
Murakkab ahvoldagi “Navbahor”, o‘ziga kelayotgan “Nasaf” va ovga chiqqan Abramov! O‘zbekiston kubogi yarim finalida qaysi jamoalarni ko‘ramiz?
O‘zbekiston kubogining chorak finalida ishtirok etadigan sakkiz jamoa nomi ma’lum bo‘lganidan xabaringiz bor! Xo‘sh, bu juftliklar orasida qay biri yarim finalga qadar etib borishga qodir? Bugun jamoalarning imkoniyatlarini ko‘rib chiqamiz!
"Dinamo" - "Olimpik" 50/50
Vadim Abramov qo‘l ostidagi samarqandliklar nafaqat Pro liga, balki O‘zbekiston kubogida ham barchaning e’tiborini o‘ziga tortishda davom etmoqda. Nimchorak finalda Toshkentning "Paxtakor" jamoasini musobaqadan chiqarib yuborgach, "Olimpik" bilan o‘yin oldidan biror bir jamoani ustunroq deb ko‘rsatishning imkoni yo‘q. Timur Kapadze shogirdlari so‘nggi o‘yinlarda stabil ishtirok eta olmayapti. Boz ustiga, bahs Samarqandda bo‘lib o‘tadi. "Dinamo" arenasi muxlislar bilan liq to‘lishi turgan gap. Qo‘shimchasiga, Vadim Abramovning tajribasi, bitta o‘yin uchun tanlanadigan strategiyalar "Dinamo"ga qo‘shimcha imkoniyat taqdim etadi.
Bu faktlarni o‘qir ekansiz, "Olimpik"da "shans" yo‘q ekan, deb o‘ylab qolmang! Albatta, unday emas. Kapadze shogirdlari futbolchilarning klassi va o‘yin tempi borasida raqibdan sezilarli darajada ustunroq. Qo‘shimchasiga, jamoa tarkibidagi yoshlar 90 emas, 120 daqiqa jang taklif etishga qodir jismoniy tayyorgarlikka ega. Boz ustiga, o‘rtaga yarim final yo‘llanmasi tikilgan. "Dinamo"ning "Paxtakor"ga qarshi o‘yinidan farqli o‘laroq, "Olimpik" bahsni yuqori konsentratsiyada o‘tkazadi. Ikki tomon ham yakunda g‘alabani o‘z tomoniga og‘dirishi uchun etarlicha argumentlarga ega. Qay biri bu ustunliklarini tabloga ko‘chirsa, yakunda o‘sha jamoani kuchli 4 jamoa safida ko‘rishimiz mumkin. Imkoniyatlar 50/50!
"Turon" - "Nasaf" 40/60
Superliga doirasida bu jamoalar Yaypanda uchrashganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q. Yorqin Nazarov "bandasi" o‘sha bahsda 1:0 hisobida g‘alaba qozongani ko‘pchilikni hayron qoldirgan edi. Ko‘p o‘tmay, jamoalar endi kubok doirasida yana bir bor to‘qnash keladi. Bu safar "Nasaf" ancha ehtiyotkorroq bo‘lishi aniq. "Turon" esa o‘tgan safargi o‘yin "fonar" emasligini isbotlashga urinib ko‘radi. Ayni damdagi tarkib va imkoniyatlardan kelib chiqib, mehmonda to‘p tepayotgan "Nasaf" bahs favoriti bo‘lib qolaveradi. Ro‘ziqul Berdiev shogirdlari Superliga orqali OChLga to‘g‘rida-to‘g‘ri yo‘llanmani qo‘lga kiritish oson bo‘lmasligini sezib turibdi.
Kubokda o‘zini suvdagi baliqdek his etadigan "ajdarlar" uchun chorak final bosqichidagi g‘alaba kelasi mavsumdagi xalqaro maydonga ikki qadam qolganini anglatadi. "Turon"da esa taktik va ruhiy holat borasida muammolar mavjud. Klubning moliyaviy ahvoli va kelajagi esa mavhum. Nazarov qo‘l ostidagi yorqin debyut yoshlarning eyforiyadagi yorqin o‘yinlari bilan bog‘liqdek taassurot qoldirmoqda. Ayniqsa, "Surxon" bilan bahsdagi ko‘plab epizodlar bu fikrda jon borligiga ishora qildi. Yaypanda bizni ajoyib bahs kutib turibdi. Muxlislar zerikib qolmasligi aniq.
OKMK - "Xorazm" 75/25
Nimchorak finalda "Metallurg"ni engib, kichik sensatsiya yaratgan "Xorazm" yarim final bahsini o‘tkazish uchun Olmaliqda mehmon bo‘ladi. Mehmonlarning Pro ligadagi ishlari yurishib ketdi, deyish mushkul. 13 o‘yinda 3 g‘alaba, 4 durang va 5 mag‘lubiyat qayd etgan klub 8-pog‘onani band etib turibdi. "Xorazm" stabillik namoyish eta olmayotgani va himoya chizig‘idagi ko‘plab xatolar sababli deyarli g‘alaba qo‘lida bo‘lgan bir nechta o‘yinlarni boy berganiga guvoh bo‘ldik. OKMK bilan bahsda har bir xato qimmatga tushishi aniq. Mirjalol Qosimov jamoasi o‘zidan klass borasida kuchsiz jamoalar bilan o‘yinlarda o‘zini juda yaxshi his etishini kubokdagi bir nechta o‘yinda ko‘rdik.
Boz ustiga,"Metallurg" bilan o‘yindan farqli o‘laroq, bahs Xorazmda o‘tkazilmaydi. Bu juftlikda yaqqol favorit va yaqqol autsayder mavjud. Imkoniyatlar 75/25, "konchilar" foydasiga.
"Navbahor" - "Surxon" 50/50
Ayni damda, ikki xil holatdagi va ikki xil yo‘nalishni tanlagan jamoalar to‘qnashuvi. Yoshlarga e’tibor qaratgan, agressiv futbol tarafidagi klub minimallikka suyangan tajribali futbolchilarga qarshi! Katta tajribaga ega, biroq uslublari biroz eskirganlikda ayblanayotgan Babayan o‘zining tamomila aksi bo‘lgan Tokov/Arslonov tandemi bilan to‘qnash keladi. Bahs, Namanganda o‘tishi jamoaga qo‘shimcha imkoniyat taqdim etadigandek ko‘rinishi mumkin, ammo... imkoniyatlar 50/50. “Surxon” mavsumning ikkinchi qismiga kelib ancha jismoniy va taktik holatini yaxshilab olganini kubok doirasida “Bunyodkor”ga qarshi bahsda ko‘rsatib qo‘ydi. “Uchartulporlar”da “ajdarlar”dan farqli ravishda ortiqcha bosim yo‘q. Jamoa Superligada ritmni ushab olgach, Kubokda imkon qadar yaxshiroq natija ko‘rsatishga urinishi tabiiy. “Navbahor”da esa, barchasi ancha murakkab. Samvel Babayan shogirdlari nafaqat kubokda, balki chempionat va OChLda muvaffaqiyatli ishtirok etish vazifasini bajarishga intiladi.
Qo‘shimchasiga, yaxshigina bosim ham mavjud. Barchasi 90 daqiqa ichida hal bo‘ladigan o‘yinlarda klass yoki taktik ko‘rsatmalardan ko‘ra, jismoniy va ruhiy holatning yaxshiroq bo‘lishi ko‘proq effekt berishi mumkin. Shu sababli, “Surxon”ning yarim finalga yo‘l olish imkoniyatlari “Navbahor”nikidan kam emas.
Ya.U
Fikrlar