
O‘zbekiston nima uchun 25 ta klubni litsenziyaga jalb qildi?
Aslida faqatgina xalqaro maydonda to‘p suradigan klublar bilangina cheklanish mumkin. Biroq 2020 yilga kelib milliy litsenziyalash talablari OFK litsenziyalash talablariga moslab chiqildi. Shu yo‘l orqali Liga futbol klublar infratuzilmasi va tashkiliy shaklini bosqichma-bosqich OFK talablariga moslashtirdi.
Bu o‘z navbatida Superliga va Pro liganing etakchi klublariga litsenziyalash jarayonidan oson o‘tish imkoniyatini taqdim etdi. Chunki Liga yil davomida futbol klublarini mazkur jarayonga tayyorlab keladi. O‘z vaqtida “Nasaf” kabi etakchi klublarimiz ham ketma-ket ikki yil OFK litsenziyalash talablarini bajara olmagan bo‘lsa, bugunga kelib bu borada muammo yo‘q. Liga va professional futbol klublari bir yoqadan bosh chiqarib, muammolarni engib o‘tyapti.
Bunda Liga faqatgina katta klublar bilangina cheklanib qola olmaydi. Superliga va Pro liga vakillari sonini bosqichma-bosqich oshirib borish uchun bizga litsenziyalash talablariga javob bera oladigan qator klublar kerak bo‘ladi. Shundan kelib chiqib, da’vogarlar sonining va albatta litsenziyalash jarayonidan o‘tayotgan klublar sonining oshib borishi, ular bir necha yillar davomida barqaror faoliyat olib borishi ichki chempionatda raqobat muhitini yanada oshiradi.
Ma’lumot uchun, 2020 yildan boshlab litsenziya uchun da’vogarlar soni mos ketma-ketlikda oshib bordi: 14 ta, 22 ta, 25 ta. Litsenziyaga ega chiqqan klublarda ham shunday: 7 ta, 12 ta, 17 ta.
O‘zPFL matbuot xizmati.
Fikrlar