"Pistirmadagi" OKMK

  • 17 sentabr, 2023, 10:35
  • Yahyoxo’ja Ulug’xo’jayev
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Xabaringiz bor, 18 sentyabr sanasida OChL guruh bosqichi o‘yinlari start oladi. Unga qadar, yurtimiz sharafini himoya qilishi kutilayotgan jamoalarimizning guruhlaridagi raqiblari, ularning o‘yin uslubi va imkoniyatlarimiz haqida fikr almashamiz. Birinchi bo‘lib maydonga tushishi kutilayotgan Nasaf” bu maqolalar seriyasini boshlab bergan bo‘lsa, navbat Olmaliqning OKMK klubiga!

Tecno

Mirjalol Qosimov “bandasi” OChL saralash o‘yinlarining ikkitasini ham juda ishonchli o‘tkazgan holda, guruh bosqichida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. Jamoa o‘z kvartetida Saudiyaning “Al-Ittihod”, Eronning “Sepaxon” va Iroqning “Eyr-Fors” jamoalari bilan kuch sinashadi. Transfer qiymati borasida guruh favoritlari sanalgan jamoalardan ancha orqada bo‘lishiga qaramay, “konchilar” istalgan raqibga jang taklif etishiga shubhamiz yo‘q.

Raqib safida kimlar to‘p tepmoqda?

“Al-Ittihod”. 

al ittixod

Nunu Eshpiritu Santu boshqaruvidagi “Ittihod” bu guruhda g‘olib chiqish uchun so‘zsiz asosiy favorit sanaladi. Tarkibida kechagina jahon futboli yulduzi maqomida bo‘lgan Fabino, N'Golo Kante, Karim Benzema, Luiz Felipe singari ijrochilar mavjud. Shuningdek, Saudiya Arabistoni terma jamoasi a’zosi sanalgan bir nechta mahalliy futbolchilar ham bor. Jamoa yuqori tempda o‘yin ko‘rsata olibgina qolmay, kerakli pallada to‘pni raqibga topshirgan holda qarshi hujumda ham o‘ynay oladi. Shunga qaramay, ayrim kamchiliklar ham yo‘q emas.

Qog‘ozda “Al-Ittihod” qay darajada kuchli ko‘rinmasin, hali yaxlit mexanizmga aylanib ulgurgani yo‘q. Bosh murabbiy va Karim Benzema o‘rtasidagi mojarolar haqida OAV tinmay yozib turibdi. Qo‘shimchasiga, endi shakllanayotgan jamoa Saudiya Arabistoni ichki birinchiligida 6 o‘yinda ishtirok etdi, xolos. Katta ehtimol, Mirjalol Qosimov “Al-Ittihod”ning “Al Hilol” bilan o‘yindagi (3:4) harakatlarini o‘rganishni boshlab yuborgan.

Tarkib borasida OKMK Saudiya klubidan sezilarli darajada orqada ekanligi fakt, biroq OKMK “Al-Arabi” bilan mehmondagi bahsda ikkinchi raqamda yaxshi o‘ynay olishini ko‘rsatgani yodimizdan chiqqani yo‘q. Agar “konchilar” o‘yinga ruhan va jismonan yaxshi tayyorgarlik ko‘rsa, kerakli natijani qayd etish (oz bo‘lsada) imkoniga ega.

“Sepaxon”. 

sepaxan

Ayni damda Eron chempionatida peshqadamlik qilayotgan “Sepaxon” tarkibi deyarli barchasi mahalliy futbolchilardan tashkil topgan, birgina braziliyalik himoyachi Nilson Junior bundan mustasno. Portugaliyalik mutaxassis Xose Moraes boshqaruvidagi “Sepaxon” Eron chempionatini juda yaxshi boshladi. 4 o‘yinda yuz foizlik natija ko‘rsatgan forslar “Istiqlol” bilan printsipial bahsda ham minimal hisobda g‘olib chiqqani e’tiborga molik.

Jamoa joriy mavsumda oldiga ichki birinchilikda g‘olib chiqish bilan birgalikda, OChLda imkon qadar uzoqroqqa borishni maqsad qilib qo‘ygan. Bu haqida Eron nashrlari bot-bot eslatib turibdi. OKMKdan farqli o‘laroq, jamoada bosim mavjud. Qo‘shimchasiga, Saudiya Arabistoni jamoalari bilan keskinlik maydonda ham o‘z aksini topishiga shubha yo‘q. “Sepaxon”ning transfer qiymati OKMK bilan solishtirganda katta farq qilmaydi. Rivojlanish yo‘li va tanlagan strategiyasi ham o‘xshash. Aynan ikki jamoa guruhda “Al-Ittihod”ga asosiy raqib vazifasini bajarib berishga harakat qilishi kutilmoqda.

“Eyr-Fors”. 

Air-Force-Club-v-Al-Jazira---team-celebration

Iroq futbolining “bayroqdor” jamoasi sanalgan “Eyr-Fors” guruhdagi autsayder maqomida harakat qilishi kutilmoqda. 3 karra OFK kubogida zafar quchgan jamoa tarkibida bir nechta Afrika qit’asi vakili bo‘lgan legionerlar bor. Ular orasida Samson Eduku (Gana, hujumchi), Afrie Akuah (Gana, yarim himoyachi), Klaus Agbozo (Gana, himoyachi),  Bakariy N’diya (Ispaniya), Franko Atchou (Togo) singari ijrochilar mavjud. Jamoani 50 yoshlik mahalliy mutaxassis Qahran Chatir boshqarib bormoqda. Shuningdek, Iroq terma jamoasini asosiy kuchi sanalgan bir nechta futbolchilar ham “Eyr-Fors” sharafini himoya qiladi.

O‘yin uslubi borasida OKMKga o‘xshab ketadigan jamoa bilan bo‘ladigan o‘yinlar juda muhim. Aynan shu bahslarda olinishi kerak bo‘lgan maksimum (6 ochko) ballar yakunda keyingi bosqichga chiqish imkoniyatini taqdim etishi hech gap emas.

OKMKning guruhdan chiqish imkoniyatlari qanday?

okmk

Kvartetda “Al-Ittihod” g‘oliblik uchun asosiy da’vogar ekanligini tan olish lozim. Saudiya Arabistoni klubi klass  va ijrochilar darajasidagi farq evaziga ham (murabbiylar shtabi no‘noq ishlagan taqdirda ham) 1-o‘rinda bo‘lishi ehtimoli yuqori, ammo voqealar rivojidan ilgarilab ketmaslik lozim. OChL bu Saudiya Arabistoni chempionatidan keskin farq qiladigan musobaqa. Bu erda, uslublar to‘qnash keladi. Boz ustiga, 6 ta o‘yinda 6 xil yondashuv talab etiladi.

Olmaliq klubi natijadan qat’iy nazar turnirda munosib ishtirok etishiga shubham yo‘q. Blitskrig borasida Qosimovning iqtidorli ekanligini ko‘p takidladim. “Sepaxon” bilan Olmaliqdagi va “Eyr-Fors” bilam mehmondagi bahslardagi  g‘alaba jamoamizni kamida ikkinchi o‘rin uchun asosiy da’vogarga aylantiradi.

OKMK ikkinchi raqamda yaxshi harakat qilishini hisobga olgan holda, jamoaning pley-offga chiqish uchun potentsiali bor, deb hisoblayman. Shunchaki, uni yaqinlashib kelayotgan o‘yinlarda bexato realizatsiya qilish lozim. Guruhdagi nomlar qo‘rqinchli bo‘lishiga qaramay, “konchilar” uchun hech biri uslub tomondan noqulay emas. OKMK bu guruhda "pistirmadagi ovchi" obrazida. To‘g‘ri, o‘qlar soni sanoqli, ammo ularni nishonga tekkazsa, jamoa maqsadiga etishi aniq.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Жабборов Ахмаджон
17/09/2023 19:57
Қийинчиликда ҳатто рақиблар ҳам бирлашади. Биз сен билан ОКМК ва НАВБАҲОР омад ҳамиша ёр бўлсин.