
Omon G‘ofurov Bekobodda mavsumga tayyorgarlik jarayoni bilan tanishdi
Kecha O‘zbekiston professional futbol ligasi bosh direktori Omon G‘ofurov Bekobodga tashrif buyurdi va "Metallurg" futbol klubining yangi mavsum – 2019 yilgi Superliga musobaqasiga qanday tayyorgarlik ko‘rayotganligi bilan yaqindan tanishdi.
O‘zPFL rahbariyati dastavval “Metallurg” markaziy stadionida bo‘ldi va 29 mart sanasida 2-turning “Buxoro”ga qarshi o‘tkaziladigan uchrashuviga tayyorgarlik jarayonini ko‘zdan kechirdi. Yangi mavsum arafasida stadionda olib borilgan ta’mirlash ishlari PFL rahbariyatiga manzur bo‘ldi. Ayni paytda Bekobod shahri bosh o‘yingohi o‘zgacha chiroy kasb etgan. Stadion tribunalarida o‘rindiqlar yangilangan, oilaviy, nogiron sportchilar uchun maxsus sektorlar ajratilgan va barcha qulayliklar yaratilgan.
Nufuzli mehmonlar uchun VIP ham CIP sektorlari ham qayta jihozlangan. OAV vositalari xodimlari, TV hamda RV sharhlovchilari uchun alohida xonalar barcha qulayliklari bilan tartibga keltirilgan. Eng asosiysi mehmonlar maydonning bugungi holatidan to‘liq qoniqish hosil qilishdi. Superliga bahslari arafasida “Metallurg” markaziy stadionining sug‘orish tizimi zamonaviylashtirildi, drenaj ishlari qaytadan ko‘rib chiqildi.
Omon Fayzullaevich rahbarligidagi guruh a’zolari futbolchilarning kiyinish, yuvinish xonalari, hakamlar, nazoratchi, komissar xonalarini kirib ko‘rishdi. U-21 uchrashuvlari o‘tkaziladigan “Metallurg” stadionida bo‘lishdi. Futbol akademiyasi tarbiyalanuvchilari uchun qayta ta’mirdan chiqarilgan yotoqxona, Bekobod shahri hokimligi qaroriga binoan yangi akademiya maydonlarini qurish uchun ajratilgan er uchastkasi, qurilish loyiha maketi bilan tanishishdi. Professional futbol klubini yaratish borasida Bekobod shahrida olib borilayotgan ishlar O‘zPFL vakillarida iliq taassurot qoldirdi.
Fikrlar