
"Oston O‘runov individual harakatlariga mahliyo"
Hamon “Spartak” klubiga tegishli bo‘lib turgan legionerimiz Oston O‘runovning keyingi taqdiri hozircha noma’lumligicha qolmoqda. Futbolchimiz haqida turli gap-so‘zlar boru, ammo barchasi og‘izda, amalda esa...
Kuni kecha rossiyalik taniqlik futbol namoyondalaridan biri Aleksandr Kerjakov Sports.uzga intervyu bergan chog‘ida saytimiz jurnalisti Shuhratbek Jo‘raevning Oston O‘runov haqidagi savoliga ham javob qaytarib, futbolchimiz borasida o‘zining shaxsiy fikrini bildirdi.
“Murakkab savol. Qolaversa, O‘runov maydonda men amal qiladigan o‘yin falsafasidan sal boshqacharoq harakatlanadi. Shu bois u bilan ishlash menga biroz qiyin tuyulishi aniq. Ustiga-ustak oxirgi ikki mavsum O‘runov uchun o‘ta murakkab kechdi.
To‘g‘ri, debyut mavsum yomon chiqmagandi. Boz ustiga Ostonning o‘yinchilik salohiyati ham joyida. Lekin ba’zida Oston O‘runov maydonda individual harakatlariga maxliyo bo‘lib qoladi. Aksincha, futbolchi bunday kezlarda o‘zini ko‘zlashi emas, balki jamoa uchun o‘ynamog‘i shart. Agar shunday yo‘l tutsa, vatandoshingizda imkoniyat yuqori bo‘lishi tayin. Men O‘runovni jamoaviy emas, balki individual darajadagi futbolchi deb hisoblayman”, - deydi Kerjakov.
Xabaringiz bo‘lsa kerak, oxirgi paytlarda Aleksandr Kerjakovni “Torpedo” klubiga bosh murabbiy bo‘lib kelishi mumkinligi haqida ham gapirishyapti. Ungacha O‘runovga “Torpedo” tomonidan qiziqish borligi xususida ham ma’lumotlar chiqqandi. Aleksandr Anatolevichning gaplaridan kelib chiqib fikr yuritadigan bo‘lsak, agar u “Torpedo” ustoziga aylansa, demak, O‘runov uchun o‘z eshigini yopadi!
Fikrlar