Pro liga klublarining lagerlarida nima gap? Kimdir sir saqlayapti, boshqasini ahvoli chatoq...

  • 13 iyul, 2022, 19:05
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Yurtimizda yoz mavsumi. Futbol klublari esa o‘z lagerlarida oldindan ishlab chiqilgan rejalariga asosan tayyorgarlikka jiddiy kirishishgan. Xuddi shunday munosabatni pro liga vakillariga nisbatan ham aytsak bo‘laveradi.

Tecno

Ular Superliga ishtirokchilaridan farqli o‘laroq biroz ertaroq yozgi yig‘inini boshlaganlar. Chunki pro ligada 24 iyun kuni oxirgi tur o‘yinlari o‘tkazilgandi.

Kuzatib borayotgan bo‘lsangiz, elitadagi jamoalarda yuz berayotgan o‘zgarishlarni yoritib kelmoqdamiz. Pro ligaga ham qiziquvchilar ortib borayotgani quvonarli. Shu sababli u erdagi klublar yig‘inini qanday o‘tkazayotgani haqida to‘xtalamiz.

“Turon”

Anvar Berdiev bosh murabbiylik qilayotgan Yaypanning “Turon” klubi yozgi ta’tilga turnir peshqadami sifatida chiqib ketdi. Hozirgacha eng ko‘p g‘alaba ushbu jamoaga tegishli bo‘lib turibdi. 13 ta o‘yinning 10 tasida g‘olib chiqishga ulgurdi. Jamoa mavsumning ikkinchi qismida ham peshqadamlikni qo‘ldan boy bermoqchi emas. Shu bois Berdiev boshchiligidagi futbolchilar yozgi tayyorgarligining dastlabki qismini Tojikistonda o‘tkazishmoqda. Tarkibda ayrim o‘zgarishlar yo‘q emas. Rossiya va Ukrainadan ikkita himoyachi taklif qilingan. “Aral Samali”dan Arislan Yusupbaev ham “Turon”da. Albatta, yig‘in mobaynida nazorat uchrashuvlari ham rejalashtirilgan.

“Andijon”

“Burgutlar” ham tayyorgarligini reja asosida davom ettiryapti. Oldin xabar qilganimizdek, “Andijon” 5 iyuldan Dukentda yig‘in boshlagan va u erda 15 iyulga qadar shug‘ullanishadi. So‘ngra 18 iyuldan Toshkentda to‘planishadi hamda 30-sanaga qadar mashg‘ulot o‘tkaziladi. Xabaringiz bo‘lsa kerak, “Andijon” yozgi yig‘inidagi dastlabki o‘rtoqlik uchrashuvini 11 iyulda AGMKga qarshi o‘tkazib, 1:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Rejaga ko‘ra endi Toshkentda 20 iyul kuni “Metallurg”ga qarshi o‘yin bor. Bundan tashqari, yana kamida ikkita uchrashuv tashkillashtiriladi. Tarkibda katta o‘zgarishlar yo‘q. “Yangier”dan Suhrob Berdiev taklif qilingan. Shuningdek, “Andijon”ning U-19 jamoasidan ayrim iqtidorli yoshlar ham asosiy tarkibga jalb qilingan.

andijon makola_2

“Mash’al”

Muborakliklar odatdagidek o‘z qarorgohida yig‘inga kirishgan. Dilyaver Vaniev ustoziligidagi jamoada hozircha e’tiborga molik o‘zgarishlar yo‘q. Lekin klubning tayyogarligi bo‘yicha aniq ma’lumot berilmayapti. Xuddi nimadir sir saqlanayotgandek. Lekin shunisi aniqki, “Mash’al” Superliga yo‘lida oxirigacha kurashadi. Jamoa o‘yini va tarkibi chakki emas.

“Buxoro”

Buxoroliklar oy boshlarida o‘z qarorgohida mashg‘ulotlarni boshlashdi. Ko‘rinishidan jamoada jiddiy o‘zgarishlar bo‘ladi. Chunki klubning 4-o‘rindaligi rahbariyatni va muxlislarni qoniqtirmayapti. Bizdagi ma’lumotlarga ko‘ra, legionerlarga javob berilgan. Shuningdek, ayrim buxorolik futbolchilarning ham xizmatidan voz kechishlari kutilmoqda. Yaqinda bosh murabbiy Hakim Fuzaylov saytimizga bergan intervyusida Shavkat Salomov bilan bog‘liq muammo borligi haqida aytgandi. Tarkibga yangi nomlar qo‘shilyapti. Qolaversa, Hamidjon Aktamovni “Buxoro”da ish boshlashi haqida xabarlar ham chiqdi. Bu haqida klub bosh direktori bilan bog‘langanimizda hali bu masala ochiq turganini aytdi. Shu bois Fuzaylov o‘z vazifasini bajarishda davom etyapti.

buxoro1_1

“Xorazm”

18 ochko bilan kuchli beshlikni yakunlab turgan Urganchning “Xorazm” jamoasi yaqinda tayyorgarlikni boshladi. Ularning maqsadi yakunda kuchli beshtalikda kurashni davom ettirishdan iborat. Ma’lum bo‘lishicha, “Xorazm” selektsiyada ish olib boryapti va tarkibga tez orada yangi o‘yinchilar qo‘shilishadi. Shuningdek, yig‘in Toshkentda ham davom ettirilishi ko‘zda tutilgan.

“Yangier”

Bu klub mavsumni yaxshi boshlay olmagandi. Keyin bosh murabbiy o‘zgargach, natijalar ham yaxshilandi. Hozirda ular “Xorazm” bilan birga kuchli beshtalikka kirish uchun jiddiy kurashishyapti. Lekin mavsumning ikkinchi qismida “Yangier”ga yanada qiyin bo‘lishi kutilyapti. Boisi, jamoani bir qator etakchi futbolchilar tark etishdi. Jamoaning o‘zagi hisoblangan o‘yinchilarning “Yangier” bilan xayrlashishi evaziga endi o‘z-o‘zidan yangi futbolchilarga extiyoj sezilyapti va ularning o‘rnini munosib ijrochilar bilan to‘ldirish zarur bo‘ladi. O‘z qarorgohida shug‘ullanayotgan jamoa bir qator o‘rtoqlik uchrashuvlari ham tashkil qilmoqda. Qanday o‘zgarishlar bo‘lishini vaqt ko‘rsatadi.

yangier

“Sho‘rtan”

G‘uzor jamoasi o‘zidan yomon taassurot qoldirmayapti. Ayniqsa, o‘z maydonidagi uchrashuvlarda istalgan raqibga bosh-og‘rig‘i bo‘lyapti. Bosh murabbiy Asror Aliqulov mahalliy yoshlardan yaxshi jamoa tuzishga harakat qilayotgani tahsinga sazovor. Klubning moliyaviy imkoniyati u qadar katta emas. Shu sababli jamoa transfer oynasi paytda jiddiy xaridlarni hozircha amalga oshira olmaydi. Shunga qaramay, bu borada izlanishlar yo‘q emas. Tarkibda yangi futbolchilar borligi ma’lum. Faqat rasman shartnoma imzolangandan so‘ng bu borada xabar berishlari ko‘zda tutilgan.

Aliqulov jamoasi bilan birinchilardan bo‘lib mashg‘ulotlarga kirishgan va ayni paytda Yakkabog‘ tumanidagi tog‘li maskanda yig‘in olib borilmoqda.

“G‘ijduvon”

Buxoro viloyatidan pro ligada ikkita klub qatnashyapti. Ulardan biri – “G‘ijduvon” bo‘lib, hozircha 13 ta o‘yinda 10 ochko bilan 8-o‘rinda. Kuni kecha xabar berganimizdek, jamoada bosh murabbiy o‘zgartirildi. Qashqadaryolik Bahodir Shoymardonov iste’foga chiqdi. Buxorolik mutaxassis Gennadiy Kochnev uning o‘rnini egalladi. Endilikda “G‘ijduvon” futbolchilari yangi murabbiy qo‘l ostida shug‘ullanmoqdalar. Darvoqe, 13 ta uchrashuvda 6 ta gol urgan jamoaning nigeriyalik 23 yoshli hujumchisi Sandey Song Longji ayni paytda “Qo‘qon-1912”da ko‘rikdan o‘tmoqda. Mabodo, uning o‘yini murabbiylarga yoqsa, ikkinchi davrani Superligada o‘tkazadi va bu hol “G‘ijduvon” uchun yo‘qotishga aylanishi turgan gap.

kochnev_1

“Aral Samali”

Nukus jamoasi ligada qolish uchun kurashyapti. Davralar oralig‘ida tarkibda o‘zgarishlarga qo‘l uriladimi? Hozircha jamoaning eng iste’dodli futbolchisi sifatida e’tirof etilayotgan Arislan Yusupbaev o‘z omadini sinab ko‘rish uchun “Turon” safiga qo‘shildi. Yozgi yig‘in mobaynida jamoa o‘yinini va tarkibni haminqadar kuchaytirish ishlari olib borilishi ko‘zda tutilgan. Buni qay darajada bajarishlarini vaqt ko‘rsatadi.

“Zomin”

Oxirgi o‘rindagi “Zomin”ning ahvoli chatoq. Bu jamoa go‘yoki hech kimga kerak emasdek. Shu bois klub o‘zi homiy izlash bilan ovora. Barcha klublar yozgi yig‘inini olib bormoqdalar. Ammo “Zomin” klubida moliyaviy muammolar borligi sababli vaziyat ko‘ngildagidek emas. Ushbu jamoadagi voqealar rivojini kuzatamiz. Agar holat o‘zgarmasa...

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!