
"Paxtakor" bilan o‘yin, "Olimpik"ning jiddiy qarshiligi va namanganlik muxlislarning eng zo‘rligi haqida - Samvel Babayan matbuot anjumanida nimalar dedi?
O‘zbekiston Kubogi nimchorak finalidan o‘rin olgan “Olimpik” – “Navbahor” (0:1) bahsidan keyingi matbuot anjumanining birinchi qismida mehmonlar bosh murabbiyi Samvel Babayan ishtirok etib, OAV xodimlarining savollariga javob berdi. Samvel Vyacheslavovich o‘z so‘zini o‘yin haqidagi fikrlari bilan boshladi.
"Fikrimcha, qiziqarli va kurashlarga boy uchrashuv bo‘ldi. “Navbahor” muxlislarini keyingi bosqich yo‘llanmasi bilan tabriklayman! Yigitlarga xarakter namoyish etgani uchun rahmat aytaman, oson bo‘lmadi. “Olimpik”ni alohida e’tirof etish lozim. O‘zbek futbolining kelajagi bo‘lmish yosh va iqtidorli futbolchilar yaxshi o‘yin ko‘rsatdi. Shubhasiz, “Olimpik” barcha jamoalarga qiyinchilik tug‘diradi. Bugungi raqibimiz tarkibida o‘z yosh toifasining eng kuchli vakillari jam bo‘lgan.
Emotsiyalarga boy uchrashuv bo‘ldi, hali o‘yinni qayta ko‘rib chiqamiz. Umuman, vaziyatlar yaratdik, lekin yakun etishmadi. Buning ustida ishlaymiz. Rohatlanish uchun hammasi bor edi: muhit, muxlislar, stadion".
“Paxtakor” bilan o‘yinga oz muddat qoldi. Bugun “Navbahor” ko‘p kuch sarfladi. Bu poytaxtliklarga qarshi kechadigan bahsda jismoniy tarafdan muammo tug‘dirmaydimi?
"Biz turli holatdamiz. Qur’a natijasiga ko‘ra, “Paxtakor”ga Pro Liganing “Sho‘rtan” jamoasi, bizga esa etakchi jamoalar kushandasi “Olimpik” tushgandi. Jamoa yuqori pressing qo‘llaydi, juda faol o‘ynaydi".
"Mavsum boshidan buyon “Navbahor” asosiy tarkibining deyarli 70 foizini rotatsiyasiz o‘ynatyapsiz. Vaholanki, zaxira juda keng. Hal qiluvchi o‘yinlarga kelganda jamoangiz jismonan toliqib qolishidan qo‘rqmaysizmi?"
"Rotatsiyaga kelsak, u sun’iy bo‘lmasligi kerak. Rotatsiya qilish uchun maydonga tushgan futbolchilar o‘yinni kuchaytirishlari lozim.
Boshqa tarafdan olsak, jamoamizning tarkibi 90 foizga yangilangan. Hatto bu erda juda ko‘p o‘ynagan futbolchilar ham maydonga tushish uchun o‘z vaqtlarini kutishlari kerak".
"Paxtakor”ga qarshi kechadigan o‘yinda namanganlik muxlislardan nimani kutyapsiz? Ular stadionni to‘ldirishadimi?
"Shubhasiz, eng yaxshi muxlislarga egamiz. Buni statistika orqali ham bilish mumkin. Jamoamiz ko‘rsatayotgan natija ham ularda qiziqish uyg‘otmoqda. “Paxtakor” bilan bahsda stadion to‘lishiga ishonaman".
“Navbahor” PFK matbuot xizmati
Fikrlar