
Muxlislar borasida rekordchi "Navbahor"ning birinchi davradagi o‘yinlariga qancha tomoshabin tashrif buyurdi?
“Navbahor” klubi matbuot xizmati jamoaning 1-davrada qayd etgan statistik natijalari bilan tanishtirib bormoqda.
O‘zingizga ma’lum, “lochinlar” davralar oralig‘idagi tanaffusga turnir peshqadami sifatida chiqib ketishdi.
Albatta, bunday ijobiy natijaga erishish ortida klub rahbariyati, jamoa murabbiylar shtabi va futbolchilarning ulkan mehnatlari samarasi yotibdi.
Shuningdek, maydondagi futbolchilarga muxlislarning ruhan qo‘llab-quvvatlashlari va dalda berishlari ham ruhiy quvvat beradi hamda hujumkorlikni oshirish, g‘alabaga bo‘lgan ishtiyoqni orttirishda muhim omil bo‘lib, xizmat qiladi.
Namangan – futbolsevarlar viloyati ekanligi, “Navbahor” 1991 yili sobiq ittifoq birinchi ligasida o‘ynaganida muxlislar tashrifi bo‘yicha Moskvaning “Spartak” jamoasidan keyin 2-o‘rini egallaganligi ham bunga misol bo‘la oladi.
Namanganlik ishqibozlarning dovrug‘i Osiyo va MDH mamlakatlariga taralgan. Shu bois bo‘lsa kerak, boshqa klublar rahbarlari, murabbiylari va futbolchilari “Navbahor”ga havas bilan qarashadi.
Xo‘sh, o‘z muxlislari bilan dovrug‘ taratgan “lochinlar”ning Superliga 1-davradagi bahslariga qancha tomoshabin tashrif buyurdi?
“Navbahor”ning 1-davradagi o‘yinlarini jami 129.793 nafar muxlis bevosita stadionlarda tomosha qildi va bu borada “lochinlar” barcha Superliga jamoalarini ortda qoldirishdi.
“Navbahor”ning o‘z maydonidagi 7 ta uchrashuviga jami 104.761 nafar, safardagi 6 ta o‘yiniga esa jami 25.032 nafar tomoshabin tashrif buyurdi.
Birinchi davra bahslarida bitta o‘yinda eng ko‘p muxlis to‘plash bo‘yicha rekord ham namanganliklarga tegishli. Superliganing 7-turidan o‘rin olgan, joriy yilning 6 may kuni Namangandagi “Markaziy” stadionida bo‘lib o‘tgan “Navbahor” – “Bunyodkor” (2:1) uchrashuviga 26.231 nafar muxlis tashrif buyurdi.
Fikrlar