
“O‘runov “Spartak”ga qaytadi!”
Nihoyat, Oston O‘runovning Rossiyadagi faoliyati qanday davom etishiga oydinlik kiritildi. Yurtimizda “Navbahor” va “Lokomotiv” jamoalarida munosib o‘yin ko‘rsatgan yosh yarim himoyachining Rossiyadagi faoliyatini ikki qismga bo‘lish mumkin.
O‘tgan yilning boshida “Ufa”ga yo‘l olgan hamyurtimiz o‘zining kreativ o‘yinlari bilan Rossiya premer-ligasining “Zenit”, TsSKA, “Lokomotiv”, “Krasnodar”, “Rubin”, “Spartak” kabi qudratli klublari e’tiborini qozondi. Ayrim klublar “Ufa”ga O‘runov transferi bo‘yicha aniq summalarni taklif qilganidan futbol muxlislarining yaxshigina xabari bor. Shuningdek, O‘runovga Bundesliga vakili “Gerta” qiziqqani va transferga 5 million evro va’da qilgani haqida ham ma’lumotlar bor.
Yozgi transferlar davrida Oston “Spartak”ga keldi va jamoa bilan 5 yillik shartnomaga imzo chekdi. Lekin vaqt o‘tishi bilan tanlov to‘g‘ri bo‘lmagani oylinashib qoldi. Aslida, O‘runov “Spartak”ga o‘zini Rossiyaga olib ketgan Shamil Gazizov undovi bilan o‘tgan edi. Rossiyaning eng murakkab klubida u o‘zini ko‘rsatish uchun etarli imkoniyatga ega bo‘lmadi. Yoshligi pand berdi. “Spartak” esa o‘yinchining ochilishini kutib o‘tiradigan jamoa emas.
Ushbu transfer amalga oshirilgan pallada O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Vadim Abramov o‘yinchining qaysi jamoada ekani emas, muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishi muhim ekanini ta’kidlagan edi. Vadim Karlenovich mamlakatimiz bosh jamoasida legionerlarga ham tayanishi hech kimga sir emas. Ana shu ma’noda, tajribali mutaxassis Oston ham yaqin kelajakda terma jamoa etakchilaridan biriga aylanishini kutmoqda.
Mana endi, “Spartak” legionerimizni ijara asosida “Ufa”ga qaytaradigan bo‘ldi. Oston bu jamoada etarlicha o‘yin amaliyotiga ega bo‘ladi. Terma jamoamiz ustozi Vadim Abramov “VsyoProSport” nashri jurnalistlariga bergan intervyusida O‘runov transferiga munosabat bildirdi.
- Hamma narsa O‘runovning “Spartak”da qolmasligiga qarab ketayotgan edi. Gazizov klubdan ketganidan keyin, bu holat Ostonning faoliyatiga ham ta’sir qilishi to‘g‘risida xabarlar paydo bo‘lgandi. Uning boshqa joyga o‘tishi kutilayotgandi.
Ostonning “Spartak”ga qaytishi haqida gapirganda, har qanday futbolchi faoliyatida ko‘tarilish va pasayishlar bo‘lishini ta’kidlash lozim. Hammasi yarim himoyachimizning o‘ziga bog‘liq. O‘runov o‘z o‘yini bilan nimalarga qodirligini isbotlashi va “Spartak”ga qaytishi mumkin. Bunaqa vaziyatlar juda ko‘p bo‘lgan.
“Spartak” masalasida O‘runov bilan gaplashganim yo‘q. Oxirgi marta u bilan terma jamoaning Toshkentdagi yig‘iniga kelganida ko‘rishganmiz. Lekin o‘shanda Ostonning jarohati bor edi, - dedi Vadim Abramov.
O‘runov yarim mavsum davomida “Spartak”da premer-liga va mamlakat kubogi bahslarida jami 9 ta uchrashuv o‘tkazib, bitta gol urdi. Uning moskvaliklar bilan shartnomasi 2025 yilning yozigacha tuzilgan.
Oston O‘runov O‘zbekiston milliy terma jamoasidagi debyutini 2019 yilning 2 iyul kuni Turkiyaga qarshi o‘tkazilgan o‘rtoqlik o‘yinida nishonlagan. Shuningdek, yosh yarim himoyachi 2019 yilda KXDR, Suriya va Iroq terma jamoalariga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlarida ham maydonga tushgan.
Fikrlar