
"Nasaf" sardori: "Jamoamiz oldiga OFK Kubogida zafar quchish vazifasi qo‘yilgan, rahbarlarimiz bizga futbolchi olishimizga yordam berishsa yaxshi bo‘lardi"
Yaqinda “Paxtakor” bilan AGMKning Osiyo Chempionlar ligasidagi ishtirokiga guvoh bo‘lgandik va barchaning e’tibori ushbu klublarimizga qaratilgandi. Oldinda yana bir xalqaro musobaqa turibdi. Nufuzi bo‘yicha Osiyo Chempionlar ligasidan keyingi o‘rinda turuvchi OFK Kubogida bu yil Qarshining “Nasaf” jamoasi ishtirok etadi va shu tariqa, “ajdarlar” O‘zbekiston sharafini himoya qiladilar.
Iqtidorli yoshlardan tashkil topgan “Nasaf”ning OFK Kubogida qanday ishtirok etishi, natijalari qay ko‘rinishda bo‘lishi hammamiz uchun qiziq. “Paxtakor” bilan AGMKning OChLda guruhdan chiqa olmaganidan keyin "OFK Kubogida “Nasaf” muvaffaqiyatli ishtirok eta oladimi?", degan savollar yangrayapti. Biz albatta Ro‘ziqul Berdiev jamoasidan ijobiy natijalarni kutishimiz tabiiy.
“Nasaf”ning guruhini yana bir bor eslatib o‘tamiz. Vakillarimiz Qirg‘izistonning “Alay”, Tojikistonning “Xo‘jand” hamda Turkmanistonning “Oltin Asr” klublariga qarshi maydonga tushadi. Lekin “Oltin Asr”ning OFK Kubogida ishtirok etishi so‘roq ostida turganligi ma’lum bo‘ldi.
Ayni paytda “Nasaf” klubi Tojikistonga jo‘nab ketish oldidan Toshkentda qizg‘in tarzda mashg‘ulotlar olib bormoqda. Boya jamoa tarkibida iqtidorli yoshlar jamlanganiga to‘xtaldik. Ularning orasida tajribali o‘yinchilar ham bor. Masalan, jamoa sardori Umar Eshmurodovning zimmasidagi mas’uliyat ham katta. Futbolchi sports.uz muxbiriga guruh bahslariga ko‘rilayotgan tayyorgarlik borasida o‘z fikrini bildirdi.
- Bo‘lajak uchrashuvlarga tayyorgarligimiz yaxshi kechyapti. Tojikistonga ketish oldidan biz Toshkentda sun’iy maydonda mashg‘ulot o‘tkazyapmiz va tezda bunday maydonga moslashib olishga harakat qilamiz. Jamoadagi barcha yigitlarning kayfiyati yaxshi, - deydi “Nasaf” sardori.
Darhaqiqat, guruh uchrashuvlari Dushanbeda sun’iy qoplamali maydonlarda o‘tkaziladi. “Nasaf” futbolchilari shunga moslashish uchun Toshkentda “Chig‘atoy”dagi sun’iy maydonda shug‘ullanmoqda. Lekin asosan tabiiy maydonda o‘ynashga ko‘nikkan “Nasaf” jamoasiga Tojikistondagi sun’iy maydonlar qanchalik noqulaylik tug‘dirishi mumkin?
- Albatta, sun’iy maydon bilan tabiiy maydonning farqi bor. Lekin dastlabki o‘yingacha bizda bir hafta vaqt bor. Ungacha sun’iy maydonda shug‘ullanamiz. O‘zim esa ikki yoki uch kun uyga dam olishga javob berilgan paytda ham sun’iy maydonchalarda shug‘ullanib turdim, - deya javob berdi Eshmurodov.
“Nasaf” klubi shuningdek, guruhdagi raqiblar haqida ham ma’lumot to‘plab boryapti va ularning o‘yinlari tahlil qilinmoqda. “Nasaf”ning asosiy raqobatchisi kim, buni go‘yoki Markaziy Osiyo chempionati, deb ham hisoblash mumkinmi? Umuman olganda, qarshiliklarni ko‘pchilik bu guruhdan osonlik bilan keyingi bosqichiga chiqishi borasida fikr bildirishyapti. O‘z navbatida, Eshmurodov bu borada to‘xtalar ekan, jumladan shunday dedi:
- Buni unchalik farqi yo‘q, deb o‘ylayman. Guruhda kim raqib bo‘lsa ham o‘ynayveramiz. Raqiblarni o‘rganib boryapmiz. Ular yaxshi saviyadagi jamoalar. Guruhda uchta o‘yin bor. Odatdagidek, 6 ta emas. Shuning uchun guruhdagi har bir jamoaga jiddiy qarayapmiz. Albatta, oson bo‘ladi deb o‘ylamayapman. Lekin bu guruhdan chiqishga salohiyatimiz etadi. Shunga ko‘ra, jiddiy tayyorgarlik ko‘ryapmiz.
Shu o‘rinda ko‘pchilik “Nasaf”ning oldiga OFK Kubogida aslida qanday vazifa qo‘yilgani bilan ham qiziqmoqda. Jamoa sardori shunday javob qaytardi:
- Jamoamiz oldiga OFK Kubogida zafar quchish vazifasi qo‘yilgan. Futbolda oldindan hech narsa deb bo‘lmaydi. Ammo mening o‘ylashimcha, buni uddalay olamiz. Yozgi transferda ham rahbarlarimiz bizga futbolchi olishimizga yordam berishsa yaxshi bo‘lardi. Chunki OFK Kubogidan tashqari O‘zbekiston chempionati va Kubogida ham yaxshi qatnashishimiz kerak.
Ma’lumki, “Nasaf” klubi 2011 yili OFK Kubogini qo‘lga kiritgan. Shu bois ushbu musobaqa qarshiliklar uchun juda yaxshi tanish va yoqimli taassurotlar qoldirgan. Qolaversa, o‘sha paytdagi tarkib bilan hozirgisi o‘rtasida ham katta tafovut bor.
- O‘sha yili hamma o‘yinni stadionda ko‘rganman. Ammo finalni televizorda tomosha qilgandim. Chiroyli g‘alaba bo‘lgandi. Albatta, tarkib bo‘yicha farq bor. U paytlarda jamoada ikkita teng kuchli tarkib bor edi. Hozir vaziyat boshqacha. Oldindan gapirish noto‘g‘ri bo‘ladi. Bizning dastlabki maqsadimiz guruhdan o‘tib olish, qolganini keyin o‘ylaymiz, - deydi Umar Eshmurodov.
Fikrlar