"Navbahor"dagi tojik o‘g‘lonining siz bilgan va bilmagan qirralari

  • 28 noyabr, 2019, 07:16
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

Joriy mavsumda milliy birinchiligimizda turli yurtdan kelgan bir qancha legioner futbolchilar to‘p surishmoqda. Ularning oralarida mamlakatimizga birinchi bor kelib o‘ynayotgan futbolchilar ham bor. Masalan, «Navbahor» safiga mavsumning ikkinchi yarmida tojikistonlik Amirbek Jo‘raboev keldi. Tan olish kerakki, boshida Jo‘raboevni ham o‘rtamiyona legionerlardan biri deb o‘ylagandik. Qachonki, uning o‘yinini ko‘rganimizdan keyin futbolchi to‘g‘risidagi fikrlarimiz o‘zgardi. Aytish joizki, tojikistonlik legioner maydonga tushganda o‘zini chinakam jangchidek tutadi va bor imkoniyatini ishga solib, butun kuchini aynan maydonda qoldirib chiqib ketadi. Qolaversa, uning o‘yinini «Navbahor»ning uslubiga ham mos tushganligini aytish kerak. Bugungi kunda esa Amir Jo‘raboev namanganliklarning suyukli o‘yinchilaridan biriga aylandi. Rosti, bunday legioner bilan muloqot qilish ham o‘ziga yarasha zavqli kechdi.

Tecno

Bishkekda qo‘ldan chiqarilgan g‘alaba xususida

Amir Jo‘raboev Tojikiston milliy terma jamoasining muhim figuralaridan biri hisoblanadi. Bir so‘z bilan aytganda, mamlakat bosh jamoasining etakchilaridan. Uning asosiy tarkibdagi joyi naqd desak ham bo‘laveradi. Ayni chog‘da Tojikiston terma jamoasi jahon chempionati ikkinchi saralash bosqichida ishtirok etyapti va yaqinda Bishkekda Qirg‘iziston bilan durang o‘ynab qaytdi. Aslida esa tojikistonliklar g‘alaba bilan qaytishga juda yaqin turgandilar. Biroq oxirgi daqiqalarda o‘tkazib yuborilgan gol tufayli o‘yin durang bilan tugadi. Dastlab Amirbek Jo‘raboev ushbu uchrashuv ishtirokchisi sifatida fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

- Albatta, biz Qirg‘izistonga g‘alaba qozonish maqsadida yo‘l olgandik. Rejamizda boshqa natija yo‘q edi. Chunki biz kutilmaganda Myanmaga yutqazib qo‘ygandik. To‘g‘ri, bu barchamizning xatomiz bo‘lgan. Aftidan, hisob o‘zimizni qoniqtirib turgan pallada biroz sustkashlikka berilib ketgandik shekilli, natija yakunda shunday ko‘rinish oldi. O‘yin chog‘idagi muhitga to‘xtaladigan bo‘lsam, stadion deyarli ishqibozlar bilan to‘lgandi. Futbolchilar uchun bunday sharoitda o‘ynash juda yoqimli. O‘z navbatida o‘yin jangovor ruhda kechdi. Yigitlar oxirigacha shiddat bilan kurashishdi. Baxtga qarshi o‘zimizni qoniqtiradigan hisobni saqlab qola olmaganimiz chakki bo‘ldi.

Toshevga berilgan ta’rif

Shu o‘rinda aytish kerakki, Jo‘raboevga ham Tojikiston milliy termasida hamyurtimiz Usmon Toshev ustozlik qilmoqda. Legioner o‘yinchidan esa o‘zimizning murabbiy qanday ekanligi, jamoa o‘yiniga qanaqa o‘zgarishlarni singdira olganligi haqidagi fikrlarini eshitish ham yoqimli tuyuldi.  

- Usmon Toshev haqida faqat ijobiy fikrlarni bildirishim mumkin xolos. U – juda kuchli mutaxassis. Shaxsan menga Toshevning yordami beqiyos daraja bo‘lgan deya olaman. Usmon Toshevni terma jamoa ustozi etib tayinlanmasdan oldin ham bilardim. Endi esa bosh jamoada birgalikda ishlayapmiz. U nafaqat murabbiy, balki samimiy inson sifatida ham jamoadagilarga yoqadi. Toshev tomonidan o‘tkaziladigan mashg‘ulotlar juda qiziqarli. Bunday sharoitda ishlash har qanday futbolchiga ma’qul keladi. O‘ylaymanki, Usmon Toshev terma jamoa o‘yinini shakllantirishga ulgurdi. Agar termamiz ishtirokidagi o‘yinni kuzatgan bo‘lsangiz, bizning qisqa to‘p uzatishlar bilan o‘ynashimizni ilg‘agan bo‘lishingiz tayin. Umuman olganda, Toshev o‘z ishining haqiqiy mutaxassisidir. U nafaqat menga, balki termadagi boshqa sheriklarimga ham yoqadigan murabbiydir.

jo‘raboev

Futbolga kirib kelishi va TsSKAdagi faoliyati

Yuqorida aytganimizdek, Jo‘raboev ilk bor O‘zbekiston chempionatida to‘p surmoqda va hali bunga ko‘p ham bo‘lgani yo‘q. Ko‘pchilik ishqibozlarimiz esa Jo‘raboev haqida hozircha etarli ma’lumotlarga ega emaslar. Shu nuqtai nazardan qaraganda, Amirbekdan o‘zi haqida ham batafsil ma’lumotlar berishini so‘radik.

- O‘zim haqimda nima desam ekan? Odatda, odam o‘zi haqida gapirishga qiynaladi. Jumladan menda ham shunday bo‘ladi. Dushanbeda tug‘ilganman. Birinchi bor meni futbol maktabiga otam etaklab olib borgan. O‘shanda otam mendan keyingi ukamni ham futbol to‘garagiga olib borgandi. Agar xotiram pand bermayotgan bo‘lsa, o‘shanda biz mos ravishda 8 va 7 yoshdagi bolakaylar edik. Biz shunday qilib, Respublika bolalar va o‘smirlar futbol maktabida tahsil  olishga kirishganmiz. 2011 yili men Moskvaning TsSKA klubiga borgandim. O‘shanda ko‘rikdan muvaffaqitli o‘tganman va meni jamoada olib qolishgan. U erda 2,5 yil qolib ketdim va futbol borasidagi bilim va tajribalarimni oshirdim. Shartnomam nihoyasiga etganidan keyin uni uzaytirishning iloji bo‘lmadi va ortga qaytdim. Tojikistonga kelganimdan so‘ng «Vahdat» uchun to‘p surishga kirishdim. Klubdagi debyut mavsumimdayoq kumush medalga ega chiqdim. Shundan keyin Belorussiyadan taklif bo‘ldi. Meni Soligorsk shahrining «Shaxtyor» klubiga chaqirishdi. U erda ham bir yil to‘p surdim va yana Tojikistonga qaytib keldim. Bu safar Dushanbening «Istiqlol» jamoasi bilan taqdirimni bog‘lashga qaror qildim. «Istiqlol» tarkibida uch yil qolib ketdim. Shu vaqt oralig‘ida uch bor Tojikiston chempioniga aylandim, OFK Kubogi finaliga etib borishga erishdik. Endi esa Namangandaman.

«Navbahor»ga o‘tishida ham Toshevning hissasi bo‘lgan

Shu bilan birga Amirbek Jo‘raboevning «Navbahor»ga qanday qilib kelib qolgani ham futbol ishqibozlariga va ayniqsa, uning personal muxlislariga qiziq tuyulishi tabiiy. Bu haqida ham futbolchi gapirib berdi.

- Joriy yil yozida Hindistonga borgan paytimizda menga «Navbahor» tomonidan qiziqish bildirildi. Shunday qilib, taklifni qabul qildim va endi o‘zingiz ko‘rib turganingizdek, O‘zbekiston Superligasida faoliyatimni davom ettirmoqdaman. O‘shanda milliy terma jamoa bilan Hindistondagi mini-turnirda ishtirok etishga borgandik. Usmon Toshev bilan bu masalani gaplashib olganimda u menga O‘zbekistonda o‘ynash foydali bo‘lishini aytdi. Usmon Qudratovichning o‘zi menga «Navbahor»dan qiziqish bo‘layotganini etkazganini alohida ta’kidlashim joiz. Hindistondan qaytib kelganimizdan so‘ng bu masalani ijobiy hal etishda u kishi menga yordam berdi. Shuningdek, Baxtiyor Boboevning «Navbahor»ga ko‘chib o‘tishimda roli katta bo‘lganligini aytib o‘tishim joiz. Terma jamoa ixtiyoridan bo‘shaganimdan so‘ng to‘ppa-to‘g‘ri Namanganga keldim. Biz o‘shanda klub vitse-prezidenti bilan hammasini bafurja maslahatlashib oldik va shartnomaga imzo chekdim.

jo‘raboev2  

Jo‘raboevning etini jimirlatgan o‘yin

Tojikistonlik legionerga Namangan shahri va «Navbahor»ning muxlislari juda yoqqanligini alohida ta’kidlamoqda. Quyida uning bu xususida bildirgan fikrlari orqali o‘zingiz ham guvoh bo‘lishingiz mumkin.

- Ha, Namanganga kelgan chog‘imdayoq bu shahar menda iliq taassurot qoldirdi. Shahardagi istirohat bog‘i bilan akvapark menga juda yoqdi. Umuman aytganda, Namanganni futbol shahri deya e’tirof qilish mumkin. Chunki bu erda mahalliy klub ishtirokidagi o‘yinlarni hamma sevib kuzatadi. Nazarimda, Namanganda hamma «Navbahor»ga muxlislik qiladi. Ayniqsa, uy o‘yinlari chog‘idagi muhitni so‘z bilan ta’riflab bera olmayman. Har bir uy o‘yini chog‘ida stadionga 15-16 ming ishqiboz tashrif buyuradi. Har bir mana shunday uchrashuv chog‘ida ajoyib ajiotaj yuzaga keladi. Garchi bu erga kelmasimdan oldin namanganliklarning futbolni yoqtirishlari haqida eshitgan bo‘lsam-da, ilk bor o‘zim barchasiga guvoh bo‘lgan chog‘imda qalbimdan so‘z bilan tasvirlab bo‘lmaydigan hissiyotlar o‘tdi. Qolaversa, menga Namangandan farqli ravishda boshqa shaharlarda o‘yinlar chog‘ida stadion ishqibozlar bilan oxirigacha to‘lmasligini ham aytishgandi. Bunga endi o‘zim guvoh bo‘lib turibman. Demak, hammasi rost. Chunki safarga chiqqan paytlarimizda arenalar xuddi Namangandagi kabi muxlislar bilan to‘lib-toshmayapti. «Paxtakor»ni o‘z maydonimizda qabul qilgan paytdagi muhit menga hammasidan ko‘ra yoqdi. Ishonsangiz, tomoshabinlarning shovqin-suroni va mahalliy klubni zo‘r berib qo‘llab-quvvatlashlaridan etim jimirlab ketdi. Umuman aytganda, Namangan – a’lo darajadagi shahar va bu erlik ishqibozlar eng yaxshilari, deya bemalol ayta olaman. Eng asosiysi, ular haddan tashqari talabchanlar. O‘z navbatida biz futbolchilar mana shunday jonkuyar ishqibozlarimizni qanoatlantiradigan darajada o‘yin ko‘rsatishga intilyapmiz.

Jo‘raboev Kanchelskisni futbolning haqiqiy afsonasi deb atadi

Andrey Kanchelskis bilan birga ishlash va uning qo‘li ostida o‘ynash baxtiga muyassar bo‘layotgan Amirbek Jo‘raboev ushbu ustozi haqida gapirar ekan, unga yuqori baho berdi.

- Klub bosh murabbiyi Andrey Kanchelskis haqida ham faqat ijobiy gaplarni ayta olaman. U – o‘ta kuchli shaxs, futbolning haqiqiy afsonasi. Chunki Kanchelskis o‘yinchilik davrida jahondagi eng zo‘r klublar safida to‘p surgan. Murabbiy rolida ham bu inson qo‘l ostidagilarda ijobiy taassurot qoldira oladi. Men uni juda kuchli mutaxassis deb hisoblayman. Jamoada barcha yigitlarning bosh murabbiy bilan munosabati a’lo darajada ekanligini alohida ta’kidlashim joiz. Ustozimiz shogirdlari bilan hazillashishni yoqtiradi. Ularga xuddi katta aka singari mehribonlik ko‘rsatadi. Albatta, mashg‘ulot chog‘ida Kanchelskis o‘ta jiddiy kishiga aylanadi. Axir u bosh murabbiy sifatida jamoa natijalari uchun javobgardir. O‘z navbatida ustozimiz buni teran his qilgan holda ishlaydi. Mashg‘ulotlar tugaganidan keyin esa Kanchelskis yana biz bilan hazillashishga tushadi.

jo‘raboev3

Birga ishlagan murabbiylar orasida eng yaxshilarini aytdi

Bundan tashqari, tojikistonlik legioner faoliyati davomida bir qator klublarda o‘ynagan holda turli murabbiylar bilan ham ishlagan. Shu sababli unda o‘zi uchun qaysi murabbiylarni alohida ajratib ko‘rsata olishi haqida so‘raganimizda shunday dedi:

- Faoliyatim davomida ko‘plab murabbiylar bilan ishlashimga to‘g‘ri keldi. Ularning orasida kimni eng yaxshisi deb hisoblayman? Ochig‘i, bunday savolga dabdurustdan javob qaytarishim amrimahol. Chunki meni shug‘ullantirgan mutaxassislar orasida alohida bir kishini ajratib ko‘rsatadigan bo‘lsam, qolganlarga nisbatan adolatsizlik qilgan bo‘laman. Boshqalarga hurmatimni saqlagan holda baribir bu savolingizni javobsiz qoldirmasligim kerak. Usmon Qudratovich Toshev, Andrey Kanchelskis hamda Muhsin Muhammadievni alohida ko‘rsatishim mumkin. Shuningdek, Hakim Fuzaylovni ham yoddan chiqarmaslik kerak. Belorussiyada o‘ynab yurgan kezlarimda Sergey Borovskiy menda juda yaxshi taassurot qoldira olgan. Yuqorida nomlarini sanab o‘tgan murabbiylarning bari o‘z ishini juda yaxshi bilishadi, deya baralla aytishim mumkin.

«Navbahor»dagi keyingi taqdiri haqida gapirdi

Xo‘sh, Amirbek Jo‘raboevning keyingi rejalari qanday? Har holda mavsum ham tugayapti va tabiiyki, qishki tanaffus yaqin. «Navbahor»da qoladimi yoki ketadimi?

- Yangi rejalar haqida aniq bir narsa deyishim amrimahol. Chunki chempionatning oxirgi uchrashuvlarini munosib tarzda o‘tkazishimiz kerak. Biz uchun qolgan o‘yinlarning ahamiyati juda muhim. Axir rahbariyat tomonidan qo‘yilgan vazifani bajarishga harakat qilishimiz kerak. Mavsum tugaganidan keyingina o‘rtadagi shartnomani uzaytirish masalasini muhokama qilish mumkin. Bilsangiz kerak, «Navbahor» bilan bir yilga mo‘ljallangan bitim tuzganman. Agar hammasi yaxshi kechib, menga o‘rtadagi kelishuvni uzaytirishni taklif qilsalar, o‘ylanib o‘tirishimga hojat bo‘lmaydi. Chunki Namanganni, mahalliy klubni va shu erdagi odamlarni juda yoqtirib qoldim.

jo‘raboev5

«Navbahor»dagi yaqin do‘sti

Amirbek Jo‘raboev klubida hamma bilan yaxshi munobsatda. Shunga qaramasdan, ko‘proq kim bilan muloqot qilishiga ham qiziqib ko‘rdik.

- Albatta, jamoada har kim bilan iloji boricha yaxshi munosabatda bo‘lishga harakat qilyapman. O‘ylaymanki, hamma bilan munosabatim yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Alohida, o‘z sirlarimni ishonib gapirib beradigan yaqin do‘stni hali orttira olganimcha yo‘q. Lekin baribir hamma bilan, ayniqsa mahalliy o‘yinchi – Aziz Turg‘unboev bilan tez-tez gaplashib turaman. Terma jamoa ixtiyoriga jo‘nab ketgan paytlarimda u bilan telefon orqali xabarlashib turishni odat qilganman, - dedi Jo‘raboev.

Yoshligida qaysi tojikistonlik futbolchilarga havas qilgan?

Tojikistonlik bo‘lgani uchun undan o‘z mamlakatidagi futbol shaxslari orasida eng taniqlilari va bu borada kimlarni alohida ko‘rsata olishi haqida so‘raganimizda quyidagicha javob qaytardi.

- 90-yillar boshidagi buyuk «Pomir»ni alohida aytib o‘tmasam bo‘lmaydi. O‘sha jamoada juda zo‘r futbolchilar to‘p surishgan. Jumladan, Muhsin Muhammadiev, Hakim Fuzaylov va Rashid Rahimov nafaqat mening, balki butun tojik ishqibozlarining sevimli futbolchilari bo‘lishgan. Shu bilan birga Oleg Shirinbekovni aytishim kerak. To‘g‘ri, ular ishtirokidagi o‘yinlarni bevosita stadionda kuzatish imkoniga ega bo‘lmaganman. Ammo turli roliklar va videoyozuvlarni tomosha qilib, «Pomir» tarkibidagi o‘sha yulduzlarning o‘yinidan hayratga tushganim rost. Qolaversa, otam menga o‘sha futbolchilar haqida ko‘p narsalarni gapirib bergan. Aynan shu ijrochilar tojik futbolining shuhratini yoyishda muhim rol o‘ynaganlar.

Muhammadievdan minnatdorligini alohida ma’lum qildi

Hozirda Muhammadiev ham O‘zbekiston chempionatida «Buxoro» klubini boshqaryapti. Amirbek Jo‘raboev esa ushbu mutaxassisga alohida to‘xtalar ekan, uni ham maqtab o‘tdi.

- Muhsin Muhammadievdan juda minnatdor ekanligimni alohida aytishim joiz. Negaki, aynan u 2014 yili meni birinchi bor milliy terma jamoaga chorlagan. O‘shanda Muhammadiev parallel ravishda «Istiqlol»ning ham ustozi hisoblanardi. Men uni o‘z sohasining etuk mutaxassisi deb hisoblayman. To‘g‘ri, «Buxoro»da Muhammadievning ishlari silliq kechmayapti. Agar jamoa rahbariyati bundan keyin ham unga ishonch bildirsa, o‘ylaymanki Muhsin Muslimovich hammasini iziga tushira oladi. Chunki murabbiyga bir mavsumda o‘yin borasidagi qarashlarini va falsafasini qo‘l ostidagilarga singdirishi oson kechmaydi. Buning uchun vaqt kerak. Aytmoqchimanki, Muhsin Muhammadievga «Buxoro» rahbariyati ishonch bildirsa, u vaziyatni ijobiy tomonga o‘zgartira oladi. Men bunga ishonaman. Chunki o‘zaro hamkorligimiz tufayli olingan tajribamdan kelib chiqqan holda Muhammadievni yaxshi murabbiy deb hisoblayman.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Muhammad Rahmatillaev
28/11/2019 10:09
Яхши ўйинчи агар Ўзбекистон чемпионатида ўйнаб турса янада ўсади.
&
Zulfiqarov Husanboy
28/11/2019 10:00
Biz Jo'raboyevni ketishini istamaymiz