"O‘ylaymanki, birinchi davradan so‘ng ayrim pozitsiyalar kuchaytiriladi" - foydalanilmagan penalti, "Paxtakor"ga mag‘lub bo‘lish sababi va Baqoev xususida "Buxoro" etakchisi nima dedi?

  • 14 may, 2023, 07:39
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Buxoro” klubi chempionatning 10-turida Toshkentda “Paxtakor”ga 1:0 hisobida imkoniyatni boy berdi. Biroq uchrashuv bunday natija bilan yakunlanmasligi ham mumkin edi.

Tecno

Sababi, buxoroliklar hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarning oxirida penalti tepish imkoniyatiga ega bo‘lgandilar. Lekin Abbos Otaxonov bunday imkoniyatdan foydalana olmadi va 1:0 hisobi saqlanib qoldi.

Ro‘zim Ahmedov almashtirilganidan keyin ikkinchi bo‘limni sardor sifatida o‘tkazgan himoyachi Obid Jo‘raboev mazkur bellashuv borasida Sports.uz jurnalistining savollariga javob qaytardi.

- “Buxoro”ning “Paxtakor”ga qarshi o‘yinini yagona gol hal qildi. Uchrashuv borasida nima degan bo‘lardingiz?

- Amaldagi chempion jamoaga qarshi tayyorgarlik ko‘rdik. Qo‘limizdan kelganicha ishladik. “Paxtakor”ni bir qator o‘yinchilari yoshlar termasiga jalb qilingan. O‘yindan oldin murabbiyimiz bunday chempion jamoa bilan o‘ynash hammaga emotsiya beradi deya bizn har tomonlama tayyorladi. Kerak bo‘lsa, futbolda hammasini bitta gol hal qiladi. Omad degan narsa ham bor. To‘g‘ri, birinchi bo‘limda qandaydir o‘yinimiz qovushmadi. Ikkinchi bo‘limda o‘zimizni qo‘lga olib harakat qildik, hujumlar uyushtirdik. Qo‘ldan kelganicha “Paxtakor”ga qarshilik ko‘rsatdik. Oxirgi daqiqada penaltiga ham ega bo‘ldik. Omad kelmadi. Bu narsa hammada ham bo‘ladi. Ayrim vaziyatlarda tajriba etishmayapti.

obid2

- Darhaqiqat, “Buxoro” mag‘lubiyatdan qutulib qolishi mumkin edi. Biroq penaltidan foydalana olmadi...

- Aytganimdek, chempion jamoaga qarshi o‘ynayapmiz va oxirgi daqiqada uning darvozasiga penalti belgilandi. “Paxtakor” oddiy jamoa emas, har doim chempionlik uchun kurashib kelgan. Agar gol ura olganimizda hozirgi vaziyatimizda bir ochko ham biz uchun oltinga teng bo‘lardi. Yana aytaman: bu futbol. Birgina o‘yinchini ayblay olmayman. Omad ham kerak bo‘ladi. Hakam to‘g‘ri penalti belgiladi, haqqoniy edi. Afsuski, foydalana olmadik.

- O‘sha holatda Abbos Otaxonovning o‘zi tashabbus ko‘rsatib penalti tepishni xohladimi yoki murabbiy ko‘rsatmasi edimi?

- O‘yin oldidan ko‘rsatma berish jarayonida murabbiy penaltini kim tepishini aytadi. Uchta nomzod bor edi. Ro‘zim Ahmedov, Aleksandr Kasyan va Abbos Otaxonov. O‘shanda Ahmedov maydonda emasdi. Penalti belgilangach, murabbiylar ko‘rsatmasi bilan Otaxonovga berildi. Murabbiy qarorini hurmat qilamiz.

obid3

- “Buxoro” alamli tarzda yutqazdi va bu mag‘lubiyat jamoaga qanday ta’sir qildi?

- Albatta, bunday mag‘lubiyat alamli. Agar “Paxtakor” bizni yirik hisobda yutganida bu boshqa gap edi va kuchsiz ekanmiz deb qo‘ya qolardik. Ammo qo‘limizdan kelganicha qarshilik ko‘rsatdik. Vaziyatlardan unumli foydalana olmadik. Safarda “Paxtakor”ga qarshi bir ochko biz uchun xanna edi.

- Bosh murabbiylikka Ulug‘bek Baqoev kelganidan so‘ng qandaydir o‘zgarish sezilyaptimi?

- Bilasiz, qattiqqo‘l murabbiy. Tartib-intizomni joyiga qo‘yadi. O‘zgarish bo‘ldi, yigitlarga ruhiy dalda bera oldi. Murabbiy ham qo‘lidan kelganicha harakat qilyapti. O‘ylaymanki, birinchi davradan keyin ayrim pozitsiyalarni kuchaytiradi. Chempionatning ilk turini yutganimizdan so‘ng keyingi uchrashuvlarda yutqazgach, jamoa ruhiy tushkunlikka tushib qolgandi. Baqoev futbolchilarni ruhlantirdi. Mag‘lubiyat uchun muxlislarimizdan uzr so‘raymiz. Stadionga kelib bizni qo‘llab-quvvatlaganliklari uchun rahmat. Keyingi uchrashuvlarda g‘alaba bilan ularni xursand qilamiz, degan umiddamiz.

Shuhratbek Jo‘raev.  

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!