
Nursulton Ro‘ziboev: Do‘ppi tor kelib qolsa, sartaroshlik ham qilaveraman
O‘zbek MMA olamida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan. Bir necha yillardan buyon samarali faoliyat olib borib, yurtimiz sha’nini munosib himoya qilib kelayotgan yurtdoshimi Nursulton Ro‘ziboev haqida ko‘plab ma’lumotlarga egasiz, uning janglarini tomosha qilgansiz... U haqida so‘ngi vaqtda ko‘plab mish-mishlar, munozarali holatlar yuzaga kelgandi. Shu voqealarga oydinlik kiritish maqsadida biz u bilan Youtube sahifamizga intervyu qilgan edik. Quyida uning qisqacha matnli variantini e’tiboringizga havola etamiz.
- Nursulton avvalo, Andijon hokimi tomonidan taqdim etilgan sovg‘alar muborak bo‘lsin!
- Katta raxmat.
- Sizga “Spark” avtomobili bilan birgalikda 100 mln so‘m pul mukofoti ham taqdim etildi. Ya’ni sport jihozlari uchun deya, bundan kelib chiqadiki, Nursulton Ro‘ziboev qandaydir yangilikka qo‘l urmoqda?
- To‘g‘ri, Shahrihonda o‘zimizning sport zalimizni bunyod etmoqdamiz. Ancha avval boshlagan edik. Hozirga kelib, faqat o‘sha jihozlar va ichki qismida biroz ta’mirlash ishlari qolgandi. Bundan Shuhrat Abdurahmonov xabar topib, yordam tariqasida ushbu mablag‘ni taqdim etdi. Buning uchun, u insonga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman.
- Bu zal faqat MMA ga ixtisoslashgan bo‘ladimi?
- Erkin kurash, muaytay, yana bir qator sport turlari bo‘yicha to‘garaklar bo‘ladi. Umuman olganda barcha diqqat-e’tibor MMA ga qaratiladi.
- Endi bevosita Toshkentda o‘tgan GFC turniridagi jangingizga e’tibor qaratsak, ushbu to‘qnashuvda raqibingizni tezroq nokautga uchratish maqsadida biroz shoshilib harakat qilgandek taassurot uyg‘otdingiz?
- Aynan, shunday xayol paydo bo‘lganligi uchun ham, jang uzoq davom etdi.
- Mazkur jangdan so‘ng, GFC promousheni tomonidan shartnoma, yangi janglarga taklif bo‘ldimi?
- Shaxsan menga hali bunday taklif bo‘lgani yo‘q.
- Uzoq vaqtlardan buyon Nodir Qodirov murabbiyligi ostida faoliyat olib borasiz. Boshqa manfaatli takliflar ham bo‘lganmi?
- Albatta, Nodir akam ham murrabiyim, menejerim umuman olganda menga bog‘liq barcha masalalar bilan shug‘ullanadi. Nodir akam va Shahrihondagi murabbiyim Bekzod aka Jiyanovlar sababli ushbu darajaga etishdim. To‘g‘ri, juda ko‘p bunday chorlovlar bo‘lgan, yaxshi murabbiylar bor, bizda mashg‘ulot o‘tkaz deyishgan. Lekin xalqimizda “Daraxt bir joyda ko‘karadi” degan naql borku, bunga doim amal qilib kelaman. Qolaversa, xayolimga ham kelmaydi bunday yuzsizlik qilish. Biroq, shunday holatlarga guvoh bo‘lib kelyapmiz ham. Atrofimizdagi bir-ikkitasi uchun, Nodir akamni juda ko‘p mexnatlari singdi. Ammo ular buni bilishmadi. Mayli, insofni o‘zlariga bersin!
- Yaqindagina qirg‘izistonlik Doston Sharshaev yana bir bor sizni jangga chorladi. Bunga sizning javobingiz qanday bo‘ladi?
- Bu borada shug‘ullanishmoqda. Agar, shartlari bizni qoniqtirsa har doim jangga tayyorman.
- Aslida bu jang kerakmi sizga?
- To‘g‘risi, kerak emas. Chunki u MMAda o‘tkazgan bo‘lsa, bitta jang o‘tkazgan xolos. U K-1 da faoliyat yuritadi. Aslida, undanda muhimroq janglarni xohlayman. Lekin ko‘p gapirib yubordi. ????
- Umuman olganda universal jangchisiz... Alohida biror bir jihatingiz kuchli rivojlanmagan. Ya’ni “parter”, qo‘l-oyoqda ham bir xil harakat qilasiz. Aslida siz uchun asos bo‘lgan sport turi qaysi?
- Dastlab karate va qo‘l jangi bilan shug‘ullanganman. Havaskor sport turidagi musobaqalarda ishtirok etib ko‘rib, umuman g‘alaba qozona olmaganman. Doimo, mag‘lubiyatga uchrayverganimdan so‘ng, Rossiyaga ishlagani ketib qolganman. Ma’lum vaqt o‘tgandan keyin kelib, MMAda o‘zimni sinab ko‘rmoqchi bo‘ldim va shu olamga kirib keldim.
- Rossiyada qanday ishlar bilan mashg‘ul bo‘lgansiz?
- Exxe, juda ko‘p ishlar qilganman. Aslida, professional sartaroshman. "Do‘ppi tor kelib qolsa" sartaroshlik ham qilaveraman. ???? Qolaversa, hunarmandchilikdan ham xabarim bor. Chunki, uyda chelak yasardik. Rossiyada esa, tsement zavodida ishlaganman. 50 kgli qoplarni tashir edik.
- Qirg‘izistondagi nohush holatdan so‘ng, ushbu mamalakat promousheni WEF turnirlarida jang o‘tkazasizmi?
- Xech qachon!
- Bunga WEF prezidenti Ruslan Kydirmyshev qanday munosabat bildirdi. Umuman o‘sha voqeadan keyin u bilan gaplashdingizmi?
- Yo‘q gaplashmadim. Aslida yaxshi inson. Lekin o‘sha kuni u oktagonga chiqib bir og‘iz tomoshabinlarga tinchlanishini aytganda, bu darajada bo‘lmasdi.
To‘liq va mukammal holatini bevosita video tarzida Youtube sahifamizda tomosha qilishingiz mumkin!
Fikrlar