"Nasaf" keyingi bosqichga qanchalik yaqin?

  • 25 aprel, 2022, 01:45
  • Karim Xudayqulov
  • 3
  • Futbol
CHERY AUTO

Bilasiz, ayni vaqtda Osiyo chempionlar ligasida 40 nafar klub 10 ta guruhga bo‘lingan holda ishtirok etmoqda. Jamoalar mos ravishda sharqiy va g‘arbiy mintaqalarga ajralgan. Har bir kvartetda 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan klub keyingi bosqichga yo‘l oladi. Shuningdek, o‘z mintaqasida ikkinchi pog‘onani band etgan 5 ta jamoadan ochkolar soni bo‘yicha yaxshiroq ko‘rsatkich qayd etgan 3 tasi saralab olinadi.

O‘zbekiston nomidan "Nasaf" hamda "Paxtakor"  Osiyo chempionlar ligasi guruh bosqich o‘yinlarida ishtirok etayotganidan xabaringiz bor. Ayni vaqtda "ajdarlar" "E" guruhida 8 ochko bilan 2-o‘rinni band etgan.Afsuski, "Paxtakor" 5 turdan so‘ng 3 ochko to‘plagan holda, pley-off yo‘llanmasidan mahrum bo‘ldi. Keling, "Nasaf"ning keyingi bosqichga chiqish imkoniyatlari va boshqa guruhlarda 2-o‘rinda borayotgan klublarning holati bilan tanishib chiqamiz. 

Tecno

Guruhlardagi holat

"A" guruhi

"A" guruhida "Al-Hilol" muddatidan avval pley-off yo‘llanmasini naqd qilgan. Shuningdek, 2-o‘rin sohibi ham ma’lum bo‘lib ulgurgan. 10 ochkosi bor" Al-Rayyan" so‘nggi turda Saudiya klubiga qarshi o‘yin o‘tkazadi. Favorit - "Al-Hilol". Ushbu jamoalar o‘rtasidagi ilk bahsda ham Jardim shogirdlari 3:0 hisobida g‘alaba qozongan. Biroq ular birinchi o‘rinni deyarli kafolatlab ulgurgan va so‘nggi turda qatarliklarning g‘alaba qozonishi ajablanarli holat hisoblanmaydi.

photo_2022-04-25_04-11-57

"B" guruhi

"B" guruhida ham yaqqol peshqadam nomi aniq. Yana bir Saudiya Arabistoni klubi "Al-Shabab" 1-o‘rin bilan nimchorak final yo‘llanmasini kafolatlab ulgurgan. Ikkinchi o‘rinni 7 ochkosi bor "Al-Quva" jamoasi band etgan. So‘nggi turda Iroq klubi guruh autsayderi "Mumbai Siti" jamoasi bilan kuch sinashadi. Favorit qaysi jamoa ekanligini tushunib turibsiz. Biroq ushbu klublar o‘rtasida ilk to‘qnashuvda hindistonliklar 2:1 hisobida g‘alaba qozonganini ham ta’kidlab o‘tish kerak.

photo_2022-04-25_04-12-22

"C" guruhi

"C" guruhida birinchi va ikkinchi o‘rin masalasi so‘nggi turda hal bo‘ladi. Ayni vaqtda mazkur kvartetda "Fulad" 11 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda, 9 ochkoga ega "Shabab Al-Ahli" esa ikkinchi. Qizig‘i, so‘nggi turda bu ikki klub o‘zaro kuch sinashadi. 

photo_2022-04-25_04-12-51

"D" guruhi 

Ana endi "Paxtakor" o‘rin egallagan "D" guruhiga to‘xtalib o‘tamiz. Bu erda peshqadam nomi ma’lum. "Al-Duhail" 12 ochko bilan pley-off yo‘llanmasiga ega chiqqan. Ikkinchi va uchinchi pog‘onalarni 7 ochkoga ega "Al-Ta’avun" va "Sepaxon" band etgan. "Sherlar" 3 ochko to‘plagan holda turnir bilan xayrlashib ulgurdi. 27 aprel sanasida ular "Al-Ta’avun" bilan rasmiyatchilik uchun maydonga tushadi. Biroq ular bizni so‘nggi turda ikki tomonlama xursand qilishi mumkin. Birinchidan, muxlislar "Paxtakor"dan turnirni chiroyli g‘alaba bilan tugatib qo‘yishni kutishadi. Ikkinchidan, so‘nggi turda Voyneski shogirdlari g‘alaba qozonsa, bu "Nasaf" uchun ham foydadan holi emas. Bundan tashqari, guruh peshqadami "Al-Duhail" 6-tur doirasida eronliklarni sinovdan o‘tkazadi. Ikki uchrashuvda ham vakillarimizdan ustun kelgan Qatar klubidan so‘nggi turda ham g‘alaba kutib qolamiz. 

photo_2022-04-25_04-13-06

"E" guruhi

Boshida aytganimdek, "Nasaf" ayni vaqtda "E" guruhida 8 ochko bilan 2-o‘rinda bormoqda. So‘nggi turda ularni "Al-Vehdat"ga qarshi o‘yin kutib turibdi. 2-turda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda vakillarimiz bu jamoani 2:0 hisobida taslim etgandi. Bu safar ham ulardan faqat va faqat g‘alaba kutib qolamiz. Shuningdek, 6-tur doirasida "Al-Faysali" hamda "Al-Sadd" to‘qnashuvi ham bo‘lib o‘tadi.

photo_2022-04-25_04-13-37

Ikkinchi o‘rindagi jamoalar to‘plagan ochkolar: 

"Al-Rayyan" - 10
"Shabab Al-Ahli" - 9
"Nasaf" - 8  
"Al-Quva" -7
"Al-Ta’avun" - 7 
 
Shunday qilib, Ro‘ziqul Berdiev shogirdlarining so‘nggi turdagi g‘alabasi pley-off yo‘llanmasini kafolatlaydi. Shuningdek, ularda hali birinchi o‘rinni qo‘lga kiritish imkoniyati ham mavjud. Qarshiliklar durang o‘ynasa va hatto mag‘lubiyatga uchragan taqdirida ham imkoniyatlar bo‘ladi. Biroq buning uchun "Al-Quva", "Al-Ta’avun" va "Sepaxon" 6-turda mag‘lub bo‘lishi kerak. Bu biroz mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Maydonga faqat g‘alaba uchun tushish kerak. Ularda buning uchun potentsial bor. Yigitlarda o‘zlariga bo‘lgan ishonch yuqori. O‘ylaymizki, hammasi biz kutgandek bo‘ladi. Shunga umid qilib qolamiz. 
 
Karim Xudayqulov tayyorladi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Ilhomjon Feyz
25/04/2022 22:45
Ўзбек футболини ўлдирган айнан пахтакор бўлади. Пахтакор бор экан ўзбек футболи ривожланмайди. Пахтакор ўзбек футболимиздаги монополия. Осиёни на ўзи еплайди на бошқа клубларимизга беради. Халоллик бу клубга ёд нарса. Мани фикрим бу клуб арабларга сотилиш учунгина ОЧЛ га чиқади.
Ahmet Şadyýew
25/04/2022 12:48
Nasafga omad yor bolsin
Umar As
25/04/2022 03:20
Qanaqa sudiya tayinlandi. Sudiya uyinni qanday olib boradi. Nasafni guruxidagilar qanday uynadi wularam muxim muxlislarga. Yutsa 1uyinga qancha ganar beradi wu movzuda yozinglar iloji busa