaniyalik murabbiylar boshqarishardi. Berdiev ketganidan keyin hamma ketdi, shular qatori Andrey Fyodorov ham “Rubin” bilan xayrlashgandi. Klubda esa bir o‘zim qolib ketdim. Meni u erga Fyodorov chaqirgandi. So‘ng Yuriy Utkulbaev u erda ish boshladi. Oqibatda ushbu mutaxassisga o‘yinim yoqib qoldi shekilli, meni “Rubin”da olib qolgandi. Shundan beri mazkur mutaxassis bilan birga faoliyat ko‘rsatib kelyapman. Biz bir-birimizni yaxshi bilamiz, o‘rtamizda o‘zaro ishonch juda katta. To‘g‘risini aytsam, o‘sha paytlarda Utkulbaev menga juda ko‘p yaxshiliklar qilgan. Shu bois uning insongarchilik fazilatlarini ham juda hurmat qilaman.

- “Nefteximik”ka ketishdan oldin o‘zimizning chempionatda, aniqrog‘i “Nasaf” tarkibida binoyidek o‘ynab kelayotgandingiz. Afsuski, o‘tgan yili Qarshidan ketib “Nefteximik”ka qo‘shilgach, jarohatlar girdobiga tushib qolgan holda maydon tashqarisiga chiqib qoldingiz. Sizningcha, o‘sha paytda “Nasaf”dan ketishingiz to‘g‘ri yo‘lmidi?

- Bo‘lgan ish bo‘ldi. Taqdir shunday ekan. Afsuslanish holati yo‘q. To‘g‘ri, eng yomoni o‘ynamaslik. Lekin hammasi yaxshi bo‘ladi deb o‘ylayman.

- Turnir jadvaliga qarasam, “Nefteximik” 5-o‘rinda ekan. Aslida jamoangizning maqsadi qanday?

- Yilning boshida oldimizga biror-bir katta vazifalar qo‘yilmagandi. Klubimiz ikkinchi ligadan chiqqani sababli avvalo birinchi divizionda o‘z o‘rnimizni saqlab qolishimiz kerak edi. Buning ustiga tarkibda ayrim o‘zgarishlarga qo‘l urildi, bir qator yigitlar ketdi va o‘rniga boshqalari keldi. Ammo tarkibimizga kelgan futbolchilarni bungacha u qadar katta jamoalarda o‘ynagan deb bo‘lmasdi, lekin ularning orasida Vagiz Galiulinni alohida ajratib ko‘rsatish mumkin edi. Bosh maqsad esa boya aytganimdek, ligada qolish va murabbiyimiz ham asosiy e’tiborni shunga qaratgandi. Aytmoqchimanki, ikkinchi ligada o‘ynagan o‘yinchilar jamoa bilan birinchi divizionga chiqishdi va ular “Nefteximik” sharafini himoya qilishda davom etmoqdalar. Chempionatni esa jamoamiz yaxshi davom ettirayotgandi va o‘zingiz aytganingizdek, 5-o‘ringacha chiqib olgandik. Biroq bundan keyin chempionat davom etadimi yoki yo‘qmi, hozir bir narsa deyishim qiyin. 15 maydan so‘ng yangilik bo‘lib qolishi mumkin. Ba’zi variantlarga ko‘ra Rossiya premer-ligasi davom ettirilib., birinchi divizion tugatib qo‘yilishi ham mumkin ekan. Hammasini vaqt ko‘rsatadi. Rossiyaga qachon qaytishimizni ham bilmaymiz. Lekin murabbiylar bilan doimiy ravishda aloqada bo‘lib turibmiz.

davlatov4_1

- Karantin paytida klublar tomonidan futbolchilarga oylik maoshlar qay tartibda to‘lanayotgani ham qiziqtirmoqda. Bu borada “Nefteximik”dagi vaziyat qanday?

- Klub rahbarlari bizga vaziyatni tushuntirishdi. Shundan so‘ng aprel oyida barchamiz kelishgan holda oylik maoshlarimizning 20 foizidan voz kechdik. Lekin hali aprel oyi uchun maoshlarimizni olganimiz yo‘q. Shunday ekan, may oyidagi holat qanday bo‘lishini bilmaymiz.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!