
O‘zbek bokschilari qaysi futbol klublariga muxlislik qilishadi? (1-qism)
Bokschilarimiz orasida futbolga ishqibozlari juda ko‘plab topiladi. Ularning ba’zilari bu borada ham yuqori mahoratga egalar. Misol uchun, Isroil Madrimov, Shahobiddin Zoirov, Bahodir Jalolov, Hasanboy Do‘smatov va Qudratillo Abduqahhorovni aytib o‘tishimiz mumkin. Ularning millionlar o‘yiniga bo‘lgan qiziqishini inobatga olib, charmqo‘lqop ustalarimizning jahon futbolida qaysi klubga muxlislik qilishi hamda qay bir futbolchining harakatlariga qoyil qolishini bilishga bel bog‘ladik...
Hurshidbek Normatov: “Chelsi” hamda “Manchester Siti” klublariga qiziqishim yuqori. Lekin ulardan birini tanlash kerak bo‘lsa, yoshligimdan beri “Chelsi”ga muxlisman. Dide Drogba men uchun betakror futbolchi.
Azizbek Abdug‘ofurov: Bolalikdan buyon “Real” jamoasi ishqiboziman. Futbolchilardan esa, Krishtianu Ronalduning harakatlari qoyil qoldiradi.
Fazliddin G‘oyibnazarov: Hozirgi kunda Krishtianu Ronaldu hamda Lionel Messi eng kuchli futbolchilar. Bu ikkisiga gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas. O‘zimga kelsak, “Yuventus” muxlisiman. Futbolchilardan esa, o‘z vaqtidagi afsungar braziliyalik Ronaldinoga qoyil qolardim.
Qudratillo Abduqahhorov: Aslida, futbolning ashaddiy ishqiboziman deb ayta olmayman. Lekin har doim “Barselona” ishtirokidagi o‘yinlarni qoldirmaslikka harakat qilaman. Sevimli o‘yinchim esa, Messi.
Olimjon Nazarov: Men klub haqida bir nima deya olmayman. Chunki, ko‘plab jamoalarning o‘yin uslubi yoqadi. Lekin futbolchi borasida Krishtianu Ronalduni nafaqat o‘yinini, balki insoniylik jihatini ham hurmat qilaman. U barchasiga o‘zining mexnati va intilishi bilan erishgan. Qolaversa, ko‘plab hayriyalar qiladi. Shuning uchun ham, Ronalduning jahonda millonlab muxlislari bor.
Husniddin Po‘latov: “Barselona” va Messi.
Bahodir Jalolov: Angliyaning “Liverpul” jamoasiga mehrim baland va ushbu klub ishtirokidagi o‘yinlarni maza qilib tomosha qilaman.
Hasanboy Do‘smatov: Meni yaqindan biladigan insonlar “Barselona” muxlisi ekanligimni yaxshi bilishadi. Sevimli futbolchim Lionel Messi... Bekorga o‘zga sayyoralik deyishmaydi. Rio Olimpiadasidagi g‘alabamni argentinalik futbolchi kabi nishonlaganim ham ko‘pchilikka ayon.
Ravshanbek Umurzaqov: Futbolga qiziqishim u qadar yuqori emas. Lekin nufuzli turnirlarni tomosha qilib boraman. Ayniqsa, “Real” klubi himoyachisi Serxio Ramosning maydondagi sardorlarga xos harakatlari va hech narsadan tap tortmasligi yoqadi.
Abdumalik Halakov: “Yuventus” va Krishtianu Ronaldu.
Muhammadsalim Sotvoldiev: Yurgen Klopp boshqaruvidagi “Liverpul” klubining ashaddiy ishqiboziman deb ayta olaman. Sevimli futbolchim esa, Muhammad Saloh.
Fikrlar