
Pro liganing yangilangan "kapitan"larini bilasizmi?
Kuzatayotgan bo‘lsangiz pro liga musobaqasida ham qator ko‘zga ko‘ringan taniqli futbolchilar bor. Ular o‘z klublarining etakchilari ekanligini aytmasak yaxshi bilasiz.
Bu safar esa e’tiboringizga pro liga klublarining “kapitan”lari haqida so‘z yuritmoqchimiz. Xo‘sh, qaysi futbolchilar sardorlik bog‘ichida to‘p surishyapti?
“Lokomotiv” – Oleg Zoteev
Agar bu yil pro liga klublari tomonidan amalga oshirilgan eng yaxshi transferlar reytingi tuzib chiqilsa, unda Zoteev etakchilardan biri bo‘lishi tabiiy. 34 yoshli tajribali futbolchida bemalol Superligada to‘p surish imkoniyati bo‘lishiga qaramay, u o‘zi uchun qadrdon bo‘lib qolgan “Lokomotiv”ga qaytishga qaror qildi va jamoani Superligaga olib chiqishda hissasini qo‘shishni o‘ziga maqsad qilib qo‘ydi. “Lokomotiv”da Zoteevning sardorlik bog‘ichiga egalik qilishi ayni haqiqat. Qolaversa, yana bir tajribali o‘yinchi Marat Bikmaev ham sardorlik qila oladi.
“Qo‘qon-1912” – Aleksandr Merzlyakov
Bir necha yil mobaynida faqat “Qo‘qon-1912” uchun o‘ynab kelayotgan Merzlyakov o‘tgan yilgi omadsiz mavsumdan keyin jamoasi pro ligaga tushib ketganiga qaramay, tashlab ketgisi kelmadi. U qo‘qonliklar safida pro ligada ham o‘ynashga rozi bo‘ldi. Allaqachon klub Aleksandr uchun qadrli jamoaga aylanib ulgurgan. Mahalliy muxlislar ham uni juda hurmat qilishadi. Murod Xolmuhammedovdan keyin Merzlyakov “Qo‘qon-1912”ning tom ma’nodagi etakchisiga aylandi va o‘z-o‘zidan “kapitan”ga aylandi.
“Dinamo” – Elguja Grigalashvili
Gruziyalik Grigalashvili o‘tgan yilgi mavsumni “Navbahor”da boshlab, ikkinchi davrada “Dinamo”ga o‘tgan. Biroq Guja samarqandliklar bilan Superligani tark etdi. O‘shanda uning ketishi yoki qolishi borasida muxlislar tomonidan qiziqishlar yo‘q emasdi. Biroq amaldagi shartnoma hali o‘z kuchida turgani sababli futbolchi “Dinamo”da qoldi. Yangi mavsumda esa Elguja sardorlik bog‘ichi ostida to‘p sura boshladi. Aslida “kapitan” Erkin Boydullaev. Ammo u ikkala turda ham zaxiradan maydonga tushirildi. Aftidan, Elguja “Dinamo”ning yangi sardoriga aylandi.
“Xorazm” – Abror Xusinov
33 yoshli himoyachi Abror Xusinov oxirgi yillarda faoliyatini “Xorazm” safida o‘tkazib kelyapti. Ilgari Superliga klublarida to‘p surgan futbolchi endilikda urganchliklarning muhim o‘yinchisiga aylanib olgan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, u “Xorazm” sardori hisoblanadi. Qolaversa, Abror jamoada yoshi katta futbolchilar orasida ikkinchi. Jamoadoshi Jasur Otajonovdan bir yoshga kichik. Aytmoqchimizki, Xusinov “Xorazm”ning faxriylaridan biriga ham aylangan.
“Sho‘rtan” – Azamat Abdullaev
Borgan sari pro liganing muntazam qatnashchisiga aylanib borayotgan G‘uzorning “Sho‘rtan” jamoasi bu safar qanday natija ko‘rsatarkin? Bosh murabbiy o‘zgarganidan xabaringiz bo‘lsa kerak. Aleksey Evstafeev eng shimarib ishga kirishgan. Klubda esa sardorlik bog‘ichi himoyachi Azamat Abdullaevda. 29 yoshli himoyachi endilikda maydondagi murabbiyning o‘ng qo‘liga aylangan.
“Mash’al” – Najmiddin Normurodov
“Sho‘rtan” singari “Mash’al” ham bora-bora pro liganing doimiy a’zosiga aylanmoqda. Ko‘rinishidan bu erning havosi yoqib qolganga o‘xshaydi. Qizig‘i, ikkalasi ham Qashqadaryo viloyati jamoalaridir. “Mash’al” asosiy tarkibining negizini saqlab qolyapti va ulardan biri himoyachi Najmiddin Normurodov. Ushbu himoyachi anchadan beri muborakliklar sharafini himoya qilib kelyapti. Jamoasining mudofaa chizig‘ida yo‘lboshchi.
“G‘ijduvon” – Bobur Omonov
Buxoro viloyati nomidan pro ligada qatnashayotgan “G‘ijduvon” o‘tgan yili bu musobaqada debyutini boshlagan. Ularning tarkibida ham buxorolik muxlislar yaxshi bilgan futbolchilar bor. Jumladan, himoyachi Bobur Omonov o‘tgan yildan beri “G‘ijduvon” safida to‘p surib kelyapti. Hozirda Omonov jamoasining “kapitan”iga aylangan.
“Yunired” – Asomiddin Mamatov
Pro liganing debyutantlaridan biri Samarqandning “Yunired” jamoasi sardori 1997 yilda tug‘ilgan futbolchi Asomiddin Mamatovdir. Ushbu yigit hujum chizig‘ida to‘p suradi. U “Yunired”da o‘z o‘rniga ega va etakchilik qobiliyati ham bor.
“Navbahor-farm” – Islom Rashidxonov
Ha, birinchi liga g‘olibi sifatida pro liga yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan “Navbahor-farm” o‘z safiga boshqa klublarda o‘ynagan namanganlik yaxshi saviyadagi ayrim ijrochilarni olib keldi. Aslida “Navbahor-farm” mahalliy iqtidorli yoshlardan tashkil topgan va ularning orasiga namanganlik tajribaliroq o‘yinchilar ham qo‘shildi. Ulardan biri Islom Rashidxonov. U “Navbahor”ning asosiy jamoasida ham o‘ynagan. Qolaversa, “Nasaf”, “Lokomotiv” singari jamoalar sharafini himoya qilgan. Yangi mavsumda Rashidxonovga Superligadan qiziqishlar bor edi. Yakunda “Navbahor-farm”ga yordam beradigan bo‘ldi. Shu zahotiyoq u sardorlik bog‘ichini ham taqib oldi. Islom tarkibdagi yoshlarga o‘rnak bo‘lishga haqli. Chunki bu futbolchining salohiyati ancha yuqori.
“Aral” – Damir Nizanov
“Aral” ham o‘tgan yili “Navbahor-farm” bilan birga birinchi ligada qatnashgan va yaxshi jamoa sifatida taassurot qoldirgan. Pro liga yo‘llanmasiga ega bo‘lgach, nukusliklar tarkibini tajribaliroq futbolchilar yordamida kuchaytirishga harakat qildilar. Natijada boshqa klublarda to‘p surayotgan qoraqalpoqlik yigitlar taklif qilindi. 28 yoshli yarim himoyachi Damir Nizanov esa pro ligada “Aral”ning sardori sifatida to‘p surayotgani e’tiborga molik.
“Andijon-SGS” – Shahboz Jumaboev
Pro liganing yana bir debyutanti yosh “Andijon-SGS” jamoasi chempionatni hozircha ketma-ket ikkita mag‘lubiyat bilan boshladi. Uning tarkibi asosan mahalliy yoshlardan tashkil topgan. Jamoada eng yoshi katta futbolchi 1992 yilda tug‘ilgan Shahboz Jumaboev sanaladi. Qolgan o‘yinchilar asosan 2005 yilda tavallud topgan. 2-turda aynan Jumaboev jamoadoshlarini sardor sifatida maydonga olib tushdi. 1-turda esa yarim himoyachi Zayniddin Hamraboev sardorlik bog‘ichini taqib olgandi. Ammo 2-turda u zaxirada qoldirilgani sababli Jumaboev yana “kapitan”lik lavozimini oldi.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar