
"Rubin" bilan xayrlashganim yo‘q" - Umarali Rahmonaliev nega "Sabax"ni tanladi?
Rossiyaning “Rubin” klubida faoliyat olib borgan hamyurtimiz Umarali Rahmonaliev jamoasini o‘zgartirdi. Yaqinda xabar berganimizdek, futbolchi Ozarbayjonning “Sabax” klubiga ko‘chib o‘tdi. Rahmonaliev “Sabax” futbolchisi sifatida Sports.uz uchun intervyu berdi.
- Umarali, "Sabax" klubini tanlashingiz sababi nimada? Oldingizda boshqa qit’alardan ham variantlar bor edi. Sizga nimasi yoqmadi yo boshqalar bilan kelisha olmadinglarmi?
- Assalomu alaykum. “Sabax” klubini tanlashimizda hamma jamoalardan kelib tushgan takliflarni, yondashuvlarni, kelajakdagi rejalarini – hammasini o‘rganib chiqib, eng ma’quli “Sabax” degan qarorga keldik. Faqat o‘zim emas, mutaxassislar, ustozlarim va ayniqsa ota-onam bilan muhokama qilib, ko‘ngil tortib, shu klubni tanlashga qaror qildik. Murabbiyni o‘zi ishonch bildirayotgani ham muhim ahamiyat kasb etdi. Bu erda o‘yin amaliyoti ko‘proq bo‘lishi va klubni uchtalikka kiradigan yoki Kubokni yutadigan bo‘lsa, Konferents ligada ishtirok etishi ham ko‘zda tutilgan. U erda ham o‘zimizni ko‘rsatib, yaxshi marralarga erishish uchun shu jamoani tanladik.
- “Rubin”dagi faoliyatingizga qanday baho berasiz? Masalan, nimaga erishdingiz va nima yo‘qotdingiz?
- Ayta olamanki, “Rubin”da faqat o‘sishga erishdim. O‘yin amaliyoti kam bo‘lgan bo‘lsa-da, mashg‘ulot jarayonlarida nafaqat futbol, balki hatto hayot tomonlama ham ancha o‘sishga, sabr qilishga, mehnatdan hech qachon to‘xtamaslikka, faqatgina Allohdan so‘rab maqsadga erishish uchun borini berishga va yana futbolda qanday narsalar o‘yinchini yanada kuchli qila olishini o‘rgandim. Yo‘qotgan narsalarim bo‘lmadi, deb o‘ylayman. Faqat o‘yin amaliyotidan tashqari.
- Yangi klubda qanday qarshi olishdi? Bu erdagi maqsadingiz nima?
- Jamoaga kelishim bilan murabbiy, futbolchilar, xodimlar – barchasi iliq kutib olishdi. Hammasi qo‘llaridan kelganicha qanday yordam kerak bo‘lsa, hammasiga tayyorliklarini ko‘rsatishyapti. Barcha iliq kutib oldi. Tashkiliy tomondan, ichki muhi tomonidan ham juda yaxshi jamoa shakllanganligi ko‘rinib turibdi.
- Siz ko‘proq Evropaga ketishni istagansiz. “Sabax” orqali bunga erishish qanchalik oson?
- Xudo xohlasa, hali ham niyatimiz o‘sha. Faqat gapda emas, Alloh qodir qilsa, amalda ham bajarishga harakat qilamiz. Aytib o‘tganimdek, o‘ylashimcha “Sabax”ni Evropa maydonlarida qatnashish imkoniyati bor. Shu narsalar ham inobatga olingan holatda “Sabax” klubi tanlangan. O‘ylaymanki, jamoaviy yaxshi natijaga va o‘ylagan maqsadlarimizga erishsak, bu erdan ham o‘zimiz istagandek, “Sabax” orqali yanada kuchliroq chempionatlarga ketish imkoniyati bor.
- “Rubin” bilan xayrlashishingiz qanday kechdi?
- “Rubin” bilan hali xayrlashganim yo‘q. Sababi, “Sabax” klubiga bir yilga ijara asosida qo‘shildim, 2025 yil oxirigacha. “Rubin” bilan 2026 yilning iyul oyigacha shartnomam bor. Shuning uchun hali xayrlashganim yo‘q.
- Rustam Ashurmatov ham ketyapti, deb eshitdim. Bundan chiqdi, Rashid Rahimov ishonch bildirmay qo‘ydimi?
- Rustam akaga keladigan bo‘lsak, har bir futbolchini maqsadi maydonga chiqib, jamoasining g‘alabasi uchun o‘z hissasini qo‘shish. Oxirgi paytlarda o‘yin amaliyoti kam bo‘layotganligi bois barchasi yaqin kunlarda oydinlashsa kerak. Rustam akani ham o‘ziga yarasha rejalari bor. Bu narsa haqida men bir nima deya olmayman. Rashid Mamatqulovichning ishonch bildirishi yoki bildirmasligiga to‘xtaladigan bo‘lsak, u har bir futbolchiga ishonch bildiradi. O‘yinchilar bilan iliq muomalada. Lekin maydonda 11 futbolchi o‘ynaydi. Bu vaziyatda murabbiyni ham ayblab bo‘lmaydi. O‘yin amaliyoti kam bo‘layotganligi uchun bu holatda qandaydir yo‘l tutilsa kerak, deb o‘ylayman. Qolganini vaqt ko‘rsatadi.
- Yangi jamoada qaysi raqamni tanladingiz?
- 33.
Fikrlar