
"Paxtakor" ertaga Rossiyaning amaldagi chempioni bilan o‘ynaydi. O‘yin oldidan faktlar
"Paxtakor" BAAdagi yig‘in doirasida birinchi nazorat o‘yinini ertaga "Zenit"ga qarshi o‘tkazadi.
Ushbu jamoalar rasmiy bellashuvda oxirgi marta 1990 yil maydonga tushgan. Toshkentda SSSR chempionati bahsida "sherlar" 2:1 hisobida zafar quchgan. O‘shanda Igor Shkvirin va Xoren Oganesyan "Paxtakor"dan, Dmitriy Radchenko raqib tomonidan to‘p kiritgan.
Chempionatlar doirasida jami 46 o‘yin o‘tkazilgan. Piterliklar 19, "sherlar" esa 18 g‘alabaga erishgan. 9 uchrashuv durang bilan tugagan. Piter klubi darvozasiga 65 to‘p kiritgan "Paxtakor" o‘z darvozasidan 67 gol olib chiqqan. Ushbu raqib ustidan 1968, 1973 va 1982 yillari "sherlar" 5:0 hisobida ustun kelgan.
Bu jamoalar tarixini o‘zaro bog‘lab turuvchi futbolchi Yuriy Zagumennix sanaladi. U 1970-75 yillarda "Zenit", 1976 yildan boshlab, "Paxtakor" sharafini himoya qilgan. 1979 yil aviahalokatda hayotdan ko‘z yumgan. Piterliklar tarixidagi eng kuchli 50 futbolchi ro‘yxatiga kiritilgan.
"Zenit" va "Paxtakor" o‘rtasidagi o‘rtoqlik o‘yini 24 yanvar, yakshanba kuni Toshkent vaqti bilan 12:00da Dubaydagi "Nad Al Sheba" majmuasi maydonida boshlanadi.
Fikrlar