O‘zimizning chempionatda to‘p surishi kutilgan Filiposyan nega Indoneziyaga ketdi?

  • 13 fevral, 2020, 17:31
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Bir oy oldin 32 yoshli himoyachi Artyom Filiposyan Indoneziyaning “Tira Persikabo” jamoasi bilan shartnoma imzolagani haqida xabar berilgandi. O‘tgan yili Tailand chempionatida faoliyat olib borgan futbolchi joriy yilda ham yana o‘zi xohlaganidek legioner maqomida faoliyat olib borishni lozim topdi.

Tecno

Mana, bir oydirki u yangi klubi bilan start oladigan bo‘lajak mavsum uchun astoydil tayyorgarlik ko‘rib kelmoqda. O‘tgan vaqt davomida esa Filiposyanda Indoneziya futboli haqida oz-moz tushunchalar paydo bo‘lgan bo‘lsa ajab emas. Lekin, aslida Artyom yangi mavsumni Indoneziyada emas, balki o‘zimizning chempionatda boshlashga juda yaqin turgandi. Bu borada unga bir qator klublar qiziqish bildirishgan va futbolchi hattoki, og‘zaki kelishuvga ham erishgandi. Ammo ko‘rib turganingizdek, taqdir taqozosi bilan u yana bir bor legioner maqomiga aylandi.

- To‘g‘ri, men ushbu mavsumni O‘zbekiston chempionatida boshlashim mumkin edi. Ikki-uchta klublardan aniq takliflar bo‘ldi. Hattoki, bu masalada gaplashib qo‘ygan jamoam ham aniq edi. Ammo ularga chetdan taklif kutayotganimni aytib qo‘ygandim. Mabodo, 15 yanvargacha xorijdan aniq taklif kelib tushmasa ertasiga yangi klubim safiga qo‘shilishim borasida kelishib qo‘ygandik. 10 yanvar kuni esa menga chetdan chaquruv keldi va ikki kundan so‘ng Indoneziyaga yo‘l oldim, - deya fikr bildirdi, futbolchi.

filiposyane

Artyom o‘zimizning klub bilan kelishib qo‘ygandim deganda “Qo‘qon-1912” jamoasini nazarda tutmoqda. Boisi, klub bosh murabbiyi Baxtiyor Ashurmatov himoya chizig‘ini mustahkam qilish maqsadida Filiposyanni jamoasiga taklif qilgandi. Lekin futbolchining qo‘qonliklar safida to‘p surishi nasib etmagan ekan.

- Birinchi navbatda “Qo‘qon-1912” jamoasiga va Baxtiyor Ashurmatovga rahmat aytmoqchiman. Tan olaman, bosh murabbiy meni o‘z jamoasida ko‘rishni juda xohlagandi. Ammo u menga chetdan taklif tushganini to‘g‘ri tushundi va omad tiladi. Boya aytganimdek, murabbiy bilan kelishib qo‘ygandik. Ammo barchasi menga chetdan taklif bo‘lishi yoki bo‘lmasligiga bog‘liq bo‘lib qolgandi. Aynan shuni ular to‘g‘ri tushunishgani uchun minnatdorchiligimni bildirmoqchiman. 2020 yilgi mavsumda qo‘qonliklarga omad tilab qolaman va yuqori o‘rinlar uchun kurashish nasib etsin.

Nima bo‘lganda ham Filiposyan birinchi navbatda yana bir bor xorijda o‘ynash istagi kuchli ekanligini ko‘rsatib qo‘ydi. Agar O‘zbekiston chempionatiga qaytmoqchi bo‘lganida balki xorijliklarning takliflariga qaramasdan allaqachon bir to‘xtamga kelgan bo‘lardi. Artyom esa Tailanddagi faoliyatidan keyin yana legioner sifatida to‘p surishga bo‘lgan ishtiyoqi yuqori bo‘ldi va bu borada uni to‘g‘ri tushunamiz.

- O‘zimni yana bir bor chetda sinab ko‘rishni ma’qul ko‘rdim, - deya mavzuni davom ettirdi, futbolchi. – Sababi xorijda o‘zimni har tomonlama ko‘rsatib, yaxshi iz qoldirishni istayman. Misol uchun o‘tgan yili Tailand chempionatida o‘ynab Kubok sohibi bo‘ldik. Bu borada esa menda va ularda iliq xotiralar qolgan. Haligacha tailandliklar bilan aloqamiz bor. Futbolchilar hamda muxlislar haligacha meni eslab turishlarini aytishadi va bu yoqimli holat. Afsuski, ayrim jabhalarda kelisha olmaganimiz sababli u erdan ketishimga to‘g‘ri kelgan. Endi esa men Indoneziya chempionatidaman va bu erda ham o‘zimdan yorqin taassurot qoldirish istagidaman. Umuman aytganda, Tailand futbolini ko‘rdim. Endi esa Indoneziya futbolini ko‘rish va u erda o‘ynash nasib qilyapti. Tailand bilan Indoneziya futboli o‘rtasida esa farq katta emas. Deyarli bir xil deyishim ham mumkin. Asosiy farqi shundaki, Indoneziya musulmonlar mamlakati. Shu bois ularning urf-odatlari biznikiga o‘xshash. U erda ham ko‘plab futbolchilar va oddiy aholi namoz o‘qishadi.

filiposyan3

Shuningdek, Filiposyandan tashqari Indoneziya chempionatida yana bir hamyurtimiz Javlon Guseynov ham to‘p surib kelmoqda. U o‘tgan yildan beri “Borneo” sharafini himoya qilib kelmoqda. Endilikda esa ushbu chempionatda to‘p surayotgan o‘zbekistonliklar yana bittaga ko‘paydi. Biroq Filiposyan hali Guseynov bilan gaplashmagani haqida aytdi.

- Bilasizmi, menga taklif tushgach, ikki kun ichidayoq Indoneziyaga jo‘nab ketdim. Shuning uchun hali Javlon bilan aloqaga chiqishga ulgurganim yo‘q. Lekin albatta chempionat oldidan u bilan gaplashib olaman. Hozircha biz ikki mahaldan shug‘ullanyapmiz. Shuning uchun gaplashishga hozircha vaqt bo‘lgani yo‘q. Nasib qilsa, 2 mart kuni yangi chempionat boshlanadi. Biz esa dastlabki o‘yinni o‘z uyimizda boshlaymiz. 4 yildan beri “Tira Persikabo” 12 va 15-o‘rinlarni egallab kelgan. Bu yil esa klub oldiga 5-o‘rinni qo‘lga kiritish vazifasi qo‘yilgan. Men esa yangi jamoamning g‘alabalariga o‘z hissamni qo‘shmoqchiman.

 

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!