
"Paxtakor" va arab klublaridan takliflar bor, O‘zbekistonda hayron qoldirgan narsa, Jahon chempionatida mamlakati Serbiyaning imkoniyati yoxud Aleksandar Stanisavlevich bilan intervyu
Ayni paytda Qatarda Jahon chempionati tobora o‘zining avj pallasiga chiqib bormoqda. Mundialga bo‘lgan qiziqish o‘ta yuqori darajada bo‘lib turibdi.
O‘zbekistonda esa mavsum yakuniga etdi va jamoalar yangi mavsumga tayyorgarlik ko‘rish rejalarini ishlab chiqmoqda. Shuningdek, ayrim klublarni etakchi futbolchilar tark etmoqda.
Bu mavsum Superligada OChL yo‘llanmasi uchun oxirigacha kurash olib borgan Navoiyning "Qizilqum" jamoasi legioneri klub bilan shartnomasini bekor qildi. Biz shu fursatdan foydalanib, "oltin izlovchilar" sobiq yarim himoyachisi Aleksandar Stanisavlevichni suhbatga tortdik.
U o‘tgan mavsumda qayd etilgan natijalardan qoniqqani, "Paxtakor", boshqa Superliga klublari va arab jamoalaridan taklif bo‘layotgani va albatta, mundialda mamlakati Serbiya hamda favorit terma borasida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
- Avvalombor, assalomu alaykum! "Qizilqum"da mavsum qanday o‘tdi. O‘z o‘yiningizdan ko‘nglingiz to‘ldimi?
- Mavsum yaxshi o‘tdi. O‘ylashimcha, beshinchi o‘rin yomon natija emas. Bu futbolchilar uchun ham, klub uchun ham qoniqarli mavsum bo‘ldi, deya olaman.
- Sizni "Paxtakor"ga o‘tayotganingiz haqida xabarlar chiqmoqda. Bu rostmi?
- Ayni vaqtda bu haqda batafsil gapirishni istamasdim. Kelasi mavsum boshlanishiga etarli fursat bor. Hammasini vaqt hal qiladi.
- Boshqa klublardan ham takliflar ham bo‘ldimi?
- Ha, O‘zbekiston klublaridan takliflar kelib tushmoqda. Shuningdek, arab jamoalari varianti ham yo‘q emas. Ko‘ramiz, hozircha yakuniy qarorga kelganim yo‘q.
- Kelajakdagi rejalar qanday? O‘zbekiston Superligasidan ham yaxshiroq chempionatlarda to‘p tepish niyatingiz bormi?
- Hozirda men oilam bilan birgaman. Yangi mavsumga tayyorgarlik ko‘rmoqdaman. O‘zbekistonda o‘zimni baxtli his qilyapman. Shuningdek, hamma narsa bo‘lishi mumkinligini ham aytib o‘tmoqchiman. Sababi, bu futbol.
- O‘zbekistonda sizni eng ko‘p hayron qoldirgan narsa nima bo‘ldi?
- Odamlar yoqdi, albatta. Ular mehribon va xorijlik insonlarga qo‘ldan kelgancha yordam beradi. Bunisi albatta, hurmatga loyiq!
- Superligada qaysi jamoaning o‘yinidan zavq oldingiz?
- Men chiroyli futbol ko‘rishni istayman. To‘p nazorati, hujumkor o‘yin namoyish etadigan klublarning o‘yinini tomosha qilish menga zavq bag‘ishlaydi. Superligada shunday xislatlarga ega ikki jamoa sifatida "Paxtakor" va "Nasaf"ni ko‘rsatishim mumkin. Ular ayni payt O‘zbekistondagi eng kuchli jamoalardan sanalishi ham bejizga emas.
- Ayni paytda Jahon chempionati o‘yinlari davom etmoqda. Mamlakatingiz Serbiyaning imkoniyatlarini qanday baholaysiz? Sizningcha, yakunda kim Jahon chempioni bo‘ladi?
- Serbiya Shveytsariyani engadi va keyingi bosqichga yo‘l oladi, deb umid qilaman. Barcha yurtdoshlarim terma jamoadan shuni kutishmoqda. Biz Serbiyaning yaxshiroq natija qayd etishiga ishonamiz.
Hozir Argentinaning imkoni yaxshiroqdek ko‘rinmoqda. Boshqa jamoalarda ham imkoniyat kam emas.
- Bilishimizcha, siz bouling o‘ynash bilan shug‘ullanib turasiz? Bundan tashqari, yana qanday sevimli mashg‘ulotlaringiz bor?
- Ha, bouling o‘ynashni yoqtiraman. Qolaversa, stol tennisi, bilyard va basketbol ham o‘ynab turaman.
- Tushunarli. Taklifimizni rad etmasdan, savollarga javob berganingiz uchun rahmat! Kelgusi faoliyatingizga muvaffaqiyatlar tilab qolamiz!!!
- Sizga ham minnatdorchilik bildiraman. Ishlaringizga omad!
Shohrux Zoirov suhbatlashdi.
Fikrlar