
O‘zbekistonlik futbolchi Rossiyadan so‘ng Evropaga bormoqchi
O‘zbekiston milliy terma jamoasi ayni kunlarda Dubayda xorij yig‘ini o‘tkazmoqda. Vakillarimiz mashg‘ulotlar davomida o‘rtoqlik o‘yinlari ham o‘tkazishdi.
O‘FA matbuot xizmati terma jamoa himoyachisi, Rossiyaning "Nijniy Novgorod" klubi a’zosi Ibrohimhalil Yo‘ldoshev bilan intervyu tashkil qilgani, va o‘sha intervyuning birinchi qismini sizlarga taqdim etgandik. Endi esa Ibrohimhalil "Jenoa"ning taklifi, Srechko Katanechning qanday murabbiy ekanligi va boshqalar haqidagi fikrlarini havola qilamiz.
Quyida intervyuning ikkinchi qismi bilan tanishing (Birinchi qism >>>>>O‘zbekiston MTJ himoyachisi aslida hujumchi bo‘lganini bilarmidingiz?):
- Ma’lum vaqt mobaynida Srechko Katanets boshchiligida mashg‘ulotlar o‘tkazib kelyapsiz. Uning qanday o‘ziga xos xususiyatlarini qayd eta olasiz?
- Menga yoqqan va ajralib turgan xususiyatlari - u tartib-intizomga jiddiy qaraydi. Birinchi uchrashuvda u tartibga qattiq e’tibor qaratishini aytgandi. Ovqatlanish jarayoni, telefondan foydalanish kabi narsalarni doim nazorat qilib boradi.
Shuningdek, u hozirda himoyadan hujumga paslar orqali chiqib ketish bo‘yicha ishlamoqda. Kuchli jamoalarga qarshi paslar orqali o‘ynash va himoyaviy harakatlarda raqibni kutib olish yanada takomillashtirilmoqda.
Raqib hujum qilayotganda tartib bilan himoyalanish talab etilmoqda. Hozir biz 5 himoyachi bilan ham o‘ynab ko‘rmoqdamiz...
- Rostan ham "Al Vahda"ga qarshi bahsda 5 ta himoyachi bilan o‘ynadik. Bunaqasi bizning futbolda kuzatilmagan edi. Shu sxemada qanot himoyachisining vazifasi 4 himoyachi bilan o‘ynaganga nisbatan o‘zgaradami?
- O‘zgarish bo‘ladi. Chunki raqib jamoa to‘pga egalik qilayotganda, qanot himoyachisining vazifasi ularni oldinroqda kutib olish.
- "Nijniy Novgorod" klubi bilan shartnoma imzoladingiz. Ancha yosh paytingizda legionerga aylandingiz. Baribir boshqa davlat, u erga ko‘nikish holati bor. "Nijniy Novgorod"dagi moslashuv jarayoni qanday kechdi?
- Birinchi marta legionerga aylandim va tabiiyki, jamoa bilan chiqishib ketish boshida qiyin bo‘ldi. Menda bu jarayon shunday o‘tadi, deb o‘ylayman.
U erga bordim, jamoa bilan mashg‘ulot o‘tkazdim, futbolchilar bilan muloqot qilish qiyin bo‘ldi. Biroq keyinchalik mashg‘ulotlarda yigitlar bilan gaplashib, murabbiy bilan yaxshilab suhbatlashganimdan so‘ng u erga ham ko‘nikib ketdim.
- Aleksandr Kerjakov "Nijniy Novgorod" bosh murabbiyi. Biz uni zo‘r futbolchi sifatida bilamiz. Kuchli klublarda o‘ynagan. "Sevilya"da gollar urib, ancha yorqin o‘yin namoyish etgan. Rossiya terma jamoasining eng yaxshi to‘purarlaridan biri sanaladi. Lekin murabbiy sifatida uni o‘rganib chiqishga ulgurmadik. Siz har kuni ko‘rishasiz, kuzatasiz. Murabbiy sifatida Kerjakov qanday taassurot uyg‘otyapti?
- Aleksandr Kerjakovning menga yoqqan tomoni - murabbiylik bo‘yicha jiddiy inson. Masalan, mashg‘ulotda, o‘yinchilarga bo‘lgan talablari yuqori. Har bir pozitsiyada uning ko‘rsatmalari bo‘yicha harakatlanish kerak. Shu bilan bir qatorda, jamoa yutqazib turgan holatda u yaxshi motivatsiya bera oladi. Shu jihatlari menga manzur keldi.
- Futbolchi uchun murabbiyning ishonchi juda katta rol o‘ynaydi. Kerjakovning sizga bo‘lgan ishonchi qay darajada? O‘zaro suhbatlarda sizga nimalar haqida gapiradi?
- Men borganimdan keyin 2 ta mashg‘ulotdan so‘ng u meni asosiy tarkibda tushirdi. "Hamma murabbiy shunday bo‘ladi", - deb o‘ylamayman. U paytda men harakat qiladigan chiziqda yaxshiroq futbolchilar bor edi. Shunga qaramay, u meni asosiyda tushirdi. Buning uchun undan minnatdorman. Undan keyin ham u mening mashg‘ulot yoki o‘yin payti yo‘l qo‘yayotgan har bir hatolarimni operator orqali ko‘rsatib, ishonch bildiryapti.
- Milliy terma jamoamizning bir qancha yorqin yulduzlari o‘z vaqtida aynan Rossiyada faolyat yuritgan. Yaqin o‘tmishni eslasak, Odil Ahmedov misol bo‘la oladi. Eldor Shomurodovning ham Evropaga yurishi aynan Rossiyadan boshlangan. Rossiyani tanlashingizda sizga kim maslahat berdi? O‘ylaymanki, sizda "Nijniy Novgorod"dan boshqa yana takliflar bo‘lgan. Bu klubga o‘tish yoki o‘tmaslik, O‘zbekistonda qolish masalasi ko‘tarilganda kimlardan maslahat olgansiz? Novgorodliklarga o‘tishingiz qanday ro‘y bergan?
- "Nijniy Novgorod"dan oldin "Jenoa"dan ham taklif tushgan. Ushbu klub meni sotib olib, keyin Evropaning boshqa jamoasiga ijaraga bermoqchi bo‘lgan. Keyin hozirgi klubimdan taklif keldi. O‘sha payti Toshkentda edim. Agentim orqali ular bilan onlayn tarzda gaplashdik. Aleksandr Kerjakov bilan ham. U meni asosiy tarkibda o‘ynatmoqchi ekanligini aytdi. Biz esa o‘ylab ko‘rishimizni bildirdik. O‘yladimki, Evropaga borsam til o‘rganishim kerak edi, to‘g‘risi. Ingliz tilini deyarli bilmayman. Til o‘rganish, yashash tarzi va asosiy tarkibda tushish yoki tushmasligimni aniq bilmaganim uchun o‘zimga-o‘zim "Rossiyadan keyin u erga boraman", - dedim. Tajriba to‘plab, asosiy tarkibda ko‘proq o‘yinlar o‘tkazish maqsadida "Nijniy Novgorod"ni tanladim.
- "Jenoa" aynan qaysi klubga ijaraga bermoqchi bo‘lganini bilmasmidingiz?
- Yo‘q, bilmayman.
- Demak, keyinchalik bo‘lsa ham, baribir Evropaga ketishni istaysiz. Agentlar bilan suhbatda Evropaga ketish imkoniyatlari haqida gaplashib ko‘rganmisiz?
- To‘g‘risi, bu haqda gaplashmaganmiz. Hozircha, faqat Rossiyadagi faoliyatim haqida o‘ylayapman.
- Shartnoma qachongacha amal qiladi?
- Yozgacha. Iyun oyiga qadar.
- Shunday ekan, hali keyingi rejalarni tuzib chiqmagansiz?
- Yo‘q, o‘ylab ko‘rmadim.
Fikrlar