
Nazorat o‘yini. "Neftchi" "Sochi" bilan durang o‘ynadi
Yangi mavsumga Turkiyada hozirlik ko‘rayotgan "Neftchi" jamoasi bugun yana bir bor "Sochi" klubi bilan nazorat o‘yinini o‘tkazdi.
Birinchi bo‘lim avvalida farg‘onaliklar faol o‘ynab, 5-daqiqada Jasur Jaloliddinovning mahorati va kuchli zarbasi evaziga hisobni ochishga muvaffaq bo‘ldilar 1:0. Kiritilgan goldan so‘ng o‘yin surati biroz tenglashdi va har ikkala jamoada ham gol urish uchun imkoniyatlar yuzaga keldi. Birinchi bo‘lim shu tariqa yakunlandi.
Ikkinchi bo‘limda murabbiylar "yo‘lbarslar"ning tarkibni deyarli to‘laligicha almashtirishga qaror qabul qilib, zaxiradagi o‘yinchilarni maydonga tushirdilar. O‘yinga qo‘shilgan vakillarimiz ancha faollik bilan harakatlanib, bir necha bor raqiblar darvozasiga xavf solishga urinishdi. Ammo, bellashuvning 61-daqiqasida burchak zarbasiga ega chiqqan rossiyaliklar himoyachilarni dog‘da qoldirib, "Neftchi" darvozasiga javob to‘pini joylab qo‘ydi.
Uchrashuvning 80-daqiqasida o‘ng qanotdan oshirilgan aniq uzatmaga Behruz Oblaqulov to‘pni to‘xtatmasdan kuchli zarba bilan "Sochi" darvozasiga chiroyli gol kiritdi 2:1. Oradan 4 daqiqa o‘tib, himoyachilardan o‘zib ketgan "Sochi" vakili darvozani ikkinchi bor ishg‘ol etib, hisobni 2:2 ko‘rinishiga keltirdi.Uchrashuvning qolgan daqiqalari o‘zgarishsiz o‘tdi va o‘yin durang 2:2 natijasi bilan yakun topdi.
Fikrlar