
Oleg Zoteev nima uchun "Lokomotiv"dan "So‘g‘diyona"ga o‘tib ketganini bilasizmi?
Yaqinda tajribali futbolchi Oleg Zoteev Jizzaxning “So‘g‘diyona” klubiga o‘tib ketgani xususida xabar berganimiz yodingizda bo‘lsa kerak.
O‘tgan yili pro ligada “Lokomotiv” sharafini himoya qilib, Superligaga qaytishiga katta hissa qo‘shgan sardor elitada klubini o‘zgartirdi.
Sports.uz jurnalisti buning sababini bilish maqsadida futbolchi bilan bog‘landi.
Oleg “Lokomotiv”dan nega ketdi?
- Avvalo aytishim kerakki, “Lokomotiv”dan ketganimni sababi menga Jizzaxdan qiziqarli taklif tushdi. Bosh murabbiy Ivan Boshkovich bilan muloqot olib bordik. Yana qaytaraman: qiziqarli taklif tushdi, o‘zimga ham yoqdi. Shundan keyin biz “Lokomotiv” rahbarlari bilan gaplashdik va kelishuvga erishdik. Ular meni to‘g‘ri tushunib, ketishimga ruxsat berishdi. Shuni aytmoqchimanki, qachondir yana “Lokomotiv”ga qaytaman. Klubda ishlagan barcha meni hurmat qiladi va men ham ularni hurmat qilaman. “Lokomotiv” mening uyim.
“Loko”ga tajribali o‘yinchilar kelyapti, ammo vaziyat o‘zgarib ketishini kutmaganmidi?
- Ha, to‘g‘ri, “Lokomotiv”da tajribali futbolchilar yig‘ilyapti. Bir tomondan qaraganda, qiyin mavsum o‘tkazdik va “Lokomotiv”ni Superligaga qaytardik. Jamoani kuchlilar orasiga qaytishida o‘z hissamni qo‘sha oldim. To‘g‘risini aytsam, bu futbol. Shuning uchun futbolda hamma narsa bo‘lishi mumkinligini kutaman va bilaman. Chunki ko‘p yildan beri futboldaman. Kutmaganman degan narsa bo‘lmagan. Nimagaki, noyabr oyidan “So‘g‘diyona” bilan gaplashishni boshlagandik. O‘zimga yangi chaqiruv bo‘lishini xohladim. O‘zingiz bilasiz, “So‘g‘diyona” yosh jamoa va yangi loyiha. Bunga qiziqdim. Bosh murabbiy menga aloqaga chiqib, qiziqarli taklifni o‘rtaga tashladi.
Nima uchun “So‘g‘diyona”ni tanladi?
- “So‘g‘diyona”ga o‘tishimni asosiy sababchisi Ivan Boshkovich. Ta’kidlaganimdek, menga juda qiziqarli taklif bilan chiqdi. Yosh futbolchilar bilan raqobatga kirishib, futboldagi hayotimni yana uzaytirish imkoni bo‘ldi, bu menga yoqdi. O‘ylaymanki, bu yil bor kuchimni ishga solaman va “So‘g‘diyona”ga yordam beraman. Qolganini vaqt ko‘rsatadi. Ha, boshqa klublardan variantim bor. Ammo men Jizzax jamoasini tanladim.
Zoteev yana qancha vaqt futbol o‘ynamoqchi yoki “So‘g‘diyona” faoliyatidagi oxirgi klubmi?
- Buni vaqt ko‘rsatadi. Hali bilmayman. Nima bo‘lishini Xudo biladi. Faoliyatimni yana davom ettirishga harakat qilaman. Jismoniy tayyorgarligim yaxshi bo‘lsa o‘ynayveraman. Agar aksincha bo‘lsa o‘ynamayman. Jarohatlar bo‘lmasin. Yana o‘ynaymanmi-yo‘qmi, vaqt ko‘rsatadi. Ya’ni, “So‘g‘diyona” faoliyatimdagi oxirgi klubmi yoki yo‘q, bir nima aytish qiyin.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar