O‘zPFL emas, O‘zMTRK javob berishi kerak

  • 7 iyul, 16:35
  • Karim Xudayqulov
  • 3
  • Futbol
CHERY AUTO

Kecha O‘zbekiston Superligasi doirasida "Dinamo" o‘z maydonida "Nasaf"ni qabul qildi. Mazkur bellashuvda 2:2 hisobi qayd etildi va bahs bir qancha bahsli epizodlari bilan esda qoldi. 

So‘nggi yillarda 100 foiz bo‘lmasa ham ko‘plab bahsli epizodlarga echim sifatida biz VAR tizimini bilamiz. Uning futbolga kirib kelishi hakamlarga qaror qabul qilishda engillik berdi. Misol uchun telegram orqali siz biror do‘stingizga, guruhga yoki telegram kanalingizga xabar yuborasiz va o‘sha xabarda xatolik bo‘lsa, tahrir qilish funktsiyasi bor. Buni bilgan holda, sizda mas’uliyat avtomatik kamayadi. Texnik tomonlari bilan kamchilik va xatoni to‘g‘rilash mumkinligi anglagan holda, ya’ni. 

Xuddi yuqoridagi o‘xshatish singari VAR ham hakamlarning qaror qabul qilishi uchun engillik berayotgandi. VAR bilan istalgan xatoni to‘g‘rilash imkoni ularda bor. Biroq kecha bo‘lib o‘tgan "Dinamo" - "Nasaf" uchrashuvida VARning yo‘qligi jamoalarning darajasi, chempionlik kurashida ta’sir nuqtai-nazaridan olib qarasak, ko‘ngilni xira qiluvchi holat sifatida uzoq vaqt esimizda qoladi. Balki mavsum yakunlanganidan keyin natijalar sarhisob bo‘layotgan bir paytda muxlislar shu o‘yindagi texnik kamchilikni, aslida bo‘lishi kerak bo‘lgan VARning yo‘qligini eslashi tabiiy. 

Xo‘sh, nima uchun mana shunday katta masshtabli bahs VARsiz, atigi 2 ta kamerada (ularning ham biri telefon) olib berildi? Aniqki, bu yondashuv emas. Bu qaysidir tomonning mas’uliyatsizligi va o‘z ishiga o‘ta noprofessional yondashuvi, desak adashmagan bo‘lamiz. Aynan qaysi tomonning? 

Musobaqalarni tashkil etishga javobgar O‘zPFL bu kabi holatlar uchun javobgarlikni o‘z bo‘yniga olishi kerak deymiz. Biroq O‘zbekiston Superligasi o‘yinlarini translyatsiya qilish aynan MTRKning vazifasi. Hozircha O‘zbekistonda texnik ta’minot nuqtai nazaridan MTRKga alternativ bo‘lib bera oladigan biror telekanal yo‘q. Yaqin yillarda bo‘lib qolmasa, agar. Shu sababli ham O‘zPFL MTRK bilan noilojlikdan ishlashga majbur, menimcha. 

O‘zPFL bilan kechagi bahsdan so‘ng bog‘landik va vaziyatga izoh so‘radik. Bilishimizcha, kechagi bellashuvda VAR texnikasi hamda VAR hakamlarining barchasi stadionda bo‘lgan. Faqatgina MTRKning Jizzaxdan kelishi kerak bo‘lgan KTS (Ko‘chma televizion stantsiyasi) o‘yinga kelmagan. KTS stadionga kelmagani sababi noma’lum va tushunarsiz. O‘zPFL xodimlari ular bilan bog‘lana olmagan. Na KTS boshlig‘i va na injeneri qo‘ng‘iroqqa javob bermagan. 

Yana ma’lum bo‘ldiki, O‘zPFL holat yuzasidan Sport TV telekanalidan tushuntirish so‘ragan va ayni vaqtda bayonot kutilmoqda.. Bu tushunarsiz holatga kimdir javob berishi shart. 2025 yilda KTS sotib olish uchun davlat byudjetidan salkam 108 milliard ajratilgandi.  Agar bu pullar joyiga etib borgan bo‘lsa, maqsadli sarflangan bo‘lsa, qandaydir tadbir yoki favqulodda vaziyat bo‘lmasa, Superligadagi atigi ikkita parallel o‘yinni olib bera olmaslik, O‘zMTRK uchun uyat. Futbolimizda esa hamon yaxlit mexanizm yo‘qligidan dalolat. 

Shu o‘rinda, futbol ommabopligi va rivojlanishi o‘rtasidagi farqni aytib o‘tib ketmoqchiman. Futboli ommabop mamlakatlar ko‘p, u erda aholi shunchaki futbolni sevadi. Sabablarsiz, shartlarsiz. Futboli rivojlangan mamlakat maqomini olish esa mana shunaqa ko‘plab detallarni ham o‘z bo‘yniga oladi. Mana shunaqa bir nechta detallar bir bo‘lib, mamlakatda futbolni rivojlantiradi. Translyatsiyalar sifati shular orasida eng muhim detallardan biri. Uning sifatli bo‘lishi ko‘proq auditoriyani o‘ziga tortadi. Yuqoridagi holatlar esa ko‘ngilni xira qiladi va futbolga oshno ko‘ngillarni ham futboldan sovuta oladi.

Ha, biz Jahon chempionatiga chiqdik. Qorako‘zlarimiz bizni xursand qildi va futbolimiz ertasiga umid borligini isbotlashdi. Biroq kechagidaqa holatlar kayfiyatni yana balansga keltirib qo‘yaveradi. Axir, futbolimiz 23 kishilik terma jamoaning o‘zidan iborat emas-da. Agar shunday bo‘lgani-da, hozir bu gaplar bilan boshingizni qotirmayotgan bo‘lardim :) 

 

Tecno

 

Karim Xudayqulov 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Шоим Зарипов
07/07/2025 20:09
НАСАФ ДИНАМО УЙИНИ АТАЙЛАБ УЮШТИРИЛДИ БУ УЧУН УЙИННИ ТАШКИЛ КИЛИШДА ЖАВОБГАР УЗ ПФЛ РАХБАРЛАРИ ИШДАН ОЛИНИШИ КЕРАК МАСУЛИЯТСИЗ ХОДИМ СТФАТИДА ЛЕКИН ОЛИНИАЙДИ ЧУНКИ КАРТАДА ПАХТАКОРНИ КУТАРИШ КЕРАК Д ЕР ХАМ РАВШАН ЭРМАТОВ ХАМ ЖАВОБ БЕРИШИ ШАРТ
Baxil Alihuja
07/07/2025 22:26
Карим Худойкулов: "Футболимизда эса ҳамон яхлит механизм йўқлигидан далолат"-
бу сизни гапингиз-ми?
футболимизда бирон нима йуклигига пфл ва уфа айбдор! йук нарсани футболга бегона булган мтрк килиб бериши керак-ми?
Baxil Alihuja
07/07/2025 22:20
хато! мтрк эмас, пфл жавобгар!
мтрк ижрочи, ташкилотчи эмас.
ташкилотчи асосий айбдор