
“Navbahor” yana birinchi o‘ringa qaytdi…
10 – 13 avgust kunlari Superligada 16-tur bahslari o‘tkazildi. Natijalar bilan saytimiz orqali xabar berib bordik.
Ushbu turda bir qator qiziqarli o‘yinlar, o‘ziga xos qarama-qarshiliklar kuzatildi.
Turni “yil o‘yini” boshlab berdi. “Paxtakor” Namanganda “Navbahor” mehmoni bo‘ldi. Poytaxtliklar ikkinchi davrada ham “lochinlar”ni 2:1 hisobida taslim etdi.
Stabillik namoyish eta olmayotgan “Nasaf” o‘z uyida “Buxoro”ni engdi. Bir necha kun avval Ulug‘bek Baqoev boshchiligidagi buxoroliklar Qarshida kubok doirasidagi o‘yinda imkoniyatni boy berib, musobaqa bilan xayrlashgandi. OKMK nihoyat g‘alabaga erishdi. Mirjalol Qosimov jamoasi “Olimpik”dan uch ochko oldi.
15-tur Toshkentda “Paxtakor”ni yutgan “Neftchi” Farg‘onada “So‘g‘diyona” bilan ochkolarni bo‘lishib oldi. Ivan Boshkovich yaxshi jamoa shakllantirmoqda.
Faqat grandlarga yutqazgan “Surxon” yo‘lidan chiqqan raqibdan ochko olyapti. Termizliklarning bu galgi nishoni “Turon”. Yaypanliklar ikkinchi davrani ko‘tarinki kayfiyatda boshlagan bo‘lsa-da, “Surxon” klubi qarshisida ojiz qoldi.
“Bunyodkor” uzoq kutgan g‘alabani qo‘lga kiritdi. “Qaldirg‘ochlar” oxirgi marta 5-turda “Buxoro”ni taslim etgandi. Toshkentliklar 10 ta o‘yindan keyin zafar quchdi.
Sekin-asta o‘ziga kelayotgan “Metallurg” turnir jadvalidagi raqobatchisini safarda engdi. Bu orqali bekobodliklar ta’qibchisidan 3 ochkoga ilgarilab ketdi.
Endi esa turga oid qiziqarli ma’lumotlarni taqdim etamiz. Ya’ni an’anamizga sodiq qolgan holda tur muxlislari statistikasi bilan tanishtiramiz.
16-turda stadionlarimizga jami 53908 tomoshabin tashrif buyurdi. Bu har bir bellashuvga o‘rtacha 7701ni tashkil qiladi.
Eng ko‘p muxlis Namanganda. “Navbahor” - “Paxtakor” o‘rtasidagi o‘yinni 25260 tomoshabin arenadan kuzatdi. Mavsum rekordi. Bu o‘yinning ahamiyati qanchalik yuqori ekanligidan dalolat. Oxirgi paytlarda “Andijon” va “Neftchi” muxlislar statistikasida birinchilikda borayotgandi.
“Neftchi” - “So‘g‘diyona” o‘rtasidagi turning markaziy uchrashuvlaridan biriga 14600 muxlis keldi. Garchi bellashuv nursiz durang bilan yakunlangan bo‘lsa-da, qiziqish yuqori edi.
Eng kam tomoshabin poytaxtda. Superligada “poytaxtning to‘rtinchi jamoasi” bo‘lib qatnashayotgan “Surxon”ning “Turon”ga qarshi uchrashuvini 526 kishi stadiondan kuzatdi xolos.
Quyida Superliganing ushbu turiga tashrif buyurgan muxlislar statistikasi bilan tanishing (muxlislar soni PFL saytidan olindi):
“Navbahor” - “Paxtakor” 1:2. 25260 tomoshabin
“Neftchi” - “So‘g‘diyona” 0:0. 14600 tomoshabin
OKMK - “Olimpik” 2:1. 8088 tomoshabin
“Nasaf” - “Buxoro” 1:0. 2179 tomoshabin
“Bunyodkor” - “Andijon” 2:1. 2135 tomoshabin
“Qizilqum” - “Metallurg” 0:2. 1120 tomoshabin
“Surxon” - “Turon” 1:0. 526 tomoshabin
Fikrlar