
Rossiya JCh saralashidan chetlatildi. Karpin jamoasi endi nima qiladi?
Xabaringiz bor, FIFA rasman Rossiyani Qatarda bo‘lib o‘tadigan mundial pley-off bahslarida ishtirok etish huquqidan ayirdi. Bu qarordan so‘ng Rossiya termasining kelajagi borasida turli savollar paydo bo‘lgani aniq. Xo‘sh, voqealar rivoji endi qanday tus oladi?
Polshaning g‘alaba qozongani hammaga yoqqani yo‘q!
O‘tgan hafta boshida Polsha, Chexiya va Shvetsiya ruslar bilan pley-offda to‘qnash kelishdan bosh tortdi. E’tiborlisi shundaki, polyaklar Rossiya bilan yashil maydonda kuch sinashmasligi uchun texnik mag‘lubiyatga ham tayyor ekanligini rasman e’lon qildi. Ularning tashabbusi ko‘p o‘tmay kvartetdagi boshqa jamoalar tomonidan ham qo‘llab-quvvatlandi.
Oradan 1 kun o‘tib, Chexiya va Shvetsiya ham polyaklarni qo‘llab-quvvatlashni boshladi. Shvedlar hatto FIFAga Rossiyani pley-off o‘yinlaridan chetlatilishini talab qila boshladi. Chexlar ham agar ruslar bilan to‘qnash kelsa, o‘yindan bosh tortishini rasman e’lon qildi. Vaziyat keskinlashganini ko‘rgach, Janni Infantino reaktsiya bildirishga majbur bo‘ldi. Avvaliga FIFA Ukrainadagi holat yumshashini kutdi. Ammo ahvol kundan-kunga yomonlasha boshladi. Natijada, Infantino Rossiyani JCh saralashi pley-offidagi kurashdan mahrum etdi.
Ukrainaning Shotlandiyaga qarshi o‘yini esa iyun oyiga ko‘chirildi. Aslida, Rossiya-Polsha qarama-qarshiligi ham yozga qoldirilishi mumkin edi. Biroq butun jahon e’tibor markazida turgan Infantino FIFA sha’niga tanqidlarni yog‘ilishini istamadi. Aslida, nizomga murojaat etilsa, o‘yindan bosh tortgan jamoalarga texnik mag‘lubiyat yozilishi kerak. FIFA Rossiya futbolini barcha rasmiy musobaqalardan chetlatishga qaror qilgani sababli keskinlik yo‘qolgani yo‘q. Qaror rasman e’lon qilingach, birinchilardan bo‘lib, Shvetsiya terma jamoasi bosh murabbiyi Yan Andersson munosabat bildirdi:
"FIFA va nihoyat Rossiya borasida qaror qabul qildi. Tan olish lozim, sport nuqtai nazaridan olib qarasak, buni oqlab bo‘lmaydi. Endi bor e’tiborimizni Chexiya bilan o‘yinga qaratamiz. Biz Qatardagi turnirda ishtirok etishni juda ham istayapmiz. Buning uchun kerakli barcha ishni amalga oshiramiz."
Rossiya terma jamoasiga qarshi FIFAga arz qilgan uchlik o‘z maqsadiga etdi. Lekin bu bilan ish o‘nglandi, deb bo‘lmaydi. Polyaklar Chexiya-Shvetsiya to‘qnashuvining g‘olibi bilan yo‘llanma uchun jang qiladi. Atigi 1 ta o‘yin hammasini hal qiladigan bahsda Polsha kvartetdagilar orasida eng yaxshi imkoniyatga ega.
Rossiya terma jamoasi endi nima qiladi?
FIFAning qaroridan so‘ng jabrlanuvchi tomon CASga o‘z noroziligini bildirdi. Rossiya futbol rahbarlari o‘z klublari va terma jamoalarini UEFA va FIFA tasnifidagi musobaqalarda ishtirok etishini talab qilmoqchi. Agar talabi qondirilmasa, yo‘qotilgan narsalar uchun kompensatsiya undirib olmoqchi.
Mamlakat futbol rahbarlari FIFA va UEFA tomonidan berilgan sanktsiyani hech bo‘lmasa keyinroq kuchga kirishini ta’minlashga urinadi. Sababi, hozir Rossiya futboli juda katta yo‘qotishlarga uchradi. Bugun birorta terma jamoa yoki klub ruslar bilan maydonga chiqishni istamayapti. E’tiroz yoki apellyatsiya deyarli befoyda. Ruslarning jahon futbolidagi reputatsiyasi tushib ketdi.
Holat qanchalar og‘ir bo‘lmasin, RFS umid qilishdan to‘xtamayapti. CAS 10 kun ichida ushbu vaziyat bo‘yicha qarorini e’lon qiladi. Qog‘ozda buning imkoni bor. Ammo real hayotda uni amalga oshishi 1/99 ga teng!
Terma ustozi Valeriy Karpin FIFA e’lon qilgan qarorga shunday izoh berdi:
"Yangilikni eshitgach, xotinimga: "Rossiya saralashda ishtirok etmaydi", - dedim. Umid? O‘z-o‘zini aldashni istaganlar uchun u mavjud".
Rossiya termasining kelajak rejalari qanday?
Valeriy Karpinga bugunda RPLning bir nechta jamoalaridan takliflar bor. Lekin mutaxassis og‘ir kunda postini tashlab ketmoqchi emas. Rossiya 21 mart kuni Moskvada o‘quv yig‘in mashg‘ulotlarini o‘tkazish uchun yig‘ilishi haqida rasmiy ma’lumot berildi. Ma’lumotlarga qaraganda, 27 martga qadar davom etadigan yig‘in kamida bitta o‘rtoqlik uchrashuvini o‘z ichiga oladi. Hozir raqib izlash ishlari aktiv davom etmoqda.
Rus nashrlari bergan ma’lumotlarga suyanadigan bo‘lsak, hozirgi vaziyatda sparring raqib topish imkonsiz. Shu bois, terma jamoa Rossiya yoshlari bilan kuch sinashadi. Shuningdek, Rossiya - Rossiya 2 o‘rtasida o‘yin tashkil etilishi ham mumkin.
Fikrlar