
“Navbahor”ga bu yil Superligada raqobatchi topildi
31 mart – 3 aprel kunlari Superligada 4-tur bahslari o‘tkazildi. Natijalar bilan saytimiz orqali xabar berib bordik.
Ushbu turda bir qator qiziqarli o‘yinlar, o‘ziga xos qarama-qarshiliklar kuzatildi. Yoshlarga e’tibor qaratgan “Surxon” Toshkentda “Buxoro”ni taslim etdi. “Neftchi” yuqoriga intilayotgan OKMK bilan durang o‘ynab, 4-turga kelib ochko yo‘qotdi. “Navbahor” kutilganidek “So‘g‘diyona”dan qiyinchiliksiz ustun keldi.
“Qizilqum” bir maromda o‘ynay olmayotgan “Nasaf” bilan murosa ko‘chasini tanladi. To‘g‘riroq qilib aytgandi, “ajdarlar” oxirgi daqiqalarda mag‘lubiyatdan qutilib qolishdi. “Bunyodkor” joriy yil hisobidan o‘z uyidagi ilk uchrashuvni g‘alaba bilan boshlay olmadi. “Paxtakor” Bekoboddagi bahsga 1 soat qolganda etib borib, 3 ta gol urib, ortga 3 ochko bilan qaytdi. “Andijon” o‘z uslubida. “Burgutlar” Toshkentda “Olimpik”ni standart vaziyatidan jazolay oldi.
Endi esa turga oid qiziqarli ma’lumotlarni taqdim etamiz. Ya’ni an’anamizga sodiq qolgan holda tur muxlislari statistikasi bilan tanishtiramiz.
4-turda stadionlarimizga jami 32409 tomoshabin tashrif buyurdi. Bu har bir bellashuvga o‘rtacha 4630ni tashkil qiladi.
Eng ko‘p muxlis Namanganda. “Navbahor” – “So‘g‘diyona” bahsini 13950 tomoshabin stadiondan kuzatdi. Mezbonlar rahbariyati bu turga chiptalarni bepul qilib qo‘ygani e’tiborga molik.
Turning markaziy bahsi “Neftchi” – OKMK qarama-qarshiligini 7720 ishqiboz arenadan tomosha qildi. Farg‘onaliklarning avvalgi uy o‘yinida stadion liq to‘lgandi. Aftidan endi “Neftchi” muxlislarning stadionga tashrifi bo‘yicha, “Navbahor”ga raqobat tug‘diradi. Avvalgi mavsum bu ishni qarshiliklar bajargandi.
Eng kam tomoshabin Toshkentda. “Olimpik”ning o‘z uyida “Andijon”dan engilgan o‘yiniga 410 kishi keldi.
Quyida Superliganing ushbu turiga tashrif buyurgan muxlislar statistikasi bilan tanishing (muxlislar soni PFL saytidan olindi):
“Navbahor” – “So‘g‘diyona” 3:0. 13950 tomoshabin
“Neftchi” – OKMK 2:2. 7720 tomoshabin
“Metallurg” – “Paxtakor” 1:3. 5201 tomoshabin
“Qizilqum” – “Nasaf” 1:1. 3471 tomoshabin
“Bunyodkor” – “Turon” 0:0. 999 tomoshabin
“Surxon” – “Buxoro” 2:0. 658 tomoshabin
“Olimpik” – “Andijon” 0:1. 410 tomoshabin
Fikrlar