
Rejasini o‘zgartirgan bahs, qachon maydonga qaytishi va havasini keltirgan o‘yin yoxud Doston Tursunov jarohat olmaganida qaerda to‘p surishini bilarmidingiz?
Iste’dodli o‘yinchilarimizdan biri Doston Tursunov o‘tgan yilning oxirlarida jarohat olib safdan chiqqani yodingizda bo‘lsa kerak.
Xitoyning “Chuntsin Lifan” klubi sharafini himoya qilayotgan legionerimiz terma jamoamiz ishtirokidagi o‘rtoqlik uchrashuvida oyog‘idan jiddiy lat edi. Shu bois futbolchimiz bir necha oyni o‘tkazib yuborishiga to‘g‘ri keldi. Ayni paytda uning Toshkentda ekanligidan unumli foydalanib, hol-ahvol so‘radik.
- Doston, ahvolingiz qanday? Operatsiyadan keyin ancha vaqt o‘tdi? O‘zingizni qanday his qilyapsiz?
- Avvalambor, O‘FA rahbariyatiga katta rahmat aytaman. Ular menga juda yaxshi sharoitlar yaratib berdi va qo‘llab-quvvatlashdi. 22 fevralda operatsiya bo‘lganimga uch oy bo‘ladi. Holatim ancha yaxshi. Sportga ixtisoslashgan murabbiyim bor. U bilan onlayn tarzda mashqlarni o‘tkazyapmiz. Xudoga shukr, yugurishni boshladim. Aprel oyida Xitoy chempionati boshlanadi. Xudo xohlasa, jamoam bilan yangi mavsumga tayyorgarlik ko‘raman. Mart oyidan to‘plar bilan ishlashni boshlayman. Umumiy mashg‘ulotlarga aprelda qo‘shilaman.
- Rimda operatsiya stoliga yotganingizdan keyin u erda Eldor Shomurodov va Genrix Mxitaryan bilan suratlaringizni ko‘rdik...
- Do‘stim Eldor Shomurodovning o‘g‘lini tug‘ilgan kuni bo‘lgandi. Bizni taklif qildi. O‘shanda Mxitaryan ham kelgan ekan. Shu fursatdan foydalanib, u bilan biroz gaplashdik. Menga hozirgi holatimdan kelib chiqqan holda o‘z maslahatlarini berdi. Jarohatdan keyin ko‘proq nimani ustida ishlash kerakligini tushuntirdi. Mendan 5-10 daqiqa vaqtini ayamadi. Buning uchun unga rahmat. Qolaversa, Eldorga ham minnatdorchilik bildirmoqchiman. Italiyada menga ko‘p yordam berdi. Oldin ham birga o‘ynaganmiz, yaxshiliklarini unutmaslik kerak.
- O‘sha tug‘ilgan kun kechasida Mxitaryandan tashqari yana kimlar qatnashdi?
- Faqat Mxitaryan va Eldor Shomurodovni oilasi.
- O‘sha mahalda “Roma”ning “Sampdoriya”ga qarshi o‘yinini bevosita Eldorning dadasi va akasi stadionda kuzatib borishgandi. Demak, siz ham o‘sha kuni “Olimpiko” stadionidamidingiz?
- Ha, ko‘rdim. Eldor gol urgan uchrashuvda men ham stadionda o‘tirgandim.
- Stadiondagi muhit qanday edi?
- Muhitni gapirmasa ham bo‘ladi. Juda zo‘r. Temp har tomonlama yuqori. Men ham o‘sha erlarda o‘ynashni havas qildim.
- Endi o‘zingizni faoliyatingiz haqida so‘ramoqchiman. Xitoy klubi bilan hamkorlikni davom ettirasizmi yoki ketasizmi, degan savollar yo‘q emasdi...
- Jarohat olmasimdan oldin menda bir qancha takliflar bor edi. Osiyo va Evropadan. Agentlarim gaplashayotgandi, ko‘p masala hatto hal bo‘lib qolgandi ham. Lekin Iordaniyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvidagi jarohatdan keyin rejalar o‘xshamay qoldi. Amalda Xitoy klubi bilan yana ikki yillik shartnomam bor. Faoliyatimni davom ettiraman, qolganini vaqt ko‘rsatadi.
- Sir bo‘lmasa, sizga aynan qaysi klublardan aniq takliflar tushgandi?
- Qatarning “Al-Garafa va “Al-Arabi” jamoalaridan chorlov bo‘ldi. Xorvatiya klubidan ham taklif bor edi.
- Jarohatdan keyin Xitoydagi klubingiz ham sizni qo‘llab-quvvatlab turdimi yoki...
- Jamoam ham har tomonlama yordam beryapti. Xitoyda ham pandemiya-ku, shunda ham klubim yordam ko‘rsatyapti. Jamoam mart oyidan yig‘iladi. May oyining boshiga chempionat boshlanadi.
- Jarohatdan keyin oldingidek sport formangizga qaytish vaqt talab qiladi. Bu borada sizda tashvishli holat kuzatilmayaptimi?
- Yo‘q. Hammasi insonni o‘ziga bog‘liq. Tezroq shu vaziyatdan chiqib ketsam yaxshi bo‘ladi. Xitoydagi faoliyatim ham yaxshi edi, pandemiyani hisobga olmaganda.
- Futbolchi sifatida terma jamoa va klub miqyosida o‘z oldingizga qo‘ygan maqsadingiz qanday?
- Terma jamoa bilan kelasi yili Osiyo o‘yinlarida g‘alaba qozonish. Klub bilan ham niyatimiz jiddiy. Eng katta maqsadimiz jahon chempionatiga chiqish. Ammo ungacha Osiyo Kubogida yaxshi natija ko‘rsatmoqchimiz. Terma jamoamiz yoshartirilyapti, iqtidorli o‘yinchilarga imkoniyat berilyapti. Umid qilamanki, hammasi yaxshi bo‘ladi.
- Katanets bilan ham gaplashib turibsizmi?
- Ha, gaplashdim. Italiyaga borgan paytimda hol-ahvol so‘rab qo‘ng‘iroq qilgandi. Unga ham rahmat. O‘sha paytda hamma yonimda bo‘lib turdi.
Fikrlar