
Ochlikdan badavlatlikkacha! Siyosatchilarga qarshi chiqqan futbolchi hikoyasi
SPORTS.uz «Manchester Yunayted» a’zosi Markus Reshford bosib o‘tgan hayot yo‘li haqida fikr yuritadi.
Angliyaning shimoliy g‘arbidagi kichik shaharchada Xellouin bayramini Reshfordlar oilasi o‘zgacha kutib oldi. 1997 yilning 31 oktyabr sanasida Robert va Melani oilasida chaqaloq dunyoga keldi...
Bolalik
2 yoshli chog‘idayoq charm to‘pga mehr qo‘ygan bolakay akalari bilan koptok o‘ynashni boshladi. Vaqt o‘tishi bilan Reshford futbolga oshno tutindi. Bolakayning katta ko‘chada to‘p tepayotganini ko‘rgan Robert uni futbol to‘garagiga olib borishga qaror qiladi. E’tiborlisi shundaki, Robert mahalliy «Fletcher Moss Reynjers» jamoasida yoshlar murabbiyi edi. To‘garakdagi tengqurlaridan bir bosh ustun darajada to‘p tepayotgan Markusni skautlar ko‘z ostiga ola boshladi.
Shu tariqa, 8 yoshli Markusni «Manchester Yunayted» akademiyasiga taklif etishdi. Reshford yosh bo‘lishiga qaramay, maydonda aql bilan qaror qabul qilishi bilan boshqalardan ajralib turgan. Bundan tashqari, ajoyib tezlik va so‘nggi zarba borasida unda muammo bo‘lmagan.
Markusning birinchi ustozi va otasi uning yoshligi haqida quyidagicha xotirlaydi:
«To‘g‘risi, uning to‘p bilan muomalada bo‘lishi meni hayron qoldirgan. U sira shoshilmaydi, biroq chaqqon harakat qiladi. Unda doimo raqibni aldab o‘tish uchun dribling yoki fint bo‘ladi. 4-5 yoshli bolada bunaqasi juda kam kuzatiladi. Markus iqtidor bilan cheklanib qolmay, mehnat qilishdan qochmagan. Shu bois, tengdoshlaridan ancha ilgarilab ketgan».
"Qizil iblislar"
«Manchester Yunayted»dagi ilk mashg‘ulotidan so‘ng, Reshfordlarning kichigi uyga maxsus to‘p bilan qaytdi. Unda «Marcus's ball» deb yozilgan edi. Bu esdalik hali-hamon uning uyida. Bolalikdan yodgorlik bo‘lib qolgan.
Tinimsiz mashg‘ulotlar sababli Markus qolganlardan har jabhada o‘zib ketadi. Uning bo‘yi va ko‘rinishi ham boshqalarnikidan ajralib turar, shu sababli, bundan bolakay xijolat bo‘lardi. 15 yoshga to‘lganida esa, tengdoshlaridan bir necha yosh kattalardek ko‘rina boshlaydi.
U 16 yoshda o‘z badanini boshqarish borasida maxsus darslar olishni boshladi. Bu keyinroq katta effekt berdi. Ikki yillik mashg‘ulotlar sababli 18 yoshda 90 daqiqa to‘p surishga qodir jismoniy imkoniyatlar egasiga aylandi. Futbolchi o‘z evolyutsiyasi haqida quyidagicha xotirlaydi:
«Men katta bo‘lgan shaharchada hayot juda murakkab. Giyohvand moddalar va qurol savdosi avj olgani uchun ko‘chada o‘z-o‘zingni himoya qilishga majbur bo‘lasan. Shu bois, juda erta mustaqil bo‘lishga, o‘zimni himoya qilishga intilganman. Bu instinkt keyinchalik xarakterimga ta’sir ko‘rsatdi. Har qanday vaziyatda faqat o‘zimga ishonishim lozimligini aynan Manchesterning qorong‘i ko‘chalarida o‘rganganman».
2011 yilga kelib, qahramonimiz faoliyatidagi ilk sovrinni qo‘lga kiritdi. "Manchester Yunayted"ning U-18 jamoasida Pol Pogba va Jessi Lingard bilan Angliya kubogida zafar quchgan Markus, tarkibdagi eng yoshi kichigi edi.
Futbolchi 18 yoshga to‘lganida, o‘zining maydondagi asosiy vazifasini aniqlab oldi. Bunda Krishtianu Ronalduning xizmati katta.
«Ronaldu Manchesterga kelganida, maydonda istalgan tryukni ko‘rsatishga qodir futbolchi edi. Shunga qaramay, u gol kiritishni va jamoasiga g‘alaba olib kelishni afzal ko‘rdi. U o‘z o‘yin manerasini o‘zgartirdi. Vaholanki, chiroyli futbol ko‘rsatish muxlislar e’tiborini tortadi, ammo Krish natijani birinchi planga olib chiqdi. Ronaldu o‘z mentalitetini hujumchiga o‘zgartirdi. U ikki oyoqda va bosh bilan so‘nggi zarba berishni o‘rgandi va bu ishda barchadan o‘zib ketdi. Men ham u singari maydonda harakatlarimni o‘zgartirdim».
Bu qaror ko‘p o‘tmay foyda berishni boshladi. Markus turli fintlarni o‘zlashtirish uchun ketkazayotgan vaqtini to‘liq ikki oyoqda kuchli va aniq zarba berishga sarflay boshladi. O‘z tezligi va tanasini boshqarishga urg‘u berdi. To‘g‘ri ovqatlanish va vaqtida uyquga yotishni odat qildi.
Markusning debyut uchrashuvi boshqalarnikidan ajralib turadi. Lui van Gal avval boshidan Markusni maydonga tushirishni rejalashtirmagan edi. Antoni Marsyal jarohat olgach, murabbiy Evropa Ligasi uchrashuvida Reshfordga imkoniyat berishga qaror qildi. Bu in’omdan Markus juda unumli foydalandi.
«Midtyulland»ga qarshi bahsda ikkita gol kiritdi.
Kuni kecha Eshtondagi maktab o‘quvchisi bo‘lgan o‘spirin omadli debyutdan so‘ng, bo‘lajak superyulduz maqomiga ko‘tarildi. Ko‘p o‘tmay, Markusning imkoniyatlarini to‘liq ochib bergan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
«Men yakshanba kuni erta uyg‘ondim. Tushgacha uy vazifalarimni bajardim. Kechqurun «Arsenal»ga qarshi o‘yinda ishtirok etish uchun stadionga tashrif buyurdim. Bu bahsda ham 2 ta gol kiritdim. O‘yindan so‘ng, hamma g‘alabani nishonlash maqsadida restoranga yo‘l oldim. Men uyga ketdim. Sababi, ertaga ertalab maktabga borishim kerak edi...»
Bu bahs Reshfordning transfer summasini bir kunda 20 barobar ortib ketishiga sabab bo‘ldi. «Qizil iblislar» safida ikkita uchrashuv va 4 ta gol. Bundan ortig‘ini tasavvur ham qilib bo‘lmaydi.
Qahramonimiz Angliya terma jamoasi safida ham juda yorqin debyut qildi. Avstraliyaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvining 138 soniyasida gol kiritdi va terma jamoada bo‘lishga loyiq ekanligini ko‘rsatib qo‘ydi. Yakunda, uni “Evro-2016” ga olib ketishdi.
Katta futbolga erta kirib kelgan bo‘lsa-da, vunderkind jamoasidagi eng kam maosh oluvchi futbolchi edi. Haftasiga 500 funt. Ko‘plab grand klublar bu vaziyatdan foydalanib qolish maqsadida Markus bilan aloqaga chiqishga urindi. «Siti», «Bavariya» va «Chelsi» yosh futbolchiga haftasiga 75 ming funt to‘lashga tayyor ekanligini ma’lum qilgan bo‘lsa-da, hujumchi klubga sodiq qoldi. Ko‘p o‘tmay, «qizil iblislar» akademiya tarbiyalanuvchisi bilan yangi shartnoma imzoladi. Unga ko‘ra hujumchi yiliga 11 million evro maosh oladi.
O‘zligini unutmagan shaxs
Pandemiya chog‘ida Markus o‘zini to‘liq xayriya ishlariga bag‘ishladi. Etim bolalarga kiyim-bosh etkazib berdi. Qiynalib qolgan oilalarni oziq-ovqat bilan ta’minladi. U o‘z xayriya ishlari hajmini tobora kattalashtirib bormoqda. Markus o‘zining birinchi xayriya kompaniyasida 200 ming funt yig‘ishni reja qilgan edi, ammo qisqa muddatda bu summa 20 millionga qadar ortib ketdi. Pandemiya chog‘ida ijtimoiy qiyin ahvoldagi bolalar uchun Markus hatto parlamentga qarshi chiqishgacha bordi. U o‘z ijtimoiy tarmoqlari orqali Buyuk Britaniyada bepul tushlikni bekor qilinganini qattiq tanqid qildi. Davlat bunga e’tibor bermagach, o‘zi tashabbus ko‘rsata boshladi.
Ma’lumotlarga qaraganda, futbolchi ochgan fond deyarli 400 ming bolakayni ochlikdan asrab qolmoqda. Uning bu harakatidan ilhomlangan restoran va kafelar bu harakatga qo‘shilishga qaror qildi. Soddaroq qilib aytganda, Markus og‘ir damlarda insonlarga yordam berishdan to‘xtab qolmadi.
Uning bu mehnatlari ko‘p o‘tmay Qirol saroyida e’tirof etildi. 23 yoshli futbolchi ko‘rsatgan qahramonligi uchun orden (Member of the Most Excellent Order of the British Empire) bilan taqdirlandi. Oktyabr oyida esa, Britaniya imperiyasi kavaleriga aylandi. Bu sovrin shu kunga qadar, mamlakat ravnaqi uchun ulkan hissa qo‘shgan insonlargagina topshirilgan.
«Men ham bundan 10 yil ilgari bepul tushlikka umid qilib, maktabga yo‘l oluvchi bolakay edim. Hozir menda hammasi yaxshi, ammo bu aslida qanday oilada katta bo‘lganimni unutishimga sabab bo‘lmaydi. O‘zimni super iqtidor egasi, deb atamayman. Men shunchaki omadli yigitman xolos. Bu omad ortidan kelgan barcha narsamni qiynalayotgan bolalar bilan bo‘lishishga tayyorman. Bir paytlar men ham ulardan biri edim».
Vaqt o‘tishi bilan, Reshford “Manchester Yunayted”ning hujumdagi asosiy quroliga aylanib bordi. Terma jamoadan ham muntazam chaqiruv ola boshladi. Shunga qaramay, unda hech qanday o‘zgarish kuzatilmadi. Boshqa yosh futbolchilar singari Reshford turli qimmatbaho mashinalar, villa yoki olmos soatlarga mehr qo‘ymadi. U uchun hayotning barcha lazzati yashil maydon va charm to‘p edi. Samimiy va kamtarin shaxs sifatida tarbiyalangan o‘spirin bugun «Manchester Yunayted»ning kelajagi, deb e’tirof etilmoqda!
Fikrlar