
Rossiya futbolida O‘zbekiston legionerlarining o‘z o‘rni bor, faqat...
Rossiya chempionatida to‘p tepish ko‘plab o‘zbekistonlik futbolchilar uchun orzu hisoblanadi. Hozircha, Rossiya premer-ligasida yagona vakilimiz – Oston O‘runov qoldi. Bu mamlakat chempionatida o‘zini ko‘rsata olgan Eldor Shomurodov mavsum boshidayoq “Jenoa”ga o‘tib ketgan bo‘lsa, “Lokomotiv”dan “Tambov”ga ijaraga berilgan Jasur Jaloliddinov debyutini nishonlay olmay, har ikki jamoa bilan aloqalarini uzib, ortga qaytishga majbur bo‘ldi.
Oston O‘runovning ham “Spartak”dagi ishlari havas qilgulik emas. U yarim mavsumdan beri asosiy tarkibga kira olmayapti, Rossiyaning eng mashhur klubida raqobat borgan sari kuchaymoqda, o‘zbek legionerining ketishi haqidagi xabarlar ham urchib bormoqda. Xullas, O‘runov masalasi hamon mavhum.
Shunga qaramay, Rossiya chempionatining ikkinchi bo‘lagi – Milliy futbol ligasida to‘p tepayotgan futbolchilarimizning ishi besh, deyishimizga asoslar etarli. Vagiz Galiulin va Bobir Davlatov “Nefteximik”da, Vitaliy Denisov “Tom”da mahorat ko‘rsatmoqda.
Umuman olganda, Rossiya Milliy futbol ligasida ham legionerlarga alohida e’tibor qaratiladi. Hozirgi qoidaga ko‘ra, bir jamoa to‘rt nafar chet ellik futbolchini qaydnomadan o‘tkazishi va bir o‘yinda ularning barchasidan foydalanishi mumkin. Avvalgi tartibda esa, Milliy futbol ligasida ishtirok etayotgan klublar besh nafar legionerni ro‘yxatga olib, uchrashuvlarda ulardan uchtasini o‘yinga tushirish huquqiga ega bo‘lgan.
Pandemiya tufayli futbolchilarning bir mamlakatdan boshqasiga ko‘chib o‘tishi qiyinlashganiga qaramay, Rossiyaga kelishni uddalaganlar ham etarlicha. Xususan, Milliy futbol ligasida MDH mamlakatlaridan tashqari, Kanada, Kolumbiya, Gvineya, Yaponiya, Mali, Bosniya, Portugaliya, Finlyandiya, Gana, Braziliya, Serbiya, Makedoniya, Argentina, Eron, Jazoir, Kongo, Nigeriya, Italiya, Germaniya, Liberiya, Sloveniya kabi davlatlardan kelgan charm to‘p ustalari rus diyorida nasibasini terib yuribdi.
Milliy futbol ligasidagi “Volgar”, “Tekstilshik”, “Irtish”, “Krasnodar-2”, “Chertanovo”, “Dinamo Bryansk” va “Shinnik” klublari legioner xizmatidan foydalanmayapti.
Xo‘sh, ligadagi o‘zbekistonlik futbolchilarning natijalari qanday?
“Nefteximik” tarkibida faqat ikki legioner bor. Ular ham o‘zbekistonlik futbolchilar – Vagiz Galiulin va Bobir Davlatovdir.
Galiulin jamoa sardori hisoblanadi. O‘z vaqtida, “Tosno” tarkibida Moskvaning “Spartak” jamoasi darvozasini ishg‘ol qilib, jamoasining Rossiya kubogini yutishiga katta hissa qo‘shgan tajribali yarim himoyachi joriy mavsumda 21 ta o‘yinda qatnashib, uchta gol urdi va bitta golli pas berdi. Uning muvaffaqiyatli o‘yini Valim Abramov e’tiboridan chetda qolmadi va futbolchi O‘zbekiston milliy terma jamoasi yig‘iniga taklif etildi.
Yosh yarim himoyachi Bobir Davlatov ham qisqa tanaffusdan so‘ng, “Nefteximik” tarkibiga qo‘shilganidan beri 13 ta bellashuvda ishtirok etdi. Bobir o‘zi raqib darvozasini ishg‘ol qilmagan bo‘lsa-da, jamoadoshlarini to‘rt marotaba golli pas bilan ta’minladi. Xullas, har ikki futbolchimizning jamoa o‘z o‘rni va mavqei bor.
Bir paytlar premer-liganing kuchli jamoalaridan bo‘lgan “Tom” hozir ancha qiyin ahvolda qolgan. Mavsumga etarli darajada tayyorgarlik ko‘rolmagan tomskliklar ligada qolish uchun kurashmoqda. Jamoasiz yurgan Vitaliy Denisov ham yordamga chaqirilgani shundan.
Rossiya chempioni va kubogi g‘olibi, UEFA kubogi sohibi bo‘lgan Denisov Milliy futbol ligasidagi eng sovrini ko‘p va yuksak darajalarni zabt etgan o‘yinchi hisoblanadi.
“Tom” rahbariyati ham o‘zbekistonlik futbolchining o‘yinlariga hech qanday e’tiroz yo‘qligini ta’kidlamoqda. Denisov haqiqatan ham “Tom” himoyasini mustahkamladi, jamoa himoyachilariga etakchilik qilmoqda. Vitaliy hozircha o‘nta uchrashuvda maydonga tushib, bir bor jamoasining gol urishiga hissa qo‘shdi.
Ayni paytda Milliy futbol ligasidagi legionerlarimiz mavsumning ikkinchi yarmiga puxta tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Fikrlar