
"Neftchi"ning Qarshidagi g‘alabasi sensatsiyami? "Nasaf"ni chempionlikdan mahrum etdimi? Levchenko Berdiev jamoasini qanday mag‘lub etganini aytdi
So‘nggi tur oldidan barchasi ostin-ustun bo‘lib ketdi-a? Hammasi Qarshidagi o‘yin bilan bog‘liq bo‘ldi.
25-turgacha 1-o‘rinda borayotgan va chempionlik uchun barchasi o‘z qo‘lida turgan “Nasaf” klubi Qarshida “Neftchi”ga 0:1 hisobida mag‘lubiyatga uchrashi evaziga birdaniga 3-o‘ringa tushib qoldi. Bundan “Paxtakor” bilan “Navbahor” unumli foydalanib qolishdi.
“Nasaf”ning ushbu qoqilishi ko‘pchilik uchun kutilmagan holat sifatida baholanyapti. Nega deganda, qarshiliklar chempionlik yo‘lida o‘z maydonidagi imkoniyatni qo‘ldan boy bermasa kerak, degan taxmin yangrayotgandi. Biroq “Neftchi” mag‘lubiyatga aslo rozi bo‘lmadi va o‘z o‘yinini namoyish etib, “Nasaf” maydonidan qimmatli uch ochkoni qo‘lga kiritdi.
“Neftchi” Vitaliy Levchenko qo‘liga o‘tganidan keyin ancha o‘zgardi. U jamoani qiyin vaziyatdan olib chiqib keta oldi. Natijada eng muhimi – Superligada qolish vazifasini bajardi. Chempionlik uchun birinchi raqamli da’vogar bo‘lib turgan “Nasaf” maydonida g‘alaba qozongani esa yana bir karra Levchenkoning salohiyatidan darak bermoqda.
O‘yindan so‘ng “Neftchi” ustozi Sports.uz muxbirining savollariga javob qaytardi.
- “Neftchi”ning “Nasaf” maydonidagi g‘alabasini sensatsiyaga qiyoslash mumkinmi?
- Sensatsiya bo‘lishi mumkin. Lekin biz ushbu o‘yinga to‘liq e’tiborimizni qaratgan holda jiddiy tayyorlangandik. Bungacha “Navbahor”, “Metallurg” hamda AGMK klublari bilan uchrashuvlarda ham yaxshi harakat qilgandik. Lekin o‘sha bahslarda ochko qo‘lga kirita olmagandik. Shu sababli bu safargi uchrashuv biz uchun muhim edi.
- Jamoangizning g‘alaba qozonishi uchun qanday so‘zlarni ishlatdingiz?
- Har bir o‘yindan oldingi nazariy mashg‘ulotlarda raqibning kuchli tomonlarini o‘rganamiz. Bu safar ham shunday qildik. Mening hisobim bo‘yicha yutishimiz kerak edi. Buni uddaladik.
- “Nasaf”ni chempionlikdan mahrum qildik, deb o‘ylaysizmi?
- Biror narsa deya olmayman. Mamlakat chempioni kim bo‘lishini oxirgi tur hammasini hal qilib beradi.
- Sizningcha, chempionlik kimga nasib qiladi?
- Qaysi klub chempion bo‘lmasin, futbol maydonida adolatli kurashgan bo‘ladi.
- “Nasaf”ga qarshi bellashuvda jamoangizdagi eng yaxshi futbolchi deb kimni ayta olasiz?
- Lutfulla To‘raev.
- Umuman aytganda, “Nasaf” o‘yini bilan sizni hayron qoldirdimi?
- “Nasaf” yaxshi o‘yin namoyish etdi. Ajoyib shakllagan va zamonaviy uslubda o‘ynab kelmoqda.
- Kelasi yil uchun rejalar tuzyapsizmi?
- Reja tuzishdan oldin viloyat hokimi bilan uchrashib, jamoaning kelgusi rivojlantirish yo‘lidagi maqsadlari haqida muhokama qilib olishimiz kerak.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar