
«Paxtakor»ga nima bo‘ldi? Xyuistraning muammosi nimada? Nimalar xursand qilmoqda? Qaerda xato ketyapti?
«Paxtakor» «Sharja»ga qarshi o‘yinda ochko yo‘qotganidan xabaringiz bor. «Sherlar» guruhdan chiqish imkoniyatlarini keskin pasaytirib yubordi. Xo‘sh, buning asosiy sababi nima? «Paxtakor»ning zaif nuqtalari qaerda? Qaysi aspektlarda «sherlar» oqsamoqda. Bugun shu savollarga javob izlashga urinib ko‘ramiz.
Keling, tan olaylik, Shotaning «Paxtakor»i bilan hoziri jamoa o‘rtasida farq bor. Shu bois, ularni keskin tanqid qilishdan tiyilish lozim. Shunday ekan, biz bu maqolada ularning kuchli va kuchsiz tomonlari haqida fikr yuritamiz.
Ijobiy tomonlari:
Yoshlarga yo‘l
Bu OChLni bemalol «Paxtakor»ning ayrim futbolchilari uchun bag‘ishlangan, deb aytishimiz mumkin. Hojimat Erkinov, Abror Ismoilov, Ibrohimxalil Yo‘ldoshev, Sharof Muhitdinov, Aziz Turg‘unboev, Diyor Xolmatov singari yigitlar o‘z faoliyatidagi ilk ulkan turnirda muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda. Bu turnirda ularga bildirilgan ishonch kelajakda futbolimiz uchun ulkan naf keltirishi mumkin. Sababi, aynan shunday «validol» o‘yinlarda sportchilarning xarakteri shakllanadi. Yuqorida nomi zikr qilingan yigitlar orasida Erkinovni alohida e’tirof etish darkor! O‘zbek futbolidagi eng kuchli vinger - Jaloliddin Masharipovning o‘rnini Hojimat sekin-asta egallab kelmoqda. Tezkor, texnikasi kuchli va tirishqoq yigit «Traktor» bilan bahsda zaxiradan maydonga tushib, o‘yinda burilish yasaganini barchamiz ko‘rdik.
Shuningdek, Muhitdinov ham OChL darajasiga ko‘tarilganini ham bilib oldik. Yo‘ldoshev qanotning istalgan pozitsiyasida birdek faol bo‘lishga qodir ekan. Diyor esa, «Sharja» bilan ikkinchi o‘yinda qanotda faol bo‘lganini ko‘rdik. Umumiy qilib aytsak, «sherlar» ketganlarning o‘rnini mahalliy yigitlar bilan to‘ldirmoqda. Jaloliddin Masharipov, Doston Hamdamov, Odil Hamrabekov Shota Arveladze qurgan futbolning ustunlari edi. Piter Xyuistra qo‘lidagi «masalliq»dan imkon qadar totli taom tayyorlashga chiranmoqda. Biz Arveladze davrida ko‘rishga o‘rganib qolganimiz - "shohona taom"ni tayyorlay olmasligi aniq edi. O‘xshamasada, boriga shukr qilish kerak. Yaqin yillar ichida yuqorida aytilgan futbolchilar ko‘p o‘tmay, terma jamoa uchun ham naf keltirishi mumkin. Agar o‘z o‘yini bilan skautlar nazariga tushsa, legioner maqomini olishi hech gap emas.
Jismoniy tayyorgarlik
OChLning ilk turida «sherlar» Eron klubi bilan qanday xarakter ko‘rsatgani yodingizdan ko‘tarilmagan bo‘lsa kerak. Toshkent jamoasi 0:2 natijani 3:2 ga aylantira oldi, biroq markazdagi bo‘sh o‘yin sababli, 3 ochkodan quruq qoldi. Bunga sal keyinroq to‘xtalib o‘tamiz, hozir ijobiy tomonlari haqida. OChLning birinchi davrasida atigi 2 ochko jamg‘argan bo‘lsada, klub jismonan hech bir raqibiga bo‘sh kelgani yo‘q. 90 daqiqa davomida qanotlar orqali hujum uyushtirishni uddaladi. «Sharja» bilan birinchi o‘yinda ham vaziyatlardan foydalana olmaslik «kasali» xuruj qilgani pand berdi. Umuman olganda, o‘zbek klublaridagi eng katta muammo - jismoniy tayyorgarlik! Bu borada o‘sish bor, shunisi quvontirmoqda. Agar zich taqvimli musobaqada bu aspektdagi ustunligimiz 6-turga qadar saqlanib qolsa, kvartetda ikkinchi pog‘onani qo‘lga kiritishimiz ham hech gap emas.
Shotadan qolgan sxema kuchda!
Gruziyalik mutaxassis o‘z faoliyatini to‘liq bir o‘yin sxemasini futbolchilarga singdirishga bag‘ishladi, 4-2-3-1 bizning futbolga begona emas. Mirjalol Qosimov, Vadim Abramov va Ro‘ziqul Berdiev tomonidan sxemani ishga solinganiga bir necha bor guvoh bo‘lganmiz. Ulardan farqli o‘laroq, Arveladze 4-2-3-1 ni eng zamonaviy darajasiga olib chiqdi. Qanotdagi himoyachi va vingerlar shu qadar uyg‘un harakat qila boshladiki, hatto, bir-birini ko‘rmay pas bera boshladi. Hamdamov - Alijonov, Masharipov - Sayfiev tandemi yuqori darajaga ko‘tarildi. Ular ketgach, Xyuistra jamoaning asosiy quroli - qanotlarda muammoga duch keldi. Niderlandiyalik mutaxassis imkon qadar yo‘qotishlarni bartaraf etishga urinmoqda, ammo bu oson emas. Ketganlar kelganlardan saviya bobida ancha ustun ekanligini bilish uchun futbol mutaxassisi bo‘lish shart emas. Quvonarlisi shundaki, Piter Shotaning shuncha yillik mehnatini poymol qilmadi. Shunchaki, uning ishini davom ettirishga qaror qildi. Bu tarkibdagi boshqa yigitlar uchun bir muncha qulayliklar yaratadi. Ayniqsa, Shota davrida mashg‘ulotlarda ishtirok etgan yigitlar ortiqcha qiyinchiliksiz yangi murabbiy targ‘ib etayotgan futbolni his qiladi.
Salbiy jihatlari:
Markaziy hujumchi qani?
Biz erinmay tanqid qilgan Igor Sergeev Qozog‘iston chempionatida yo‘qolib qolgani yo‘q. Xatto, ingliz klublari e’tiboriga ham tushdi. To‘g‘risi, «Paxtakor» qanday qilib uni qo‘yib yuborgani tushunarsiz. Mayli, jamoa Igorga biroz «havo almashtirish» ziyon qilmaydi, deb hisoblabdi, ammo uning alternativ varianti qani? Qanday qilib birgina markaziy hujumchi bilan 6 tur davom etadigan OChLda ishtirok etish mumkin? Yana o‘yinlar orasida juda qisqa bir paytda-ya? Mayli, klub Cheranning universalligiga suyangandir, biroq Dragan «temir odam» emas! U ham o‘zini qulay his etishi uchun hujumchi ortida to‘p suradi. Bir narsa e’tiborimni tortdi: «Paxtakor» hujumda tezlik oshirsa, albatta, xavfli vaziyat sodir etmoqda. Bu tezlikka 100 foiz javob berishi uchun chaqqon forvard zarur! Eren Derdiyok klassi baland bo‘lsa-da, yuqori tempda o‘zini «baliqdek» his etadigan futbolchi emas. Sergeevdan farqli o‘laroq, Eren universal ham emas. U qarshi hujumda foydasiz. Faqat jarima maydonchasi ichida gavdasi bilan effekt berishi mumkin. Ancha og‘ir bo‘lgani uchun «Paxtakor»ning o‘yinidan bir necha bor tushib qoldi. «Sharja» bilan ikkinchi to‘qnashuvda Eren bir necha bor uzatmalarga etib kela olmadi. Ikkinchi qavatda ham foydasiz o‘ynadi. Vaholanki, uning asosiy fishkasi yuqoridan kelayotgan to‘plarga egalik qilish edi. Osiyoning chaqqon himoyachilari deyarli har bir o‘yinda undan o‘zib ketmoqda. Markaziy hujumchining yo‘qligi bois, Xyuistra Cheranni markazga ko‘chirishga majbur bo‘lmoqda. Bu esa, o‘yin borishini sekinlashib ketishiga olib kelyapti. Cheran 14-hududda so‘nggi pas ijro etishi, to‘pni qanotlarga ko‘chirib, hujumga temp qo‘shishni qoyilmaqom darajada uddalaydi. Uning klassik hujumchiga aylanishi «Paxtakor»ning hujumlaridagi rang-baranglikni kamayishi olib keladi. Aynan shu bois, «sherlar» ikki o‘yinda (Cheran markaziy hujumga ko‘chirilganda) so‘nggi daqiqalarda g‘alabani qo‘ldan chiqarib yubordi.
Markaziy himoyadagi muammolar
Afususki, O‘zbekiston chempioning mudofaa chizig‘ida muammolar etarlicha. Qanotlardagi yigitlarga hech qanday e’tiroz bo‘lmasligi mumkin, lekin markaziy ikki yarim himoyachi ortda qolgan 4 turning barchasida xatolarga yo‘l qo‘ydi. A’zamov - Ismoilov, Ismoilov - Krimets...
Traktor ga qarshi bahs:
1. Anzur Ismoilov sababli penalti belgilandi;
2. Krimets tezlikda eronlik futbolchiga eta olmadi;
3. Krimets sun’iy ofsayd hosil qilishga kech qoldi va penaltiga sabab bo‘ldi.
«Sharja» bilan birinchi uchrashuv:
1. Darvozabon Quvvatov to‘pni o‘zidan uzoqlashtirdi, ammo markaziy himoyachilardan birortasi unga BAA klubi a’zolaridan avvalroq etib kelgani yo‘q;
2. «Sharja» hujumchisi Kayo so‘nggi himoyachi obrazidagi Anzur Ismoilovni "daraxtni" aldab o‘tgandek ortda qoldirdi va golli uzatma berdi. Bu vaziyatda «Paxtakor»ning butun himoyachi chizig‘i birgina hujumchini to‘xtatib qolishni uddalay olmadi;
3. Maydon markazida to‘pni qabul qilib olgan raqib butun himoyani birgina tezlik evaziga dog‘da qoldirib, Quvvatov darvozasini ishg‘ol qildi.
"Sharja" bilan ikkinchi uchrashuv:
1. Ismoilov futbol hakamning hushtagiga qadar o‘ynalishini unutdi va Muhammad Halfanni sustkashtlik bilan qo‘riqladi. Oqibatda, 3 ochko qo‘ldan ketdi;
Menimcha, «Paxtakor»ning markaziy himoyasi qay darajada jamoaga pand berayotgani haqida ortiqcha fikr bildirishga hojat yo‘q. Jismonan baquvvat bo‘lsada, tezlik bobida raqiblariga katta farq bilan engilayotgan Ismoilov, A’zamov va Krimets «sherlar»ning tablodagi natijasiga o‘zi bilmagan xolda ta’sir ko‘rsatmoqda.
Zamonaviy futbolda bejiz markaziy himoyachilarning transfer summasi 100 millionga chiqib ketgani yo‘q. Gap shundaki, intensiv futbol o‘ynaydigan kuchli klublar istalgan daqiqada sug‘urtalashga qodir tezkor va baquvvat himoyachilarga ehtiyoj sezadi. Toshkent klubi ham zamonaviy uslubga murojaat etmoqda, lekin orqa chiziqda bunga javob beradigan ijrochi yo‘q. Shu vaj ham 4 tur davomida atigi 3 ochko jamg‘arilishiga sabab bo‘ldi.
Xyuistra Shota emas!
Joze Mourinoning bir mashhur jumlasi bor: «Futbolni 11 futbolchi o‘ynaydi, ammo mag‘lubiyatga murabbiy javob beradi!». Qaysidir ma’noda uning so‘zlarida mantiq bor. Maydondagi yigitlar ko‘rsatayotgan futbol murabbiyning imzosi! Piter Xyuista qaerdadir kamchiliklar bor ekanligini anglashi va ortda qolgan 4 tur davomida muammolarga echim topishi shart. Boshqachasiga «sherlar»ni kvartetdan omon chiqishi dargumon. Bir qarashda, «Paxtakor» guruh peshqadimidek taassurot qoldirgan edi. 4-turdan so‘ng, 2-o‘rinni egallash ham ulkan voqeadek tuyulmoqda.
Afsuski, Piter Xyuistrada umuman zaxira rejasi yo‘q. Har qanday kuchli mutaxassis o‘z «B» rejasiga ega bo‘lishi shart. «Paxtakor» 2 o‘yinda g‘alabani qo‘lidan chiqarib yuborgani so‘zimizga isbot bo‘la oladi. Nima bo‘lgan taqdirda ham, Piterning bu ilk professional debyuti. Unda hali tajriba etarlicha emas. Doimo asosiy murabbiy fonida bo‘lgan bo‘lsa-da, katta sahnaga chiqish bu umuman o‘zgacha holat. Xyuistra hali chempionatda bir davra yakka ish olib bormay, Osiyoning taniqli jamoalari bilan to‘qnash keldi. Natija birinchi o‘ringa ko‘tarilgan o‘yinlarda murabbiylaring «fishkalari» va ayyorliklari birinchi planga ko‘tarilishi shart.
«Paxtakor»ning hujumlari to‘liq Cheranga bog‘liq bo‘lgani uchun «Eyr Fors» serbni butkul yopib tashladi. Tayanch zonasidagi futbolchilar va hatto, markaziy himoyachilar ham uni keskin qarshi olish vazifasi bilan maydonga tushdi. Yakunda, «Paxtakor» o‘yin davomida atigi 1 bor golli vaziyat yaratdi, xolos. Kombinatsiyalar davomiyligi Cheransiz 4-5 pasdan ortgani yo‘q. Ichki chempionatda bu paslar soni ayrim bahslarda 17-19 tagacha ko‘tarilgan. 14-hududda Cheran yopib tashlangach, «Paxtakor»da zaxira rejasi yo‘qligi pand bera boshladi. Shu bois, iroqliklar qarshi hujumga o‘tish uchun qanot futbolchilarini almashtirdi. Qarabsizki, ikkinchi bo‘limda ular xavfli vaziyat yaratish bobida biznikilardan yaxshiroq statistika qayd etdi.
Agar Xyuistrada «B» reja bo‘lganida, «Eyr Fors» «sherlar» uchun o‘tib bo‘lmas to‘siq emas edi. Guruhdagi vaziyatning yomonlashib ketishiga ham Iroq klubi bilan o‘yin sabab. Agar o‘sha bahsda 3 ochko olinganida, hozir «Paxtakor» 5 ochko bilan pley-off yo‘llanmasi uchun asosiy da’vogar bo‘lib qolaverar edi. Umuman olganda, amaldagi O‘zbekiston chempionini kurashdan chiqdi deyishga erta. Hali imkoniyatlar bor. Endi 2 o‘yinda 6 ochko ishlashning o‘zi kamlik qilishi mumkin. Barchasi, so‘nggi turning oxirgi soniyalarida hal etilsa kerak.
Yaxyoxo‘ja Ulug‘xo‘jaev
Fikrlar