
O‘zPFL: Endi yozgi issiqda futbol o‘ynalmaydi
O‘zPFL Ijroqo‘mi 2022 yilgi mavsumni ertaroq yakunlash borasida qaror qabul qilgani haqida ma’lumot bergandik. Yig‘ilishda, shuningdek, 2023 yilgi mavsum yuzasidan ham qarorlar qabul qilindi.
Sir emaski, global isish oqibatida yozgi vaqtlarda futbol uchrashuvlarini tashkil qilishda muammolar mavjud. Issiq ob-havo futbolchilarning jismoniy holatiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatmay qolmaydi.
Buning oldini olish maqsadida O‘zPFL qator ishlarni amalga oshirib kelmoqda. 2021 yildan boshlab Superliga klublari ishtirokidagi o‘yinlar yoz oyida 20:00 dan erta boshlanmaydigan bo‘ldi. 2023 yildan boshlab Pro ligada ham bu amaliyot qo‘llaniladi va etarli darajada yoritish tizimi mavjud bo‘lmagan stadionlarga nisbatan cheklov o‘rnatiladi.
O‘zPFL Ijroqo‘mi asosiy masala sifatida yozning chillasida futbol uchrashuvlarini o‘tkazmaslik masalasini muhokama qildi. Rejaga ko‘ra, 2023 yildan boshlab musobaqalar 25 iyun hamda 5 avgust oralig‘ida o‘tkazilmaydi.
2023 yilgi mavsumni 15 fevraldan keyinoq boshlash masalasini O‘zPFL o‘z Ijroqo‘miga 1 ta taklif va 2 ta sabab bilan tushuntirdi. Taklif sifatida 2022 yilgi mavsumni ertaroq — 21 noyabrga qadar yakunlash masalasi berildi. Sabab sifatida esa “Nasaf” futbol klubining Chempionlar ligasidagi ishtiroki hamda O‘zbekiston milliy terma jamoasining Osiyo kubogidagi ishtiroki ko‘rsatildi.
Manba: O‘zPFL matbuot xizmati.
Fikrlar