
Rashid G‘ofurov: "O‘yin unchalik ham shiddatli tarzda kechmadi"
Pro liganing so‘nggi, 22-turidan o‘rin olgan “Navbahor-farm” – “Lokomotiv” (1:3) uchrashuvidan so‘ng, farm jamoamiz murabbiyi Rashidjon G‘ofurov matbuot anjumanida qatnashib, OAV xodimlarining savollariga javob berdi.
– Avvalo bugungi bellashuv borasida to‘xtalsangiz...
- Bugun joriy mavsumdagi eng yomon o‘yinlarimizdan birini o‘tkazdik. Ammo bugungi raqibimiz “Lokomotiv”ning ham bu yilgi Pro liga chempioni ekanligini unutmaslik lozim. Biz mazkur bahsda yoshlarga ham imkoniyat berdik. Birinchi bo‘limda mehmonlar ko‘proq ustunlik qilishgan bo‘lsa-da, shogirdlarim ham o‘z imkoniyatlaridan to‘liq foydalanishganida, hisob bunday ko‘rinish olmagan bo‘lardi. Har ikki jamoa ham o‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga erishganligi bois, o‘yin unchalik ham shiddatli tarzda kechmadi. Ushbu bellashuvda futbolchilar o‘zlarining nimalarga qodirliklarini namoyish etishdi.
- Ta’kidlaganingizdek, “Navbahor-farm” ham, “Lokomotiv” ham o‘z oldiga qo‘yilgan missiyani bajarib bo‘lgandi. Ushbu omil ham shogirdlaringizning o‘yiniga o‘z ta’sirini o‘tkazdimi?
- Albatta, o‘tkazdi. Yigitlarga bu yilgi mavsumni yaxshi kayfiyatda yakunlaylik, deb ming uqtirganingiz bilan baribir ushbu holat ham ta’sir o‘tkazadi. Bugungi bahsda yutqazamiz, deb o‘ylamagandim, g‘alaba qozonish yoki hech bo‘lmasa, durang natija qayd etishga umid qilgandim. Mazkur mag‘lubiyat jamoamizning joriy mavsumni 9-o‘rinda yakunlashiga sabab bo‘ldi. Durangga erishganimizda, 8-o‘rinni egallagan bo‘lardik. Afsuski, buning uddasidan chiqa olmadik.
- Hali noyabr oyi kelmay turib, Pro ligada joriy mavsum ham yakunlandi. Shogirdlaringizning yangi mavsumga tayyorgarlik mashg‘ulotlari boshlanguniga qadar, sport formalarini saqlab turishlari qanday kechadi?
- To‘g‘ri, Pro liganing joriy mavsumi biroz erta yakunlandi. Yigitlar 10-15 kun hordiq chiqarishganidan so‘ng, mazkur dastur asosida individual mashqlarni boshlashadi. Keyin klub rahbariyati bilan kelishgan holda, 2024 yilgi mavsumga tayyorgarlikni boshlaymiz.
- Pro liganing bu yilgi mavsumi qanday o‘tganligi borasida ham to‘xtalsangiz...
- Superliga va Pro liga orasida farq bo‘lganidek, Pro liga hamda birinchi liga o‘rtasida ham farq bor. Biz birinchi ligadagi ilk mavsumimizni ham shunday o‘tkazgandik. Ikkinchi mavsumda esa 3-o‘rinni egallaganmiz va Pro liga yo‘llanmasini qo‘lga kiritishimizga oz qolgandi. Uchinchi mavsumimiz, ya’ni, o‘tgan mavsumda birinchi liga g‘olibi sifatida Pro ligaga yo‘l olgandik. Buni adaptatsiya deyiladi.
Xudo xohlasa, yanagi yilga ham menga ishonch bildirishadigan bo‘lsa, kelasi mavsumni bu yilgidan ancha yaxshi o‘tkazamiz, degan umiddaman.
- Pro liganing joriy mavsumida siz uchun eng qiyin kechgan va shirin xotiralar bilan eslanadigan bahslar sifatida qaysi o‘yinlarni e’tirof etasiz?
- Garchi kuchli jamoa bo‘lmasa-da, Nukusning “Aral” jamoasiga qarshi o‘z maydonimiz (1-tur, 0:0) va safarda (12-tur, 3:0) kechgan bahslar biz uchun qiyin kechgandi. Nukusliklar raqibga o‘yin bermaslikka harakat qilishadi. “Aral” joriy mavsumda “Navbahor” farm uchun noqulay raqibga aylandi.
Eng yorqin bahslar sifatida esa safarda “Qo‘qon-1912” (4-tur, 2:2) hamda Pro ligada qolishimizni ta’minlagan safardagi “Andijon-SGS” (21-tur, 1:2) jamoalari bilan bo‘lgan o‘yinlarni keltirishimiz mumkin. Joriy mavsumda chiroyli o‘yinlarimiz ko‘p bo‘ldi. Ammo bunday bahslar bilan natijaga erishib bo‘lmas ekan.
- “Navbahor-farm” Pro ligadagi ilk mavsumidayoq o‘z muxlislariga ega bo‘lib ulgurdi. Hattoki, safardagi ayrim bahslarda ham namanganlik ishqibozlar jamoani qo‘llab-quvvatlashdi. So‘nggi so‘z o‘rnida muxlislarga qanday tilaklaringiz bor?
- Fursatdan foydalanib, bu yilgi mavsumda jamoamizni qo‘llab-quvvatlab, g‘alabalar sari ruhlantirib turgan ishqibozlarga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Hattoki, bugungi bellashuvda ham jamoamiz 0:3 hisobida ortda borayotganligiga qaramay, ular jamoamizni qo‘llab-quvvatlashda davom etishdi. Bunday muxlislikni esa hech qaerda ko‘rmaganman. Shu bois, tanaffusda yigitlarga shuni ham uqtirdim. Bu ham ularga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, 2-bo‘limda shogirdlarim yaxshi o‘yin namoyish etib, bitta gol urishga muvaffaq bo‘lishdi. Xudo xohlasa, kelasi mavsumda muxlislarning ishonchlarini oqlashga intilamiz.
“Navbahor” PFK matbuot xizmati.
Fikrlar